Dunyodagi har bir odamga 44 ming dollardan to‘g‘ri kelmoqda. Bu nima degani?
Davlat qarzining qimmatlashishi oxir-oqibat oddiy fuqarolarning cho‘ntagiga ta’sir qiladi. Hukumatlar qarz foizlarini to‘lash uchun ko‘proq mablag‘ ajratar ekan, aholi soliqlar oshishi yoki ijtimoiy xizmatlar qisqarishi xavfiga duch keladi. Hozir rivojlangan mamlakatlar qarz foizlariga bir yilda 3,3 trillion dollardan ortiq sarflamoqda.

So‘nggi haftalarda Yevropada yuz minglab odamlar yashash xarajatlarining ortishi, past maoshlar, uy-joyning qimmatlashib ketgani va maktablarning yetarlicha moliyalashtirilmayotganidan norozi bo‘lib ko‘chalarga chiqdi. Fransiya, Belgiya, Italiya va Portugaliyada aksariyat namoyishlar tinch o‘tgan bo‘lsa-da, ayrimlari to‘qnashuvlar, talon-toroj va yong‘inlarga aylanib ketdi.
Namoyishlar hukumatlar nazorat qilishga qiynalayotgan moliyaviy tanglikni kun tartibiga olib chiqdi. Yillar davomida olingan yirik qarzlar Yevropaning ko‘plab mamlakatlarini qarz botqog‘iga botirdi va bu qarzlarni uzish kun sayin qimmatlashmoqda. Fransiyaning qarz olish xarajatlari 2002 yildan buyon eng yuqori darajaga yetdi. Hukumatlar foizlarni to‘lash uchun qancha ko‘p pul sarflasa, namoyishchilar talab qilayotgan maktablar, shifoxonalar va pensiyalar uchun shuncha kam mablag‘ qoladi.
Hukumatlar qanday qarz oladi?
Hukumatlar ham xuddi oddiy odamlar kabi qarz oladi, lekin ular bankka borish o‘rniga o‘z obligatsiyalarini sotuvga chiqaradi. Buning evaziga hukumat xaridorlarga foiz to‘laydi va belgilangan sanada pulni to‘liq qaytarishni o‘z zimmasiga oladi. Masalan, 10 yillik obligatsiya — bu hukumat o‘n yildan keyin qaytaradigan qarzdir. Uning to‘lovi — moliya bozorlarining mamlakat o‘z qarzlarini boshqara olishiga qanchalik ishonishini ko‘rsatuvchi eng muhim o‘lchov hisoblanadi.
Bu tizim quyidagicha ishlaydi:
1. Hukumat qarz oladi – Sarmoyador 10 yillik obligatsiya uchun 100 yevro to‘laydi.
2. Hukumat foiz to‘laydi – 10 yil davomida har yili sarmoyador qat’iy belgilangan miqdorda to‘lov olib turadi. Masalan, 2,5 foizlik stavkada bu yiliga 2,50 yevro, o‘n yilda jami esa 25 yevro degani. 5 foizlik stavkada esa yiliga 5 yevro va jami 50 yevro bo‘ladi.
3. Hukumat qarzni qaytaradi – 10 yildan so‘ng sarmoyador o‘zining dastlabki 100 yevrosini to‘liq qaytarib oladi.
Qarz olish qimmatlashsa nima bo‘ladi?
«Al Jazeera» nashrining ta’kidlashicha, obligatsiyalar narxi tushib ketsa, ularning daromadliligi ortadi, bu esa o‘z navbatida qarz olishni qimmatlashtiradi. Xuddi ipoteka krediti bo‘yicha yuqori foiz stavkasiga duch kelgan oila kabi, hukumat ham foizlarni to‘lash uchun ko‘proq mablag‘ sarflashga majbur bo‘ladi. Natijada maktablar, shifoxonalar hamda yo‘llar kabi eng zarur ehtiyojlarga kamroq pul qoladi.
Yevropaning yirik iqtisodiyotlari uchun 10 yillik qarz olish xarajatlari yevro muomalaga kiritilgan davrdan, aniqrog‘i, 2000 yillarning boshlaridan beri 5 foizgacha ko‘tarilmagan edi. 2010 yildan to 2012 yilgacha davom etgan yevrohududdagi qarz inqirozi davrida faqat Gretsiya, Italiya va Ispaniya kabi iqtisodiy jihatdan qiynalayotgan davlatlargina shuncha yoki undan ko‘proq foiz to‘lagan. To‘lov 7 foizdan oshib ketgani esa Irlandiya va Portugaliyani moliyaviy yordam so‘rashga majbur qilgan edi.
