
«Elektron retsept» tizimi bosqichma-bosqich joriy etiladi — SSV
Shuningdek, «Elektron retsept» asosida beriladigan dori vositalarining ro‘yxati bosqichma-bosqich shakllantirilib, tizimli ta’sirga ega antibiotiklar, sintetik antibakterial preparatlar hamda gormonal dori vositalari uchun elektron retsept majburiy bo‘lishini nazarda tutuvchi birinchi bosqich belgilanadi.

«Elektron retsept» tizimini joriy etishning keyingi bosqichma-bosqich tartibini belgilash maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirining tegishli buyrug‘i qabul qilindi. Hujjatga muvofiq, tizim avvalo Toshkent shahri va 15 ta tajriba-sinov tuman hamda shaharlarda joriy etiladi. Bu hududlarda shifokorlar dori vositalarini xalqaro patentlanmagan nomlanishi asosida elektron tarzda rasmiylashtirishi shart bo‘ladi.
Qarorga ko‘ra, zarur texnik imkoniyatlar mavjud bo‘lgan taqdirda, davlat va xususiy tibbiyot hamda farmatsevtika tashkilotlari DMED axborot tizimiga bepul ulanadi. Ularning ichki axborot tizimlari Sog‘liqni saqlash vazirligining raqamli platformasi bilan integratsiya qilinadi. Bu ma’lumotlar almashinuvini tezlashtirish va nazoratni kuchaytirishga qaratilgan.
Elektron retsept asosida beriladigan dori vositalarining ro‘yxati ham bosqichma-bosqich shakllantiriladi. Har bir bosqichda ro‘yxatlar ijtimoiy xavf darajasi va sohadagi ehtiyojlardan kelib chiqqan holda Ekspertlar kengashi tomonidan tayyorlanib, tasdiqlanadi. Birinchi bosqichda esa tizimli ta’sirga ega antibiotiklar, sintetik antibakterial preparatlar va gormonal dori vositalari uchun elektron retsept majburiy etib belgilandi.
Buyruq bilan shifokorlarning elektron retsept yozish bo‘yicha vakolatlari huquqiy jihatdan mustahkamlandi. Xususan, tibbiyot muassasasida mavjud bo‘lmagan dori vositasini tayinlash hamda ushbu ma’lumotlarni keyinchalik dorixona farmatsevti tomonidan elektron tizimga kiritish tartibi aniqlashtirildi.
Shuningdek, dorixonalarda retseptli dori vositalarini elektron retsept asosida, jumladan bemorning JSHSHIRi orqali berish mexanizmi belgilandi. Tizim to‘liq joriy etilgunga qadar va favqulodda holatlarda qog‘oz retseptlardan istisno tariqasida foydalanish imkoniyati saqlab qolinadi.
Qaror bilan aholi uchun doimiy tushuntirish va qayta aloqa tizimi yo‘lga qo‘yilib, 1003 qisqa raqamli koll-markaz orqali bemorlarga maslahat berish, masofadan elektron retsept olish va patronaj xizmatlarini tashkil etish nazarda tutildi. Surunkali kasallikka chalingan bemorlar uchun esa 60 va 90 kungacha bo‘lgan davolash kurslariga mo‘ljallangan elektron retseptlarni uzoq muddatga rasmiylashtirish tartibi joriy etildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq elektron retseptsiz beriladigan dorilar ro‘yxati haqida ma’lumot bergan edik.





