Logo

Germaniyalik huquqshunoslar Usmonovga qarshi tergovning qonuniyligiga shubha bildirdi

Kecha 10:383 daqiqa

Ekspertlar xulosasida to‘lanmagan soliqlar miqdori borasida aniqlik yo‘qligi qayd etilgan. Ish hujjatlarida bu summa millionlardan milliardlab yevrogacha o‘zgarib turgan.

Germaniyalik huquqshunoslar Usmonovga qarshi tergovning qonuniyligiga shubha bildirdi © Bloomberg

Germaniyalik uch ekspert asli O‘zbekistondan bo‘lgan rossiyalik milliarder Alisher Usmonovga nisbatan soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash gumoni bilan olib borilayotgan tergovda qonunbuzilishlarga yo‘l qo‘yilganini aniqladi va ishni tugatishga chaqirdi. Bu haqda «Welt» nashri yozmoqda.

Tergovning qonuniyligiga shubha bildirgan mutaxassislarning fikricha, tergovda ayblovni tasdiqlaydigan yetarli dalillar yo‘q. Ularning aytishicha, tergov jarayonida qonunchilikda belgilangan tartib-qoidalar buzilgan. Shu sababli jinoyat ishi tugatilishi kerak.

Avvalroq Yevropa Ittifoqi Alisher Usmonovni sanksiyalar ro‘yxatidan chiqargan edi. Tadbirkor 2022-yildan buyon bank hisoblarining muzlatilishi, Yevropa Ittifoqiga kirish taqiqi va boshqa cheklovlar ustidan shikoyat qilib kelgan. Oxir-oqibat Germaniya Federal oliy sudi uning pozitsiyasini qo‘llab-quvvatlagan.

Germaniyada Usmonovga nisbatan olib borilgan boshqa bir qator tergov ishlari ham, jumladan, 10 million yevro to‘langanidan keyin tugatilgan. Biroq soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash bilan bog‘liq ish hanuz davom etmoqda.

Ekspertlar ma’lumotiga ko‘ra, Usmonovga nisbatan tergov harakatlari Germaniya Federal jinoyat politsiyasi boshqarmasiga (BKA) kelib tushgan anonim xabardan keyin boshlangan. Unda sanksiyalarni buzish ehtimoli haqida so‘z yuritilgan, soliq jinoyati haqida esa hech narsa aytilmagan. Shuningdek, xabarda gumon ostiga olingan shaxsning ismi ham ko‘rsatilmagan.

Dastlab tergov sudyasi yetarli asoslar yo‘qligini bildirib, Usmonovning uyida tintuv o‘tkazishga ruxsat bermagan. Shundan keyin tergovchilar boshqa tuman sudiga murojaat qilgan.

Ekspertlar xulosasida to‘lanmagan soliqlar miqdori borasida ham aniqlik yo‘qligi qayd etilgan. Ish hujjatlarida bu summa millionlardan milliardlab yevrogacha o‘zgarib turgan. Mutaxassislarning fikricha, tergov organlari bu borada ishonarli dalillar ham, tushunarli izohlar ham taqdim etmagan.

Usmonovga qarshi bilvosita dalil sifatida uning mehmonxonada yashagani, avtomobillari va xizmat ko‘rsatuvchi xodimlari borligi, shuningdek, ijara shartnomalari keltirilgan. Shu bilan birga, «Google Street View» xizmatidagi ma’lumotlarga asoslanib, uning Moskvadagi manzili ayblanuvchi doimiy yashaydigan joylar qatoriga kiritilmagan.

Bundan tashqari, ekspertlar tergovchilar tadbirkorning foydasiga xizmat qilishi mumkin bo‘lgan hujjat va ma’lumotlarni ham e’tiborga olmaganini ta’kidlagan. Gap viza hujjatlari, guvohlarning ko‘rsatmalari, Rossiyadagi soliq hujjatlari hamda Germaniya soliq idorasining Usmonovning soliq rezidentligiga oid ma’lumotlari haqida bormoqda. Masalan, xorijdagi sud organlaridan biri Germaniya rasmiylarining so‘rovini rad etgan. Sud bu so‘rovni aniq gumon va asoslarsiz dalil izlashga urinish, deb baholagan. Bunday harakat xalqaro huquq amaliyotida «fishing expedition» deb ataladi.

Yana bir holatda esa Germaniya tergovchilari Yevropa davlatlaridan birining rasmiylariga hali tergov davomida tasdiqlanmagan ma’lumotlarni go‘yo aniqlangan faktlar sifatida taqdim etgan. Ekspertlar tergov harakatlarining juda uzoq davom etayotganiga ham e’tibor qaratgan. Tintuvlar vaqtida hujjatlar saqlangan mingga yaqin papka va bir necha terabayt hajmidagi elektron ma’lumotlar olib qo‘yilgan.

Ularni dastlabki o‘rganish uchun to‘rt yil vaqt ketgan. Mutaxassislar bu holat tergov harakatlari mutanosib va oqilona muddatlarda olib borilishi kerakligi tamoyiliga zid ekanini bildirgan.

Shuningdek, Usmonovning himoyachilari ish materiallari bilan to‘liq tanishish imkoniyatiga faqat ikki yil o‘tgach ega bo‘lgan. Ayrim hujjatlar esa shundan keyin ham ular uchun ochiq bo‘lmagan.

«Shu bilan birga, soliq tergoviga taalluqli ayrim hujjatlar himoya tomoni uchun keyinchalik ham ochilmagan. Olib qo‘yilgan ma’lumotlarning bir qismi bilan tanishish imkoniyati himoyachilarga tintuv o‘tkazilganidan uch yildan ortiq vaqt o‘tgach berilgan», — deyiladi ekspertlar xulosasida.

Mutaxassislar tergov organlari avvalgi gumonlarini ishonarli dalillar bilan tasdiqlamasdan, Usmonovga nisbatan yangi gumonlarni ilgari surayotganini ham tanqid qilgan. Shuningdek, tadbirkorning qayerda yashagani haqidagi taxminlarga asoslangan yangi ish ochilgani ham e’tirozlarga sabab bo‘lgan. Qizig‘i, bu masalada tergovchilarning o‘zlari ham yagona fikrga kela olmagan.

«Agar to‘rt yildan ortiq vaqt o‘tganidan keyin ham soliq huquqiga oid asosiy masalalar bo‘yicha ayblanuvchiga qarshi yetarli dalillar topilmagan bo‘lsa, bu jinoyat sodir etilgani haqidagi gumon uchun yetarli asos yo‘qligini ko‘rsatadi», — deb xulosa qilgan ekspertlar.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq milliarder Alisher Usmonov YIga qarshi Germaniya sudida muhim g‘alabaga erishgandi.

Teglar

Mavzuga oid