Logo

BRICS banki O‘zbekistonga ilk bor 300 mln dollar kredit ajratdi

Bugun 13:383 daqiqa

Kredit mablag‘lari O‘zbekistonda shamol, gidro va atom energetikasini rivojlantirish dasturlarini moliyalashtirishga sarflanadi. O‘zbekiston bankning eng yangi a’zosi, shuningdek, Markaziy Osiyodan unga qo‘shilgan birinchi davlat hisoblanadi.

BRICS banki O‘zbekistonga ilk bor 300 mln dollar kredit ajratdi © NDB

BRICS davlatlari tomonidan tashkil etilgan Yangi taraqqiyot banki (YATB) O‘zbekiston hukumatiga ilk bor kredit ajratadi. Buning uchun 300 million dollarlik kredit shartnomasi imzolangan. Mablag‘ Markaziy Osiyo mamlakatida kam uglerodli energetika sektorini rivojlantirish loyihasining dastlabki bosqichiga yo‘naltiriladi. Bu haqda xalqaro moliya tashkiloti rasmiy saytida ma’lum qilindi.

Bank ma’lumotiga ko‘ra, kredit mablag‘lari O‘zbekistonda shamol, gidro va atom energetikasini rivojlantirish dasturlarini moliyalashtirishga sarflanadi. Loyiha mamlakatda kam uglerodli energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirishga xizmat qiladi. Bu orqali ichki ehtiyojni elektr energiyasi bilan ta’minlash va tabiiy gazga qaramlikni kamaytirish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, rejalashtirilgan chora-tadbirlar atmosferaga chiqariladigan issiqxona gazlari miqdorini qisqartirishga yordam beradi.

Loyiha O‘zbekistonning 2030-yilgacha mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasiga ham mos keladi. Uni amalga oshirish natijasida aholi va sanoat korxonalariga elektr energiyasi yetkazib berish hajmini oshirish hamda mamlakatning barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash kutilmoqda.

«Ushbu kredit Yangi taraqqiyot bankining O‘zbekiston bilan hamkorligida muhim qadam bo‘ldi. O‘zbekiston bankning eng yangi a’zosi, shuningdek, Markaziy Osiyodan unga qo‘shilgan birinchi davlat hisoblanadi», — dedi Yangi taraqqiyot banki vitse-prezidenti va bosh operatsion direktori Roman Serov.

Uning qo‘shimcha qilishicha, bank O‘zbekistonda infratuzilmani rivojlantirishga qaratilgan loyihalar portfelini kengaytirmoqda. Bunda yangi moliyaviy vositalardan foydalanish rejalashtirilgan.

Ma’lumot uchun, Yangi taraqqiyot banki 2015-yilda BRICS’ning dastlabki a’zolari — Rossiya, Braziliya, Hindiston, Xitoy va Janubiy Afrika Respublikasi tomonidan tashkil etilgan. Bankning asosiy maqsadi rivojlanayotgan mamlakatlardagi loyihalarni moliyalashtirish uchun mablag‘ jalb qilishdan iborat. 2021-yilda bank o‘zini tashkil etgan davlatlardan tashqari boshqa mamlakatlarni ham a’zolikka qabul qila boshladi. Shundan buyon a’zo davlatlar soni ortib bormoqda.

Hozirda bank tarkibida 10 ta mamlakat bor. Ta’sischi davlatlardan tashqari Bangladesh, Birlashgan Arab Amirliklari, Misr, Jazoir va O‘zbekiston ham unga a’zo. O‘zbekiston Yangi taraqqiyot bankiga 2026-yil iyun oyida qo‘shilgan.

BRICS — 2009-yilda tashkil etilgan davlatlar birlashmasi. Hozirda uning tarkibiga Braziliya, Rossiya, Hindiston, Xitoy, Janubiy Afrika Respublikasi, BAA, Eron, Misr, Efiopiya va Indoneziya kiradi. Qozog‘iston va O‘zbekiston kabi bir nechta davlat esa BRICS hamkorlari maqomiga ega.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jahon banki Samarqandda tibbiyotni rivojlantirish uchun 100 million dollar ajratgandi. Osiyo taraqqiyot banki O‘zbekistonda turli sohalarni rivojlantirish uchun bir qator kreditlar ajratishi haqida xabar berilgandi. Jumladan, bank yarimo‘tkazgich sanoatini rivojlantirish uchun 50 ming dollar, elektr taqsimlash tizimini modernizatsiya qilish uchun esa 200 mln dollar kredit ajratadi. Elektr tarmoqlarini yangilash dasturiga Jahon banki ham 100 mln dollar yo‘naltirishni rejalashtirgan.

Shuningdek, OTB O‘zbekistonda chorvachilikni rivojlantirish uchun 60 mln dollar imtiyozli kredit ajratadi. Loyiha besh hududdagi qariyb 29 mingta fermer xo‘jaligini qamrab oladi. Unga qo‘shimcha ravishda 8 mln dollar grant ham jalb qilinadi.

Teglar

Mavzuga oid