«Ehtimoli yuqoriroq» — Markaziy bank prognozida issiqlik tariflari oshishi hisobga olingan
Issiqlik tariflarini 30 foizgacha oshirish masalasi hali rasman hal qilinmagan. Biroq Markaziy bank bu ehtimolni inflatsiya prognoziga kiritgan. Vaqt.uz muxbiri bilan suhbatda regulyator vakillari tariflar oshishi va uning inflatsiyaga ta’siri haqida ma’lumot berdi.
© vaqt.uzO‘zbekistonda issiq suv va isitish xizmatlari tariflarini 30 foizgacha oshirish masalasi hali uzil-kesil hal qilinmagan. Biroq Markaziy bank vakillari tariflar oshirilishi ehtimolini yuqori deb baholamoqda. Ushbu omil 2026 yil yakuni bo‘yicha inflatsiya prognozining 6,5 foizdan 7 foizga ko‘tarilishida ham hisobga olingan.
Bu haqda 4-noyabr kuni Markaziy bankning asosiy stavkani ko‘rib chiqish bo‘yicha Boshqaruv yig‘ilishi qarori yuzasidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.

Foto: Markaziy bank
Tariflar oshishi hali rasman tasdiqlanmagan
Matbuot anjumanida Vaqt.uz muxbiri isitish tariflarining 30 foizga oshirilishi haqidagi rejalar Markaziy bankning inflatsiya prognozlari va asosiy stavka bo‘yicha qarorlarida qay darajada hisobga olingani haqida savol berdi.
Markaziy bank raisi o‘rinbosari Nodirbek Ochilovning aytishicha, isitish tariflari va suyultirilgan gaz narxining oshishi bilan bog‘liq bir martalik inflyatsion ta’sirlar joriy prognozlarda inobatga olingan.
Uning ta’kidlashicha, tariflar oshishi aholi daromadlari va xarid qobiliyatiga salbiy ta’sirini yumshatish uchun hukumat tomonidan qo‘llab-quvvatlash choralari ham e’lon qilingan. Jumladan, bazaviy me’yor 200 dan 300 gacha oshirilgan, belgilangan me’yordan ortiq iste’mol uchun esa ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarga kompensatsiya berish nazarda tutilgan.
«Biz suyultirilgan gaz bo‘ladimi yoki isitish tariflarini oshirish bo‘ladimi, ularning bir martalik ta’sirlarini joriy prognozga inobatga olganmiz. Kelgusi yil prognozlariga ham e’lon qilingan barcha o‘zgarishlar kiritilgan. Shu nuqtai nazardan, prognozda 7 foiz deyilganda, barcha omillar hisobga olingan», — dedi Ochilov.
Markaziy bank Pul-kredit siyosati departamenti direktori Samig‘jon Inog‘amov hozircha bu borada rasmiy qaror qabul qilinmaganini bildirdi.
«Yo‘q, bu bo‘yicha hali aniq qaror chiqmadi. Endi buni hukumat tomonidan chiqadi. O‘zi odatda bu kommunal to‘lovlari, mana issiq suv, sovuq suv, isitish xizmatlari bo‘yicha qarorlar hududiy hokimiyatlar tasarrufida bo‘lgan masala. Bu bo‘yicha qaror rasman e’lon qilingandan keyin u kuchga kiradi. Haligacha bizda bor ma’lumotlar bo‘yicha qaror qabul qilinmagan», — dedi u.
Shu bilan birga, Inog‘amov tariflar oshirilishi ehtimoli haqidagi savolga javoban:
«Ehtimoli yuqoriroq. Endi hokimga chiqarilgandan keyin uning ehtimoli yuqoriroq», — dedi.
Isitish tariflari inflatsiya prognozining oshishiga ta’sir qilgan
Markaziy bank vakili isitish va issiq suv xizmatlari narxining oshirilishi dastlabki makroiqtisodiy prognozlarda ham hisobga olinganini ma’lum qildi. Biroq avvalgi hisob-kitoblarda tariflar o‘sishi hozir kutilayotgan darajadan pastroq bo‘lgan.
Samig‘jon Inog‘amovning tushuntirishicha, tariflarning qo‘shimcha oshishi yangi prognozlarga kiritilgan. Bu esa yil yakunidagi inflatsiya prognozining 6,5 foizdan 7 foizga ko‘tarilishiga sabab bo‘lgan omillardan biri hisoblanadi.
«Dastlabki prognozimizda bu ko‘rsatkichni ancha pastroq olgan edik. Tariflarning oshgan qismi qo‘shimcha ravishda yangi prognozimizga kiritildi. Shuning uchun ham prognozni 6,5 emas, 7 foiz deb berdik. Umumiy inflyatsion tendensiya pasayayotganiga qaramasdan, prognozni oshirishimizning sababi shunda», — dedi u.
Eslatib o‘tamiz, 4-noyabr kuni Markaziy bank Boshqaruv yig‘ilishida asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida saqlab qolish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.





