Har uchtadan ikkita pensioner to‘liq ish stajisiz pensiyaga chiqmoqda
O‘zbekistonda to‘liq ish stajini to‘play olmagan holda pensiyaga chiqayotganlar ulushi so‘nggi 15 yilda qariyb 10 baravarga oshdi.

O‘zbekistonda pensiyaga chiqayotgan har uch fuqaroning qariyb ikki nafari qonunda belgilangan to‘liq ish stajini to‘play olmagan.
Pensiya jamg‘armasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2010-yilda yangi tayinlangan pensionerlarning atigi 6 foizida to‘liq pensiya olish uchun yetarli ish staji bo‘lmagan. 2025-yilga kelib bu ko‘rsatkich 61 foizga yetdi.
Ma’lumot uchun, qonunchilikda yoshga doir to‘liq pensiya olish uchun erkaklar 60 yoshga to‘lgan va kamida 25 yil, ayollar esa 55 yoshga to‘lgan hamda kamida 20 yil ish stajiga ega bo‘lishi kerakligi belgilangan.
To‘liq ish staji yetishmasligi faqat yangi pensiyaga chiqayotganlar bilan cheklanmayapti. 2010-yilda barcha pensionerlarning 3 foizi to‘liq ish stajiga ega bo‘lmagan bo‘lsa, 2025-yilga kelib ularning ulushi 39 foizga chiqdi.
Pensiya jamg‘armasi bu holatni norasmiy bandlikning yuqoriligi, ish haqining bir qismi «konvert»da berilishi va ijtimoiy soliq to‘lanmasligi bilan bog‘lamoqda.
Bundan tashqari, ayrim fuqarolarning mehnat faoliyati haqidagi ma’lumotlar to‘liq rasmiylashtirilmaydi. Natijada ishlangan ayrim yillar pensiya tayinlashda hisobga olinmasligi mumkin.
Jamg‘arma norasmiy mehnat va «konvert»da olinadigan maosh fuqaroning kelajakdagi pensiyasi miqdoriga salbiy ta’sir qilishidan ogohlantirdi.
2025-yilgi ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistondagi pensionerlarning 47 foizi oyiga 820 ming so‘mdan 1 million so‘mgacha pensiya olgan.
Pensiya jamg‘armasi ma’lumotiga ko‘ra, 2026 yil 1-avgust holatida O‘zbekistonda 4 million 354 mingga yaqin pensioner bor. Joriy yilning yanvar–iyul oylarida esa 177,7 ming fuqaroga yangi pensiya tayinlangan.





