Daromad oshsa, xarakter ham o‘zgaradimi? Olimlar 134 mingdan ortiq kishini o‘rgandi
11 ta uzoq muddatli tadqiqot tahlili shuni ko‘rsatdiki, daromad va shaxs xususiyatlari o‘rtasida ikki tomonlama bog‘liqlik bor.
© Foto: Stat.uzDaromadning oshishi insonning nafaqat moliyaviy imkoniyatini kengaytiradi, balki uning ayrim shaxsiy xususiyatlariga ham ta’sir o‘tkazishi mumkin. Xalqaro tadqiqotchilar 134,5 mingdan ortiq ishchi-xodimning ma’lumotlarini tahlil qilib, daromadning o‘zgarishi va inson xarakteri o‘rtasidagi bog‘liqlikni o‘rganib chiqdi. Natijalar bu munosabatning bir tomonlama emasligini ko‘rsatdi: ya’ni daromadning o‘zgarishi inson xarakteriga ta’sir qilsa, o‘z navbatida, xarakterdagi o‘zgarishlar ham kelajakdagi daromadga bevosita aloqador bo‘lishi mumkin.
Mazkur tadqiqot «Psychological Bulletin» ilmiy jurnalida chop etilgan. Uning mualliflari qatoridan Xitoyning Gonkong universiteti, shuningdek, AQSH, Xitoy, Avstraliya va Germaniya oliy ta’lim muassasalari olimlari joy olgan.
11 ta tadqiqot va 134,5 mingdan ortiq ishtirokchi
Ven-Dong Li, Kaili Yu va boshqa olimlar hammuallifligidagi ushbu tadqiqotda 11 ta yirik va uzoq muddatli ma’lumotlar bazasi birlashtirildi. Umumiy tahlilda taxminan 134 515 nafar xodim qamrab olindi. Ushbu ma’lumotlar AQSH, Germaniya, Niderlandiya, Norvegiya va Avstraliyada o‘tkazilgan izlanishlardan olingan.
Tadqiqotlarning davomiyligi 4 yildan 20 yilgacha bo‘lgan davrni o‘z ichiga oladi. Ishtirokchilarning daromadi va shaxsiy xususiyatlari turli davrlarda qayta-qayta o‘lchab borilgan. Bu olimlarga shunchaki boy va kambag‘al odamlar o‘rtasidagi farqni emas, balki aynan bir insonning daromadi oshganidan yoki tushganidan keyin uning xarakterida qanday o‘zgarishlar kuzatilganini tahlil qilish imkonini berdi.
Olimlar izlanishni vaqt o‘tishi bilan yuz beradigan o‘zaro ta’sirlarni hisobga oluvchi tahlil usulida olib bordi. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad — daromad va xarakter o‘rtasidagi bog‘liqlik qaysi yo‘nalishda namoyon bo‘lishini hamda bu jarayon vaqt o‘tishi bilan qanday o‘zgarishini aniqlash edi.
Odamning qaysi xususiyatlari o‘zgarishi mumkin?
Tadqiqotda psixologiyada keng qo‘llanadigan «Katta beshlik» («Big Five») modeli asos qilib olindi. Mazkur model inson shaxsini beshta asosiy xususiyat orqali tavsiflaydi: mas’uliyatlilik, hissiy barqarorlik, ekstraversiya (kirishimlilik), kelishuvchanlik va yangiliklarga ochiqlik.
Unga ko‘ra, mas’uliyatlilik — insonning tartibli, intizomli va o‘z vazifalariga mas’uliyat bilan yondashishini anglatadi. Hissiy barqarorlik esa stress holatlarida o‘zini boshqara olish va xotirjamlikni saqlash bilan bog‘liq. Ekstraversiya — odamlar bilan muloqot qilish va ijtimoiy faollikka intilishni, kelishuvchanlik esa boshqalar bilan hamkorlik va murosa qila olishni ifodalaydi. Yangiliklarga ochiqlik bu — yangi tajriba va g‘oyalarga bo‘lgan qiziqishdir.
Tadqiqotchilar daromadning ushbu xususiyatlarning har biri bilan aloqasini alohida tekshirdi. Natijada beshta xususiyatning to‘rttasida daromad o‘zgarishi bilan bog‘liq statistik ahamiyatga ega siljishlar aniqlandi. Biroq bu o‘zgarishlarning yo‘nalishi va ta’sir kuchi turlicha bo‘lgan.
Daromad oshganda qanday o‘zgarishlar kuzatilgan?
