G‘ofurjon Mirzayev boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan prezident maslahatchisi lavozimidan ozod etildi
Vaqt.uz manbasiga ko‘ra, Mirzayev Qahramon Quronboyev o‘rniga O‘zbekiston Mahallalari uyushmasi raisi etib tayinlangan.
© Ijtimoiy tarmoqlarPrezidentning kadrlar bo‘yicha maslahatchisi lavozimida ishlab kelgan G‘ofurjon Mirzayev lavozimidan ozod etildi. Bu haqda Vaqt.uz manbasi xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, Mirzayev Qahramon Quronboyev o‘rniga O‘zbekiston Mahallalari uyushmasi raisi etib tayinlangan. Quronboyev uyushma raisi lavozimini 2024-yil yanvaridan buyon egallab kelayotgan edi.
Ma’lumot uchun, G‘ofurjon Mirzayev 1964-yil 21-aprelda Farg‘ona viloyatida tug‘ilgan. U 1990-yilda Toshkent politexnika institutini muhandis-elektrik mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan. 2000-yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining sirtqi bo‘limida iqtisodchi mutaxassisligini olgan.
Mirzayev 2016-yilda Sirdaryo viloyati hokimi lavozimiga kirishgan va 2020-yilda ushbu lavozimga qayta tasdiqlangan. 2022-yilda esa prezidentning davlat xizmati, aholi bilan muloqot va mahalliy hokimiyat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi etib tayinlangan edi.





