
Ijtimoiy xavfli ahvoldagi bolalar uchun oliy ta’limda qo‘shimcha kvota ajratiladi
Ijtimoiy jihatdan xavfli ahvolda bo‘lgan bolalarni ta’lim bilan qamrab olish maqsadida qabul tartibi va kvotalar kengaytirilmoqda.

Prezident farmoniga muvofiq, ijtimoiy jihatdan xavfli ahvolda bo‘lgan bolalar uchun ta’lim tashkilotlariga qabul qilishda yangi mexanizm joriy etildi. Unga ko‘ra, bunday bolalar ayrim belgilangan ta’lim muassasalariga Bolalar masalalari bo‘yicha tuman yoki shahar komissiyasi qarori asosida joylashtirilishi mumkin.
Mazkur jarayonda bolalarni ta’lim muassasalariga yuborish Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan berilgan yo‘llanma orqali amalga oshiriladi. Yo‘llanma asosida qabul qilinadigan bolalar ta’lim tashkilotlariga bepul asosda, hech qanday sinov va qo‘shimcha imtihonlarsiz qabul qilinadi.
Farmonda ta’kidlanishicha, har o‘quv yili yakunida vazirlik va idoralar tasarrufidagi ta’lim tashkilotlarining qabul kvotalari tasdiqlanayotganda ijtimoiy jihatdan xavfli ahvolda bo‘lgan bolalar uchun 5 foizgacha qo‘shimcha kvota ajratilishi shart bo‘ladi. Bu esa ushbu toifadagi bolalarning ta’lim olish imkoniyatlarini sezilarli darajada oshiradi.
Yangi tartib ijtimoiy adolatni ta’minlash, bolalarning huquq va manfaatlarini himoya qilish hamda ularni erta yoshdan jamiyatga moslashtirishga xizmat qiladi. Shu orqali ta’lim tizimida ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarni qo‘llab-quvvatlashning institutsional asoslari mustahkamlanadi.
Bundan tashqari, Bolalar masalalari bo‘yicha milliy komissiya zimmasiga qo‘shimcha vazifalar yuklatildi. Xususan, bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish bo‘yicha davlat organlari va hududiy komissiyalar faoliyati samaradorligini o‘rganish hamda qo‘shimcha kvota asosida qabul qilingan bolalarning xulq-atvori va o‘zlashtirish darajasini tahlil qilish nazarda tutilgan.
Ushbu choralar bolalarni himoya qilish tizimini kuchaytirish va ta’lim orqali ularning kelajagini barqarorlashtirishga qaratilgan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 2030 yilgacha bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish strategiyasi tasdiqlandi. Unga ko‘ra professional tutingan oilalar tashkil etilib, ularga maosh to‘lanadi. Zo‘ravonlik oqibatida oilasidan olingan ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalar professional tutingan oilaga «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazlari va mazkur oilalar o‘rtasida tuzilgan shartnoma asosida joylashtiriladi.