Ayni paytda 10 yil muddatga qarz olish uchun Fransiya taxminan 5 foiz, Germaniya esa 3,41 foiz to‘lamoqda. O‘rtadagi bu tafovutning tobora o‘sib borayotgani sarmoyadorlar Fransiyaga qarz berish evaziga yuqoriroq foyda talab qilayotganini ko‘rsatadi.
Hozirda Fransiya yevrohududdagi qarz inqirozidan eng ko‘p jabr ko‘rgan ikki davlat — Italiya va Gretsiyadan ham ko‘proq haq to‘lamoqda. Faqatgina yevro muomalasidan tashqarida bo‘lgan Buyuk Britaniyagina Fransiyaga qaraganda ko‘proq foiz to‘laydi.
Qaysi davlatlar eng ko‘p qarzdor?
Qo‘shma Shtatlar 41,4 trillion dollarlik (bu o‘z iqtisodiyoti, ya’ni yalpi ichki mahsulotining (YAIM) 127 foiziga teng) hukumat qarzi bilan yaqqol yetakchi bo‘lib turibdi. AQSH qarzlarni jahonning asosiy zaxira valutasi hisoblangan dollarda olgani sababli o‘ziga xos imtiyozga ega. Bu esa Amerika qarzlariga bo‘lgan global talabni doimiy ravishda qo‘llab-quvvatlaydi. Ammo uning ham qarz olish imkoniyatlari cheksiz emas.
Keyingi o‘rinda 22,5 trillion dollar (YAIMning 104 foizi) qarz bilan Xitoy turadi. Yaponiya esa 8,7 trillion dollar qarzdor bo‘lib, bu ko‘rsatkich yirik iqtisodiyotlar orasida eng yuqorisi hisoblanadi va mamlakat YAIMning 199 foizini tashkil etadi. Buyuk Britaniyaning qarzi 4,4 trillion dollar yoki YAIMning 102 foiziga teng.
Fransiya 4,2 trillion dollarlik (YAIMning 118,5 foizi) qarzi bilan dunyoda beshinchi o‘rinda turadi. To‘g‘ri, bu Italiyaning 3,7 trillion dollarlik qarzidan miqdor jihatidan ko‘p, biroq Italiya qarzining o‘z iqtisodiyotiga nisbati Fransiyanikidan yuqoriroq — 138 foizni tashkil qiladi. Germaniyaning qarzi esa 3,5 trillion dollar bo‘lib, bu mamlakat YAIMning bor-yo‘g‘i 65 foiziga teng.
Xalqaro valuta jamg‘armasi prognoziga ko‘ra, 2030 yilga borib Fransiyaning davlat qarzi YAIMning 121,8 foizigacha ko‘tariladi. Bu esa mamlakatning davlat moliya tizimini barqaror yo‘lga qo‘yish borasidagi sa’y-harakatlarini yanada qiyinlashtiradi.
3,3 trillion dollarlik foiz to‘lovlari
Xalqaro moliya instituti («IIF») ma’lumotlariga ko‘ra, hukumatlar, uy xo‘jaliklari va kompaniyalar qarzlarini o‘z ichiga olgan global qarz 2026 yilning birinchi yarmida 10 trillion dollarga oshib, 365 trillion dollardan ortib ketdi. Bu Yer yuzidagi har bir insonga taxminan 44 ming dollardan qarz to‘g‘ri keladi, deganidir. Bu o‘sishning asosiy qismi rivojlanayotgan bozorlar hissasiga to‘g‘ri keldi.
Bu qarzlarni to‘lash juda katta mablag‘ talab etadi. O‘tgan bir yil ichida rivojlangan iqtisodiyotga ega davlatlar hukumat obligatsiyalari bo‘yicha foiz sifatida 3,3 trillion dollardan ko‘proq mablag‘ to‘ladi. Bu butun dunyo bo‘yicha mudofaaga (3,1 trillion dollar), sun’iy intellektga (2,6 trillion dollar) yoki toza energiyaga (2,3 trillion dollar) sarflanadigan mablag‘lardan ham ko‘pdir.
Aholi uchun foiz xarajatlarining oshishi — maktablar, shifoxonalar va pensiyalar kabi ijtimoiy xizmatlar uchun kamroq mablag‘ qolishini anglatadi. Hukumatlar bu xarajatlarni qoplash uchun yo soliqlarni oshirishga, yoki boshqa xarajatlarni qisqartirishga majbur bo‘ladi.





