Logo

Davlat binolari Germaniya tajribasi asosida boshqariladimi?

O‘zbekiston davlat ko‘chmas mulkini samarali boshqarish uchun Germaniya tajribasini o‘rganmoqda. Bu boradagi hamkorlik uch bosqichda yo‘lga qo‘yiladi.

Davlat binolari Germaniya tajribasi asosida boshqariladimi?

O‘zbekiston davlat ko‘chmas mulkini boshqarish tizimida Germaniya tajribasini qo‘llash imkoniyatlarini o‘rganmoqda. Shu maqsadda 27-avgust kuni Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Germaniya Federal ko‘chmas mulk instituti — «BImA», Germaniya Federal moliya vazirligi, «GIZ» va «Indecon Consulting» vakillari ishtirokida onlayn seminar o‘tkazildi.

Seminarda Germaniyada davlat ko‘chmas mulkini markazlashgan tarzda boshqarish, obyektlarni baholash, ijaraga berish va sotish mexanizmlari muhokama qilindi. Shuningdek, davlat mulkining raqamli reyestrlarini yuritish, obyektlarga texnik xizmat ko‘rsatish hamda foydalanilmayotgan binolarni iqtisodiy muomalaga jalb qilish tajribasi o‘rganildi.

Germaniya tajribasi O‘zbekistonga nima beradi?

Tadbirda so‘zga chiqqan Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori Sohibjon Murodov «BImA»ning davlat ko‘chmas mulkini markazlashgan va samarali boshqarish bo‘yicha tajribasi O‘zbekiston uchun muhimligini ta’kidladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Germaniyaning mulkni baholash, ijaraga berish va realizatsiya qilish sohasidagi tajribasini o‘rganish davlat aktivlarini boshqarishda zamonaviy, raqamli va shaffof tizimni shakllantirishga xizmat qilishi mumkin.

alisher miraliev

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktor o‘rinbosari Alisher Miraliyevning aytishicha, bu seminar Germaniya Federal moliya vazirligi bilan ko‘p yillik hamkorlikning davomi hisoblanadi.

«Bugungi seminarning asosiy maqsadi Germaniyadagi ko‘chmas mulk agentligi — «BImA» bilan hamkorlikni yanada takomillashtirish va jadallashtirishdan iborat. Xususan, federal ko‘chmas mulkni samarali boshqarish va unga xususiy investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha ularning bevosita tajribasini o‘rganmoqdamiz», — dedi u.

Miraliyev O‘zbekistonda ham davlat ko‘chmas mulkidan samarali foydalanish uchun so‘nggi yillarda obyektlarni tadbirkorlarga onlayn auksion orqali ijaraga berish tizimi keng qo‘llanayotganini qayd etdi.

Xususiy sektor ulushi 85 foizga yetkaziladi

Agentlik direktor o‘rinbosariga ko‘ra, davlat aktivlarini samarali boshqarish iqtisodiyotda xususiy sektor ulushini oshirish bo‘yicha belgilangan vazifalar bilan ham bevosita bog‘liq.

2030-yilgacha iqtisodiyotda xususiy va nodavlat sektor ulushini 85 foizga yetkazish, davlat ishtirokidagi korxonalar sonini esa olti barobarga qisqartirish vazifasi belgilangan.

«Germaniyalik ekspertlar O‘zbekistonda bu borada amalga oshirilayotgan islohotlarni e’tirof etdi. Ular belgilangan vazifalarni amalga oshirish va zarur hollarda yangi qonunchilik hujjatlarini ishlab chiqishda ko‘maklashishga tayyorligini bildirdi», — dedi Alisher Miraliyev.

Hamkorlik uch bosqichda davom etadi

Rejaga ko‘ra, birinchi bosqichda agentlik mutaxassislari uchun onlayn o‘quv seminarlari tashkil etiladi. Ikkinchi bosqichda Germaniya ekspertlari O‘zbekistonga kelib, hamkorlikning keyingi yo‘nalishlarini belgilaydi.

Uchinchi bosqichda esa O‘zbekiston delegatsiyasi Germaniyaga amaliy tashrif buyurib, «BImA»ning davlat ko‘chmas mulkini boshqarish tizimini bevosita o‘rganadi.

Murodovning ta’kidlashicha, O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasida davlat aktivlarini boshqarish sohasidagi hamkorlik ancha yillik tarixga ega. Xususan, Germaniya tomoni ko‘magida davlat mulkini boshqarish, korporativ boshqaruv va qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha qator loyihalar amalga oshirilgan.

Teglar

Mavzuga oid