Logo

Boysun–Denov yo‘lining birinchi bosqichi foydalanishga topshirildi

Bugun 13:281 daqiqa

Surxondaryoda Boysun–Denov yo‘lini rekonstruksiya qilishning birinchi bosqichi yakunlandi. Yo‘lni rekonstruksiya qilish bo‘yicha Shavkat Mirziyoyev 2023-yilda topshiriq bergandi. O‘shanda prezident yo‘lning holatini shaxsan ko‘rish uchun avtomobilni o‘zi boshqargan.

Boysun–Denov yo‘lining birinchi bosqichi foydalanishga topshirildi © Surxondaryo viloyati hokimligi

Surxondaryo viloyatida umumiy uzunligi 111 kilometr bo‘lgan Darband–Boysun–Elbayon avtomobil yo‘lini qurish va rekonstruksiya qilish loyihasining birinchi bosqichi yakunlandi. 30-avgust kuni 5–32,5 kilometr oralig‘idagi 27,5 kilometrlik yo‘l qismi foydalanishga topshirildi. Bu haqda viloyat hokimligi axborot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, yo‘lning 7,1-kilometrida joylashgan yo‘l o‘tkazgichda loyihaning birinchi bosqichi yakunlangani munosabati bilan tantanali tadbir o‘tkazildi. Unda Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov, nuroniylar, faollar, mutasaddilar, pudratchilar va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Tantanali tadbir o‘tkazilgan yo‘l o‘tkazgichning uzunligi 60 metr, eni 15,7 metr, yer sathidan balandligi esa 9 metrni tashkil etadi. Obyekt yo‘lning muhim infratuzilma qismlaridan biri hisoblanadi.

Shuningdek, loyiha doirasida 7 ta ko‘prik va tungi yoritish tizimi bilan jihozlangan 8 kilometrlik piyodalar yo‘lagi ham qurilgan.

Ma’lumot uchun, loyihani Ozarboyjonning «Lankaran Yol Tikinti» kompaniyasi xalqaro pudratchi sifatida amalga oshirmoqda. Moliyalashtirishda Osiyo taraqqiyot banki mablag‘lari ishtirok etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Boysun–Denov yo‘lini rekonstruksiya qilish masalasi 2023-yil mart oyida prezident Shavkat Mirziyoyevning Surxondaryoga tashrifi davomida ko‘tarilgan. Davlat rahbari o‘sha paytda yo‘lning achinarli holatini shaxsan ko‘rish uchun avtomobilni o‘zi boshqargan.

Teglar

Mavzuga oid

Boysun–Denov yo‘lining birinchi bosqichi foydalanishga topshirildi | Vaqt.uz