Haftalik narxlar tahlili : go‘sht narxi yana qimmatlab, mevalar narxi arzonladi
Avgust oyining uchinchi haftasida bozorda oziq-ovqat mahsulotlari narxi turlicha o‘zgardi. Xususan, go‘sht va asosiy sabzavotlar narxi sezilarli darajada oshgan bo‘lsa, mevalar segmentida aksincha arzonlashish kuzatilmoqda.

19-avgust holatiga ko‘ra, sabzavotlar, jumladan, pomidor, sabzi va bodring kabi kundalik iste’moldagi mahsulotlar narxi 12 foizgcha oshdi. Biroq mevalar bozorida mavsumiy omillar sabab olma, nok, limon hamda uzum kabi mevalar narxi aksincha pasaydi.
Vaqt.uz Markaziy bankning «narxtahlil» platformasi ma’lumotlari asosida haftalik oziq-ovqat narxlarini an’anaviy tarzda o‘rganib boradi.
Asosiy mahsulotlar
Bu hafta kundalik ro‘zg‘or uchun eng zarur bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlari narxida keskin o‘zgarishlar kuzatilmadi. Masalan, paxta yog‘i 0,2 foizga oshib, 20 ming 206 so‘mni tashkil qildi. Kungaboqar yog‘i esa 0,1 foizga qimmatlab, 21 ming 417 so‘mga yetdi. Shunga qaramay, bu kichik o‘zgarishni xaridorlar deyarli sezgani yo‘q.
Un segmentiga qaraydigan bo‘lsak, un mahsulotlarining ikkala turi ham qimmatladi. Xususan, oliy navli un 0,1 foizga ko‘tarilib, 9 ming 362 so‘mdan sotilmoqda. 1-navli un narxi 0,3 foizga qimmatlab, 1 kilogrammi 6 ming 246 so‘mga yetdi. 1-navli undan yopiladigan non narxi esa bu hafta o‘zgarmadi va o‘rtacha 6 ming 286 so‘m atrofida saqlanib qoldi.
Shakar va guruch narxlari deyarli o‘zgarmadi. Bu hafta shakar narxi 12 ming 969 so‘mni, guruch esa 15 ming 036 so‘mni tashkil qildi.
Tuxum narxi boshqa mahsulotlarga qaraganda biroz ko‘proqqa, ya’ni 1,5 foizga qimmatlab, uning narxi 11 ming 384 so‘mga chiqdi.

Sabzavotlar
Bu hafta sabzavotlar narxi ancha ko‘tarildi. Ayniqsa, eng ko‘p qimmatlagan sabzavotlar pomidor va bodring bo‘ldi. Masalan, pomidor 12 foizga oshib, 1 kilosi 6 ming 575 so‘mni, bodring esa 6 ming 360 so‘mgacha ko‘tarildi. Qizig‘i shundaki, odatda kuz boshida qimmatlashishni boshlaydigan bu sabzavotlar, bu yil mavsumiy o‘zgarishlar sababli iyul oxiridayoq qimmatlasha boshlagan.
Shuningdek, hafta davomida sabzi narxi ham oshib, 1 kilosi 5 012 so‘mga yetdi. Kundalik iste’moldan joy olgan kartoshka narxi 0,2 foizga ko‘tarilib, 4 ming 181 so‘mni tashkil qildi. Uch haftadan beri qimmatlayotgan piyoz narxi 2 ming 508 so‘mgacha oshgan.
Shu bilan birga, bulg‘or qalampiri 7 ming 344 so‘m, karam 3 ming 200 so‘m, baqlajon esa 5 ming 310 so‘mdan sotildi.

