Hindiston go‘shti O‘zbekistonga «halol» sertifikati bilan keltiriladi — qishloq xo‘jaligi vaziri
O‘zbekiston Hindistondan go‘sht importini kengaytirishni rejalashtirmoqda. Mahsulot tayyorlash jarayonida o‘zbekistonlik mutaxassislar ham ishtirok etadi.
© Vaqt.uz | Javhar ChorshanbiyevaO‘zbekiston Hindistondan go‘sht importini kengaytirish va ushbu mamlakatda go‘sht yetishtirish hamda tayyorlash bo‘yicha qo‘shma korxonalar tashkil etishni rejalashtirmoqda. Bu haqda qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov ma’lum qildi.
Vazirning aytishicha, ikki davlat o‘rtasida qishloq xo‘jaligi, xususan, chorvachilik va oziq-ovqat yo‘nalishidagi hamkorlik so‘nggi yillarda kengaygan. Hindistondan nisbatan arzon go‘sht mahsulotlarini O‘zbekistonga olib kirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Bu yo‘nalishda qo‘shma korxonalar tashkil etilgan.
Hindistonning «Alana» kompaniyasi bilan esa kelgusi yillarga mo‘ljallangan yirik rejalar ishlab chiqilmoqda. Mahsulot xavfsizligi va halollik importda asosiy talablardan biri bo‘ladi.
Abdurahmonovning so‘zlariga ko‘ra, Hindistonda go‘shtni tayyorlash va so‘yish jarayonlarida O‘zbekiston mutaxassislarining ishtiroki hamda xalqaro va halol sertifikatlarini ta’minlash bo‘yicha kelishuvlarga erishilgan.
«O‘zimizning oziq-ovqat korxonalari go‘shtni o‘sha joyda tayyorlab, keyin eksportini yo‘lga qo‘yishi rejalashtirilmoqda», — dedi vazir.
Mersin porti orqali yetkaziladi
Go‘shtni O‘zbekistonga yetkazib berishda logistika masalasi ham alohida e’tiborda. Vazirning ma’lum qilishicha, Hindiston, Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasida Turkiyadagi Mersin porti orqali uch tomonlama logistika yo‘nalishini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
Qishloq xo‘jaligi sohasidagi ikki tomonlama savdo ham sezilarli oshgan. Abdurahmonovning aytishicha, so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi savdo aylanmasi uch barobardan ko‘proq o‘sgan.
Hindistondan go‘sht mahsulotlari import qilinayotgan bir paytda, O‘zbekiston 30 dan ortiq turdagi mahsulotni ushbu mamlakatga eksport qilish bo‘yicha tegishli ruxsatnomalarga ega. Ular qatorida fitosanitar ruxsatnomalar va litsenziyalar ham bor.
Urug‘chilik ham rivojlanmoqda
Ikki davlat hamkorligi go‘sht importi bilan cheklanmaydi. Hindiston bilan urug‘chilik va yangi qishloq xo‘jaligi ekinlarini joriy etish bo‘yicha ham ishlar olib borilmoqda. Xorazmda sho‘rga chidamli paxta navlari 12 ming gektarda sinovdan o‘tkazilmoqda.
Sabzavot va ozuqa ekinlari uchun yangi urug‘lar O‘zbekistonga olib kelinmoqda. G‘o‘za qator oralariga zira ekish bo‘yicha ham tajribalar o‘tkazilgan. Buning uchun Hindistondan 10 tonnadan ortiq zira urug‘i keltirilib, respublika bo‘ylab sinovdan o‘tkazilgan.
Hindiston bilan jut yetishtirish bo‘yicha ham yangi yo‘nalish shakllanmoqda. Hozir qariyb 2 ming gektarda jut yetishtirilmoqda. Kelgusi yillarda maydonni kamida 50 ming gektarga yetkazish rejalashtirilgan. O‘zbekiston yiliga qariyb 30 million dollarlik tabiiy tolalarni import qiladi, Hindistonda esa jut qariyb 1 million gektarda yetishtiriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev va Narendra Modi ishtirokida ikki davlat hamkorligining turli yo‘nalishlarini qamrab olgan 12 ta hujjat imzolangani haqida xabar berilgandi.





