Logo

Ehtiyojmand aholini «Ijtimoiy reyestr»ga kiritish tizimi qayta ko‘rib chiqiladi

Kelasi yildan reyestrga kirgan oila farzandlarining davlat va xususiy bog‘cha badali, o‘quv markazi to‘lovi, yo‘lkirasi hamda oliygohdagi yotoqxona xarajati vaucher orqali qoplab beriladi.

Ehtiyojmand aholini «Ijtimoiy reyestr»ga kiritish tizimi qayta ko‘rib chiqiladi © Ijtimoiy tarmoqlar

Prezident Shavkat Mirziyoyev kambag‘allikni qisqartirish va aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha ishlarni yangi bosqichga olib chiqish yuzasidan videoselektor yig‘ilishida Ijtimoiy himoya milliy agentligiga yil yakuniga qadar ehtiyojmand aholini «Ijtimoiy reyestr»ga kiritish tizimini qayta ko‘rib chiqishni topshirdi.

Bunda aholi daromadi bilan birga surunkali kasallik, nogironlik, ko‘p bolalilik va oila a’zosining xorijda ishlayotgani kabi omillarni qamrab oladigan ko‘p o‘lchovli baholash tizimiga o‘tiladi. Prezident matbuot kotibining yozishicha, respublikada kambag‘allik darajasi 3,9 foizga tushgan bo‘lsa-da, 3 yoshgacha farzandi bor oilalarda mazkur ko‘rsatkich o‘rtacha 6,5 foizni tashkil etmoqda.

«Bola parvarishlayotgan ota-onalarni uyida yoki mahallada ishli va daromadli qiladigan tizimni yo‘lga qo‘yamiz», — dedi prezident.

Ishlaydigan onalarga farzandi bir yoshga to‘lguniga qadar Ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasidan nafaqa to‘lanadi. Qayd etilishicha, mehnatga layoqatsiz ehtiyojmand oilalarga passiv daromad keltiradigan ijtimoiy paket uchun joriy yil 300 milliard so‘m ajratilgan. Bunday yordam olgan 11 ming oilaning yarmida daromad sezilarli oshgani aytildi. Bir haftada ushbu tizimni davom ettirish bo‘yicha qaror loyihasini kiritish topshirildi.

«Kelasi yildan reyestrga kirgan oila farzandlarining davlat va xususiy bog‘cha badali, o‘quv markazi to‘lovi, yo‘lkirasi hamda oliygohdagi yotoqxona xarajati vaucher orqali qoplab beriladi», — dedi davlat rahbari.

Vaucher 12 oy muddatga beriladi va ehtiyojmand oila «Ijtimoiy reyestr»dan chiqarilganidan keyin ham amal qiladi.

Eslatib o‘tamiz, Vaqt.uz avvalroq «Ijtimoiy reyestr»ga qanday kirish mumkinligi va u qanday imtiyozlar berishi haqida yozgan edi.

Teglar

Mavzuga oid