Logo

OTB O‘zbekistonga chorvachilik uchun 60 mln dollar qarz bermoqchi

Bugun 13:352 daqiqa

Ushbu kreditga qo‘shimcha ravishda loyihaga yana ikki manbadan grant mablag‘lari jalb qilinadi. Ularning umumiy summasi 8 mln dollar. Bank bu pullarga aynan nimalar qilinishini ham aytdi.

OTB O‘zbekistonga chorvachilik uchun 60 mln dollar qarz bermoqchi © vaqt.uz

Osiyo taraqqiyot banki (OTB) O‘zbekistonda chorvachilik samaradorligini oshirish va uning iqlim o‘zgarishi ta’siriga chidamliligini kuchaytirish uchun 60 mln dollarlik imtiyozli kredit ajratishni ma’qulladi. Loyiha mamlakatning beshta hududidagi qariyb 29 mingta kichik fermer xo‘jaligini qamrab oladi. Bu haqda bankning o‘zi xabar berdi.

«Barqaror chorvachilikni rivojlantirish» loyihasi Buxoro, Qashqadaryo, Navoiy va Samarqand viloyatlari, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasida amalga oshiriladi.

Loyihadan ko‘zlangan asosiy maqsad — fermerlarning chorva uchun ozuqaga bo‘lgan ehtiyojini qondirish, veterinariya xizmatlarini yaxshilash va yaylovlardan samarali foydalanishni yo‘lga qo‘yish.

Loyiha doirasida qurg‘oqchilik, haddan tashqari issiq va suv tanqisligi kabi muammolarga moslashish choralari ham ko‘riladi. Jumladan, yaylovlardan foydalanish tartibi yaxshilanadi, qurg‘oqchilik va sho‘rlanishga chidamli yem-xashak ekinlari yetishtirish kengaytiriladi, chorva mollari uchun suv ichish joylari tiklanadi hamda ozuqa ta’minoti yaxshilanadi.

Shuningdek, veterinariya va fermerlarga maslahat berish xizmatlari zamonaviy raqamli texnologiyalar yordamida kengaytiriladi.

Buning uchun sun’iy intellekt yordamida yaylovlar holatini kuzatish, fermerlarga tavsiyalar beradigan va xavflar haqida oldindan ogohlantiradigan mobil ilova yaratish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, mahallalarda veterinariya xizmatlari ham takomillashtiriladi.

Chorvachilik bilan shug‘ullanadigan ayollarni qo‘llab-quvvatlashga ham alohida e’tibor qaratiladi. Ular uchun maxsus o‘quv kurslari tashkil etiladi, yem-xashak yetishtirishda yordam beriladi. Shuningdek, ayollarning tadbirkorlik faoliyatida qatnashishi va qarorlar qabul qilishdagi ishtirokini kengaytirish ko‘zda tutilgan.

OTB ajratadigan 60 mln dollarlik kreditga qo‘shimcha ravishda loyiha uchun yana ikki manbadan grant mablag‘lari jalb qilinadi.

Jumladan, Yashil iqlim jamg‘armasi (GCF)ning «Muzliklardan fermer xo‘jaliklarigacha» dasturi doirasida 5 mln dollar, Yaponiya hukumati moliyalashtiradigan OTBning Osiyo va Tinch okeani mintaqasidagi farovonlik va barqarorlik jamg‘armasidan (JFPR) esa 3 mln dollar grant ajratiladi.

OTBning O‘zbekistondagi doimiy vakolatxonasi rahbari Kanokpan Lao-Arayaning ta’kidlashicha, chorvachilik mamlakat qishloq aholisi uchun daromad va oziq-ovqatning muhim manbalaridan biri hisoblanadi. Biroq bu soha qurg‘oqchilik, haddan tashqari issiq va suv tanqisligi kabi muammolarga duch kelmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Osiyo taraqqiyot banki O‘zbekistonda yarimo‘tkazgich sanoatini rivojlantirish uchun 50 ming dollar, elektr tarmoqlarini yaxshilash uchun 200 mln dollar qarz berishga qaror qilgandi. Jahon banki esa elektr taqsimlash tizimlarini modernizatsiya qilish uchun 100 mln dollar qarz berishini ma’lum qilgandi.

Teglar

Mavzuga oid