Logo

Dehqon bozorlari xususiylashtiriladimi? Jamoatchilik savollariga javob berildi

Kecha 20:182 daqiqa

Davaktiv ma’lumotiga ko‘ra, xususiylashtirish har bir obyektning o‘ziga xos jihatlarini hisobga olgan holda bosqichma-bosqich va manzilli o‘tkaziladi.

Dehqon bozorlari
xususiylashtiriladimi? Jamoatchilik savollariga javob berildi © Vaqt.uz | Javhar Chorshanbiyeva

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi dehqon bozorlarini boshqarishga xususiy sektorni jalb qilish va modernizatsiyalash jarayonlari yuzasidan ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan turli taxmin hamda savollarga izoh berdi. Agentlikka ko‘ra, asosiy maqsad bozorlarni yopish emas, balki ularning infratuzilmasini yangilash va xizmat ko‘rsatish sifatini oshirishdir.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi ma’lumotiga ko‘ra, bozorlarni boshqarishda davlat ishtirokini qisqartirish ularning an’anaviy faoliyat yo‘nalishini o‘zgartirishni anglatmaydi.

«Gap ularni yopish yoki o‘rnida savdoga aloqasi bo‘lmagan obyektlar qurish haqida bormayapti. Aholi uchun odatiy bo‘lgan savdo maydonlari o‘z o‘rnini saqlab qoladi», — deyiladi xabarda.

Islohotlarning bosh tamoyili sifatida xaridorlar, tadbirkorlar va fermerlar uchun qulay va xavfsiz muhit yaratish, sanitariya-gigiyena sharoitlarini yaxshilash belgilangan.

Bunda «Ekobozor» va «Food City» kabi zamonaviy savdo majmualari tajribasi namuna sifatida ko‘rib chiqilmoqda. Ushbu yondashuv an’anaviy savdo-sotiqni zamonaviy standartlar bilan uyg‘unlashtirishni nazarda tutadi.

Bozorlarni xususiylashtirish jarayoni ommaviy sotish shaklida emas, balki har bir obyektning ijtimoiy ahamiyati va iqtisodiy salohiyatini inobatga olgan holda manzilli va bosqichma-bosqich amalga oshirilishi ta’kidlandi.

Agentlik qarorlar qabul qilinishidan oldin bozorlarning holati, qonunchilik talablari va ta’sis hujjatlari har tomonlama o‘rganilishini ma’lum qildi.

Bundan tashqari, har bir obyektni realizatsiya qilishdan avval mahalliy aholi, tadbirkorlar va bozorning boshqa ishtirokchilarining fikr-mulohazalarini o‘rganish majburiy shart etib belgilangan.

Modernizatsiya jarayoni fuqarolarga qo‘shimcha noqulayliklar tug‘dirmasligi va sotuvchilarning o‘z mahsulotlarini sotish imkoniyatlarini asossiz cheklamasligi alohida qayd etilgan.

Agentlik xulosasiga ko‘ra, xususiylashtirish investitsiyalarni jalb qilish, boshqaruv samaradorligini oshirish va savdo infratuzilmasini kompleks yangilash vositasi sifatida ko‘rilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid