Logo

Bog‘cha bolalarining ommaviy zaharlanishi bo‘yicha 11 kishiga hukm chiqarildi

Bugun 15:202 daqiqa

2025-yilning oxirlarida Toshkent viloyatining Bekobod, Bo‘ka, Oqqo‘rg‘on, Piskent va Quyi Chirchiq tumanlaridagi maktabgacha ta’lim muassasalarida bolalarning zaharlanish holatlari kuzatilgan edi. Ushbu jinoyat yuzasidan aybdorlarga sud hukmi o‘qildi.

Bog‘cha bolalarining ommaviy zaharlanishi bo‘yicha 11 kishiga hukm chiqarildi

Toshkent viloyati Bo‘ka tuman sudida 2025-yil sentabr oyida Bekobod, Bo‘ka, Oqqo‘rg‘on, Piskent va Quyi Chirchiq tumanlarida sodir bo‘lgan maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyalanuvchilarining zaharlanish holatlariga oid jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha ochiq sud jarayoni yakunlandi. Bu haqda Oliy sud Jamoatchilik bilan aloqalar markazi rahbari Aziz Abidov xabar berdi.

Unga ko‘ra, 11 nafar sudlanuvchini Jinoyat kodeksining 257-1-moddasi (sanitariyaga oid qonunchilikni yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topdi.

Hukmga ko‘ra «Shark Milk Product» MCHJning 1985-yilda Toshkent viloyatida tug‘ilgan direktori R. O., 1987-yilda Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan bosh texnologi A. S. va  1982-yilda Toshkent viloyatida tug‘ilgan texnologi R. X. ga 3,5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi, 1985-yilda Toshkent viloyatida tug‘ilgan, ta’sischi va sotuv bo‘limi menejeri S. S. , 1990-yilda Toshkent viloyatida tug‘ilgan ta’sischi va direktori o‘rinbosari F. O., 1991-yilda Toshkent viloyatida tug‘ilgan texnolog yordamchisi M. N. ga 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Bundan tashqari 1993-yilda Buxoro viloyatida tug‘ilgan, «Governess Business» MCHJ direktori J. X., 2000-yilda Sirdaryo viloyatida tug‘ilgan, «Innavation Outsourcing Servise» MCHJ direktori I. S., 1992-yilda Sirdaryo viloyatida tug‘ilgan, «Nishon Invest» MCHJ direktori B. R., 1993-yilda Toshkent viloyatida tug‘ilgan, «Kinder Garden Group» MCHJ direktori F. D., 1997-yilda Toshkent viloyatida tug‘ilgan, «Shark Milk Product» MCHJ laboranti D. Q. ga 3 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

Sud hukmi bilan sudlanuvchilarga Jinoyat kodeksining 45-moddasiga asosan muayyan huquqdan mahrum qilish belgilandi.

Eslatib o‘tamiz, 2025-yilning 24-sentabr kuni Piskent va Bo‘ka tumanlaridagi bir necha maktabgacha ta’lim muassasalarida tarbiyalanuvchilar sog‘lig‘ida o‘zgarish kuzatilib, ular yuqumli kasalliklar bo‘limiga olib borilgani haqida xabar bergan edik. 109 nafar bola tana harorati, ko‘ngil aynishi va ich ketishi kabi alomatlar bilan tibbiyot muassasalariga murojaat qilgan. O‘rganishlar natijasida bog‘cha bolalari zaharlangani aniqlangan barcha tuman MMTBlari «Shark Milk Product»dan 3,2 foizli qadoqlangan kefirni tender yoki tanlovlarsiz, to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar orqali xarid qilib kelgani aniqlangan.

Teglar

Mavzuga oid

Bog‘cha bolalarining ommaviy zaharlanishi bo‘yicha 11 kishiga hukm chiqarildi | Vaqt.uz