Logo

Endi fuqarolar ish haqini o‘zlari tanlagan bank kartasiga olishi mumkin

Markaziy bank xodimlarga ish haqi, mukofot puli va boshqa to‘lovlarni ish beruvchiga xizmat ko‘rsatuvchi bankdan qat’i nazar, o‘zlari tanlagan bank kartasi yoki elektron hamyoniga olish imkonini beruvchi «Mablag‘larni taqsimlash markazi» tizimini joriy etmoqda.

Endi fuqarolar ish haqini o‘zlari tanlagan bank kartasiga olishi mumkin © vaqt.uz

O‘zbekistonda xodimlar ish haqi va mukofot pullarini ish beruvchi xizmat ko‘rsatayotgan bankdan qat’i nazar, o‘zi tanlagan bank kartasi yoki elektron hamyoniga olish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Markaziy bank xodimlarga ish haqi, mukofot puli va boshqa to‘lovlarni ish beruvchiga xizmat ko‘rsatuvchi bankdan qat’i nazar, o‘zlari tanlagan bank kartasi yoki elektron hamyoniga olish imkonini beruvchi «Mablag‘larni taqsimlash markazi» tizimini joriy etmoqda.

Shu vaqtgacha xodimlar maosh olish uchun tashkilotning «ish haqi loyihasi» yuritiladigan bankdan alohida yangi karta ochishga majbur edi. Natijada fuqaro boshqa bank kartasiga ega bo‘lsa-da, mablag‘larni bir kartadan ikkinchisiga o‘tkazib yurishga to‘g‘ri kelardi. Yangi tizim bu majburiyatni bekor qilib, fuqaroga o‘zi uchun qulay bankni tanlash huquqini beradi.

Tizimning birinchi versiyasi xususiy sektor tashkilotlari va ularning xodimlariga mo‘ljallangan bo‘lib, pul o‘tkaziladigan karta yoki elektron hamyon faqat xodimning o‘z nomiga rasmiylashtirilgan bo‘lishi talab etiladi.

Yagona reyestr va ma’lumotlar xavfsizligi

Jarayon xodimlar uchun qo‘shimcha byurokratiyasiz ishlaydi. Fuqaro o‘z kartasi yoki elektron hamyoni rekvizitlarini ish beruvchining buxgalteriyasiga taqdim etishi kifoya, tizimda alohida ro‘yxatdan o‘tish so‘ralmaydi. Xodim istalgan vaqtda rekvizitlarini yoki xizmat ko‘rsatuvchi bankini o‘zgartirishi mumkin.

Tashkilot turli banklardan foydalanuvchi xodimlari uchun yagona to‘lov reyestrini shakllantirib, o‘z bankiga yuboradi. Bank hujjatni elektron raqamli imzo bilan tasdiqlab, Markazga yo‘naltiradi. Markaz esa qabul qiluvchining rekvizitlari va identifikatsiya ma’lumotlarini Markaziy bank bazasi orqali tekshirib, pullarni tegishli banklarga taqsimlaydi.

Ma’lumotlar yopiq bank tarmog‘i orqali uzatiladi. Agar rekvizitlarda xatolik aniqlansa, reyestr tuzatish uchun ortga qaytariladi, bu esa pullarning noto‘g‘ri manzilga ketishi xavfini oldini oladi.

Mazkur tizim Prezidentning 2025 yil 27-noyabrdagi PQ–359-son qarori doirasida amaliyotga tatbiq etilmoqda. Ushbu o‘zgarish banklar uchun mijozlarni ish beruvchiga bog‘lanmagan holda jalb qilish orqali xizmat sifati raqobatini kuchaytirish, tashkilotlarning esa ish haqi tarqatishdagi shartnomalar yukini qisqartirish maqsadini ko‘zda tutadi.

Teglar

Mavzuga oid