Jahon neft va oziq-ovqat narxlari hozircha O‘zbekistonga ta’sir qilmadi — Markaziy bank
Markaziy bank tashqi bozorlardagi o‘zgarishlarning O‘zbekiston iqtisodiyoti va inflatsiyasiga bilvosita ta’sirini baholamoqda. Regulyator inflatsiyaning pasayishi davom etadigan holatga ham, narxlar oshishi xavfi kuchayadigan vaziyatga ham tayyor ekanini bildirdi.

Jahon bozoridagi neft va oziq-ovqat narxlarining o‘sishi hozircha O‘zbekiston iqtisodiyotiga ta’sir ko‘rsatmagan. Bu haqda Markaziy bank raisi Timur Ishmetov Silk Road Finance & Technology Forumida ma’lum qildi, deya xabar bermoqda Vaqt.uz muxbiri.
Ishmetovga ko‘ra, hozirgi davr yuqori noaniqlik va tashqi ta’sirlar ko‘pligi bilan ajralib turibdi. Bunday sharoitda Markaziy bank turli xavflarga tayyor turishi kerak.
«Biz barqarorlikka e’tibor qaratishimiz kerak. Shu sababli moliya bozori nuqtai nazaridan zaxiralarni shakllantiramiz va moliyaviy barqarorlikni oshirishga e’tibor beramiz», — dedi Markaziy bank raisi Silk Road Finance & Technology Forumida.
Jahon bozoridagi narxlar inflatsiyaga ta’sir qilishi mumkin
Ishmetovning ta’kidlashicha, jahon bozoridagi hozirgi vaziyat vaqt o‘tishi bilan O‘zbekiston ichki bozoridagi narxlarga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatishi mumkin.
«Bu hali O‘zbekistonga bevosita ta’sir ko‘rsatmadi, biroq ikkilamchi ta’sirlar yuzaga kelishi va bizga ta’sir qilishi mumkinmi-yo‘qmi, buni diqqat bilan kuzatib boryapmiz», — dedi Ishmetov.
Uning ta’kidlashicha, Markaziy bank inflatsiyaning pasayishda davom etishiga ham, tashqi omillar sabab narxlar oshishi xavfi kuchayishiga ham tayyor bo‘lishi kerak.
«Biz har ikki yo‘nalishda ham harakat qilishga tayyor bo‘lishimiz kerak», — dedi Markaziy bank raisi.
Ishmetov Markaziy bank o‘zining asosiy vazifasi — narxlar barqarorligini ta’minlash bo‘yicha ishlarni davom ettirishini ta’kidladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Vaqt.uz Markaziy bank bank tizimidagi kreditlash va dollarizatsiya bilan bog‘liq xavflarni kamaytirish choralarini ko‘rayotgani haqida xabar bergan edi. Xususan, xorijiy valutadagi kreditlar ulushi 50 foizdan qariyb 37 foizgacha tushirilgan.