Tahlillarga ko‘ra, inson daromadining oshishi keyinchalik uning mas’uliyatlilik va hissiy barqarorlik darajasining biroz o‘sishiga olib kelgan. Boshqacha aytganda, daromadi odatiy darajadan ko‘tarilgan ishtirokchilar keyingi kuzatuvlarda o‘z vazifalariga ko‘proq mas’uliyat bilan yondasha boshlagan va ularda hissiy barqarorlik kuchliroq namoyon bo‘lgan.
Shu bilan birga, daromadning ortishi ortidan ekstraversiya va kelishuvchanlik ko‘rsatkichlarida biroz pasayish ham kuzatilgan. Yangiliklarga ochiqlik xususiyati esa daromad bilan hech qanday statistik bog‘liqlik ko‘rsatmagan.
Bog‘liqlik teskari yo‘nalishda ham aniqlangan
Tadqiqotning yana bir e’tiborga molik jihati shundaki, olimlar faqatgina daromadning xarakterni qanday o‘zgartirishini o‘rganmadi. Aksincha, xarakterdagi o‘zgarishlar daromadga qanday ta’sir qilishini ham tahlil qilishdi.
Natijalarga ko‘ra, mas’uliyatli va hissiyotini boshqara oladigan insonlarning daromadi keyinchalik sezilarli darajada oshgan. Ammo ekstraversiya ko‘rsatkichining ortishi ayrim hollarda kelajakdagi daromadning biroz pasayishiga olib kelishi mumkinligi ma’lum bo‘ldi. Kelishuvchanlik va yangiliklarga intiluvchanlik xususiyatlaridagi o‘zgarishlar esa kelajakdagi daromad miqdoriga unchalik ta’sir qilmagan.
Ta’sir kuchi qanchalik katta?
«PsyPost» nashrining yozishicha, daromad va mas’uliyatlilik o‘rtasidagi eng kuchli bog‘liqlik ko‘rsatkichi o‘zining eng yuqori cho‘qqisida taxminan 0,06 ga teng bo‘lgan. Hissiy barqarorlik bilan bog‘liq ko‘rsatkichlar bundan ham past, kelishuvchanlik va ekstraversiyaga oid aloqalar esa bor-yo‘g‘i 0,01 darajasida qayd etilgan.
Bu raqamlar daromadning oshishi inson xarakterini tubdan o‘zgartirib yuboradi, degan xulosaga asos bo‘lmagan.
Qolaversa, bu ta’sirlar vaqt o‘tishi bilan o‘zgarib turgan. Tadqiqotchilar qo‘llagan modelga ko‘ra, ayrim bog‘liqliklar 1,2–1,4 yil ichida eng yuqori nuqtaga chiqib, keyinroq yana susaygan.
Avvalgi tadqiqotlar nimani ko‘rsatgan?
Xarakter va daromad o‘rtasidagi bog‘liqlik bungacha ham bir necha bor o‘rganilgan. Masalan, 2024 yilda «Bulletin of Economic Research» jurnalida chop etilgan tadqiqotda aynan «Big Five» modelidagi xususiyatlar va daromad o‘rtasidagi aloqalar tahlil qilingan edi.
O‘sha tahlilga ko‘ra, mas’uliyatlilik va yangiliklarga ochiqlik xislatlari daromad o‘sishiga ijobiy ta’sir qilgan bo‘lsa, ekstraversiyaning ta’siri biroz kuchsizroq bo‘lgan. Kelishuvchanlik va nevrotizm (asabiylik) hamda daromad o‘rtasida esa teskari bog‘liqlik aniqlangan. Umuman olganda, muallif inson xususiyatlarining daromadga ta’siri unchalik katta emasligini, natijalar esa ko‘proq statistik modellarga va boshqa tashqi omillarga bog‘liqligini qayd etgan.
Tadqiqot nimani isbotladi?
Olimlar aniqlagan ushbu bog‘liqliklar daromadning o‘zi inson xarakterini bevosita o‘zgartirib yuborishini to‘liq isbotlay olmaydi. Tadqiqot real tajriba shaklida emas, balki kuzatuv ma’lumotlari asosida o‘tkazilgan.
Tadqiqot daromad va xarakter o‘rtasidagi munosabat faqat bir tomonlama emasligini tasdiqlagan. Daromad o‘zgarganidan keyin insondagi mas’uliyat hissi va hissiy barqarorlik, shuningdek, kirishimlilik va kelishuvchanlik bo‘yicha biroz o‘zgarishlar kuzatilgan. Ayni paytda xarakterdagi ayrim o‘zgarishlar kelajakdagi daromadga ham o‘z ta’sirini o‘tkazgan.