Logo

Jizzaxda ham to‘ylarni ortiqcha xarajatlarsiz o‘tkazish kerakligi aytildi

Bugun 16:172 daqiqa

To‘y va oilaviy marosimlarni milliy qadriyatlarga mos, ixcham va mazmunli tashkil etish, oilalarni ortiqcha xarajatlar va qarzdorlikdan asrash zarurligi ta’kidlandi.

Jizzaxda ham to‘ylarni ortiqcha xarajatlarsiz o‘tkazish kerakligi aytildi

Jizzax viloyatida to‘y-marosimlarni ixcham va ortiqcha sarf-xarajatlarsiz o‘tkazish, isrofgarchilikning oldini olish yuzasidan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston mahallalari uyushmasi xabar berdi.

Uchrashuvda yoshlarni giyohvandlik kabi zararli illatlardan asrash hamda mahallalarda sog‘lom va xavfsiz muhitni shakllantirish masalalari ham muhokama qilindi. To‘y va oilaviy marosimlarni milliy qadriyatlarga mos, ixcham va mazmunli tashkil etish, oilalarni ortiqcha xarajatlar va qarzdorlikdan asrash zarurligi ta’kidlandi. To‘yning qadri uning dabdabasi yoki sarflangan mablag‘ bilan emas, balki ezgu niyat, samimiyat va yaqinlar hamjihatligi bilan belgilanishi urg‘ulandi.

«Ortiqcha hashamatga intilish, o‘zgalardan qolishmaslik kayfiyati va ijtimoiy bosim esa ayrim oilalarni moliyaviy qiyinchiliklarga duchor qilishi mumkin. Bu borada “mahalla yettiligi”, nuroniylar va jamoatchilik vakillarining aholi bilan manzilli ishlashi, oilalar o‘rtasida tejamkorlik madaniyatini keng targ‘ib qilishi muhim ahamiyatga ega», — ta’kidlaydi uyushma.

2

Jizzax shahridagi «Jizzaxlik» va «Madaniyat» mahallalarida aholi farovonligini oshirish, ijtimoiy muammolarning oldini olish hamda xavfsiz muhitni ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi. Xususan, «Jizzaxlik» mahallasida aholi bandligini ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish, tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va ehtiyojmand oilalarga ko‘maklashish yo‘nalishidagi ishlarga e’tibor qaratildi.

«Madaniyat» mahallasida esa giyohvandlikning oldini olish, yoshlarni zararli odatlardan asrash va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishga qaratilgan profilaktik ishlar bilan tanishildi. Mutaxassislar giyohvandlikka qarshi kurashishda faqat uning oqibatlarini bartaraf etish emas, balki kelib chiqish sabablarining oldini olish ham muhimligini ta’kidladi. Buning uchun yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularni sport, ta’lim va kasb-hunarga jalb qilish, oilalarda sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirish hamda ota-onalar mas’uliyatini oshirish zarurligi qayd etildi.

To‘y-marosimlarda isrofgarchilikning oldini olish, yoshlarni giyohvandlikdan himoya qilish va mahallalarda xavfsiz muhitni mustahkamlashda davlat va jamoat tashkilotlari, mahalla faollari, nuroniylar hamda ota-onalarning o‘zaro hamkorligi muhim ekani ta’kidlandi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sirdaryoda to‘ylarni ortiqcha xarajatlarsiz o‘tkazish lozimligi aytilgandi.

Teglar

Mavzuga oid