Logo

Gruziya banki O‘zbekistondagi TOP-5 banklardan birini sotib olmoqchi

Bugun 13:453 daqiqa

Lion Finance Group O‘zbekistonda yangi bankni noldan tashkil etish yoki kichik o‘yinchini xarid qilish o‘rniga, bozordagi eng yirik banklardan birini sotib olishni afzal ko‘rmoqda. Agar guruh rahbari tilga olgan TOP-5 mezoni aktivlar hajmini anglatsa, bu ro‘yxatdagi besh bankning to‘rttasi davlatga tegishli, ikkitasi esa xususiylashtirish rejasiga kiritilgan — SQB va Asakabank.

Gruziya banki O‘zbekistondagi TOP-5 banklardan birini sotib olmoqchi © Bloomberg

Gruziyaning Bank of Georgia bankiga egalik qiluvchi Lion Finance Group O‘zbekiston va Qozog‘istondagi yirik banklardan birini sotib olishni rejalashtirmoqda.

Guruh bosh direktori Archil Gachechiladze Bloomberg’ga bergan intervyusida kompaniyani har bir bozordagi TOP-3/5 bank qiziqtirayotganini aytgan. Lion Finance yangi bankni noldan qurishdan ko‘ra, tajribasini tatbiq qila oladigan mavjud yirik bankni sotib olishni afzal ko‘rmoqda.

Kompaniya Markaziy Osiyodan tashqari, Boltiqbo‘yi va Bolqon mamlakatlaridagi imkoniyatlarni ham ko‘rib chiqmoqda.

Biroq hozircha O‘zbekistondagi aniq bank nomi ochiqlanmagan. Biror bank bilan muzokara boshlangani yoki taklif berilgani haqida ham rasmiy ma’lumot yo‘q.

TOP-5 deganda qaysi banklar nazarda tutilishi mumkin?

Gachechiladze reyting qaysi ko‘rsatkich asosida tuzilishini aniqlashtirmagan. Agar gap aktivlar hajmi haqida ketayotgan bo‘lsa, Markaziy bankning 2026-yil 1-iyul holatidagi ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekistondagi birinchi beshlik quyidagicha:

  • Milliybank — 146,5 trln so‘m;

  • Agrobank — 118,4 trln so‘m;

  • Sanoatqurilishbank (SQB) — 108,5 trln so‘m;

  • Kapitalbank — 62,7 trln so‘m;

  • Asakabank — 62,5 trln so‘m.

Bu banklar hissasiga mamlakat bank tizimidagi jami aktivlarning qariyb yarmi — 49,6 foizi to‘g‘ri keladi. Kapitalbankdan tashqari, beshlikdagi barcha banklarda davlat ulushi mavjud.

Demak, Lion Finance’ning O‘zbekistonga katta xarid orqali kirishi asosan davlat banklarini xususiylashtirish jarayoniga bog‘liq bo‘ladi. Telegram’dagi «Pik Skartarisa» kanali ham xabarning shu jihatiga e’tibor qaratgan.

Ochiq rejalar doirani ikkita bankkacha toraytiradi

Iqtisodiyot va moliya vazirligining 2026–2028-yillarga mo‘ljallangan Fiskal strategiyasida SQBni xususiylashtirishning yakuniy bosqichi 2025–2026-yillarga, Asakabankni xususiylashtirish esa 2026–2027-yillarga belgilangan.

Shu hujjatga ko‘ra, Milliy bank va Agrobankdagi davlat ulushi saqlab qolinadi. Kapitalbank esa allaqachon xususiy bank.

Shu sabab, Lion Finance aynan aktivlar hajmi bo‘yicha TOP-5 bankni nazarda tutayotgan va hukumatning amaldagi rejalari o‘zgarmaydigan bo‘lsa, ochiq ma’lumotlar nazariy doirani SQB va Asakabankkacha qisqartiradi.

Biroq bu ikki bankdan biri bilan muzokara ketayotganini anglatmaydi. Lion Finance biror nomni tilga olmagan, O‘zbekiston hukumati ham guruh bilan ehtimoliy bitim haqida ma’lumot bermagan.

Lion Finance O‘zbekiston bozoriga begona emas

Lion Finance 2025-yil fevraligacha Bank of Georgia Group deb atalgan. Guruh 2024-yilda Armanistondagi Ameriabank’ni 303,6 mln dollarga sotib oldi. Bu uning Gruziyadan tashqaridagi birinchi yirik bank xaridi bo‘ldi.

Kompaniya 2026-yil martda FTSE 100 indeksiga kirdi. Ikkinchi chorak natijalariga ko‘ra, guruh foydasi bir yilda 20,6 foizga oshgan. Kapital rentabelligi 27 foizni, kredit portfelining o‘sishi esa o‘zgarmas valuta kursida 23 foizni tashkil etgan.

Bank of Georgia O‘zbekiston moliya bozoriga ham butunlay yangi o‘yinchi emas. 2024-yil fevralda u kapital bozoridagi «Tartibga solish qumdoni»ning birinchi xorijiy ishtirokchisi sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilgan.

Bu guruhga mamlakatdagi tartibga solish muhiti va moliya infratuzilmasi bilan oldindan tanishish imkonini berdi.

Ammo kapital bozoridagi ishtirok bilan yirik bankni sotib olish o‘rtasida katta farq bor: bunday bitim sotuvchi, narx, regulyator roziligi va ehtimol xususiylashtirish shartlariga bog‘liq bo‘ladi.

Bu O‘zbekiston bank bozoriga nimani anglatadi?

O‘zbekiston bank sektoriga xorijiy guruhlarning kirishi so‘nggi yillarda tezlashdi. Gruziyaning TBC Bank Group’i O‘zbekistonda yangi raqamli bank qurdi, Vengriyaning OTP Group’i esa Ipoteka-bankdagi nazorat paketini sotib oldi.

Lion Finance’ning rejasi ulardan ko‘lami bilan farq qiladi. Kompaniya kichik yoki o‘rta bankka emas, bozorning eng yirik o‘yinchilaridan biriga qiziqmoqda. Agar bunday xarid amalga oshsa, u Ipoteka-bankdan keyingi O‘zbekiston bank sektoridagi navbatdagi yirik xususiylashtirish bitimiga aylanishi mumkin.

Teglar

Mavzuga oid