Mevalar
Meva bozorida to‘liq arzonlashish tendensiyasi kuzatilib, deyarli barcha asosiy turdagi mevalar narxi pasaydi. Xususan, olma 0,4 foizga arzonlab, 1 kilogrammi 12 ming 559 so‘mni tashkil etdi. O‘tgan hafta uning narxi 12 ming 604 so‘mdan sotilgandi. Hafta davomida nok narxi ham biroz pasaygan. Uning 1 kg narxi 18 ming 492 so‘mgacha arzonladi.
Bu hafta mahsulotlar ichida eng ko‘p arzonlagani aynan uzum bo‘ldi. Uning 1 kg narxi 2,3 foizga tushib, 13 ming 240 so‘mni tashkil qildi.
Yil boshidan beri narxi tinmay oshib kelgan limon ketma-ket ikki haftadirki arzonlashishda davom etmoqda. Joriy haftada ham uning narxi 0,6 foizga pasayib, o‘rtacha 50 ming 266 so‘mni tashkil qildi.
Demak, sabzavotlar narxi oshgan bir paytda mevalarning arzonlashuvi xaridorlarga xarajatni biroz kamaytirishga yordam berdi.

Go‘sht narxlari va hududlar kesimidagi tafovut qanday?
19-avgust holatiga ko‘ra, go‘sht mahsulotlari narxlari biroz qimmatladi. Hafta davomida mol va qo‘y go‘shti narxi 0,5 foizga, tovuq go‘shti esa 0,4 foizga oshgan. O‘sish sur’ati katta bo‘lmasa-da, go‘sht narxlarining yuqori darajada saqlanib qolayotgani xaridor xarajatlarida seziladi.
Xususan, bir kilogramm mol go‘shti o‘rtacha 121 ming 215 so‘m, qo‘y go‘shti 132 ming 767 so‘m, tovuq go‘shti esa 32 ming 101 so‘mni tashkil qilgan.
Go‘sht mahsulotlari narxidagi haftalik o‘zgarish hududlar kesimida turlicha shakllangan. Xususan, mol go‘shti narxi ayrim viloyatlarda oshgan bo‘lsa, boshqa hududlarda deyarli o‘zgarmagan yoki biroz pasaygan.

Eng yuqori narx Toshkent shahrida qayd etildi. 19-avgust holatiga ko‘ra, poytaxtda 1 kg mol go‘shtining o‘rtacha narxi 130 ming 947 so‘mni tashkil qilib, respublika bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich bo‘ldi. Keyingi o‘rinlarda Jizzax va Surxondaryo viloyatlari turibdi. Bu hududlarda narx mos ravishda 126 ming 57 so‘m va 125 ming 950 so‘mni tashkil etdi.
Eng past narx Qoraqalpog‘istonda qayd etildi. Bu yerda 1 kg mol go‘shtining o‘rtacha qiymati 112 ming 555 so‘m bo‘ldi. Nisbatan arzon narxlar Buxoro, Namangan va Andijon viloyatlarida ham kuzatildi. Xususan, Buxoroda 119 ming 977 so‘m, Namanganda 119 ming 731 so‘m, Andijonda esa 119 ming 947 so‘mdan sotildi.
Umuman olganda, 14 ta hududdan 12 tasida mol go‘shti narxi oshgan, faqat Qoraqalpog‘iston va Toshkent viloyatida narxlar pasaygan. Eng katta o‘sish Buxoro viloyatida kuzatilib, narx bir hafta ichida 1,53 foizga oshgan. Xorazmda narxlar 1,43 foizga, Navoiyda 1,20 foizga va Andijonda 1,17 foizga ko‘tarilgan.
Shu bilan birga, ayrim hududlarda narxlar deyarli o‘zgarmadi. Toshkent shahrida mol go‘shti narxi atigi 0,05 foizga, Samarqandda 0,04 foizga oshgan. Qoraqalpog‘istonda esa narx 0,03 foizga, Toshkent viloyatida 0,46 foizga pasaygan.
Hududlar o‘rtasidagi narx tafovuti esa hamon saqlanib qolmoqda. O‘tgan bir hafta ichida eng qimmat va eng arzon hudud o‘rtasidagi farq 18 ming 392 so‘mni tashkil etdi. Ya’ni, Toshkent shahrida 1 kg mol go‘shti Qoraqalpog‘istondagiga nisbatan qariyb 16,3 foiz qimmatroq.
Boshqacha aytganda, xaridor 1 kg mol go‘shti uchun Toshkent shahrida Qoraqalpog‘istonga nisbatan 18 ming so‘mdan ko‘proq pul to‘lamoqda. Bu farqlar har bir hududdagi talab, yo‘l xarajatlari va mahalliy bozor sharoitlariga qarab o‘zgaradi.
Teglar






