Kannavaro: «O‘z rejamiz va strategiyamiz bor, Portugaliyadan qo‘rqmayapmiz»
O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro Portugaliyaga qarshi o‘yin oldidan raqibdan qo‘rqmasligini, uni kuchini tan olgan holda, g‘alaba uchun o‘ynashga harakat qilishini ma’lum qildi.
© UFAJahon chempionati-2026 guruh bosqichining ikkinchi turida Portugaliyaga qarshi bahs oldidan O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro va jamoa sardori Eldor Shomurodov rasmiy matbuot anjumanida ishtirok etdi.
Kannavaro Portugaliyani turnirdagi eng kuchli jamoalardan biri deb atadi. Uning ta’kidlashicha, raqib tarkibida yuqori saviyadagi qanot futbolchilari, jahonning eng yaxshi yarim himoya chiziqlaridan biri hamda futbol tarixidagi eng buyuk o‘yinchilardan biri bor.
«Raqibimiz Jahon chempionatidagi eng kuchli jamoalardan biri hisoblanadi. Agar Portugaliya jamoasini tahlil qilib ko‘rsangiz, ularning qanotlarda juda kuchli futbolchilari bor, dunyoning eng yaxshi yarim himoya chiziqlaridan biriga ega, shuningdek futbol tarixidagi eng yaxshi futbolchilaridan biri ham shu jamoada o‘ynaydi. Shunday ekan, bu oson o‘yin bo‘lmaydi. Lekin biz Jahon chempionatidamiz, jamoa sifatida harakat va mehnat qilishimiz zarur. Chunki ijobiy natija bilan maydonni tark etishning yagona yo‘li shu», — dedi Kannavaro.
Shuningdek, Eldor Shomurodov ham jamoada bosim yo‘qligini aytib, ertaga o‘yin osonroq bo‘lishini ma’lum qildi:
«Bizda ajoyib jamoa shakllangan. Birinchi o‘yindan keyin bizda ishonch shakllangan, biz allaqachon debyut qilib bo‘ldik. Biz ertaga yaxshi natija uchun maydonga chiqamiz», — deydi jamoa sardori.
Fabio Kannavaro Portugaliyaga qarshi o‘z strategiyasi va rejasi borligini aytib:
«Biz juda kuchli jamoaga qarshi maydonga tushayotganimizni bilamiz, ammo avval ham aytganimdek, biz bundan qo‘rqmaymiz. Qo‘limizdan kelgan eng yaxshi o‘yinni ko‘rsatishga va uchrashuv oxirigacha kurashishga harakat qilamiz», — dedi.
Shu bilan birga Kannavaro qarshi jamoada kuchli o‘yinchilar borligini ta’kidlab, ularni bir lahzaga ham e’tiborsiz qoldirib bo‘lmasligini aytdi.
«Avval ham aytganimdek, biz faqat Krishtianuga qarshi o‘ynamaymiz. U futbol tarixidagi eng buyuk futbolchilardan biri, biroq Portugaliya faqat Ronaldudan iborat emas. Ularning asosiy tarkibida ham, zaxirasida ham juda ko‘p yuqori saviyali futbolchilar bor. Shunga qaramay, jarima maydonida Ronalduni bir lahzaga ham e’tiborsiz qoldirib bo‘lmaydi. U standart vaziyatlarda ham, o‘yin davomida ham istalgan payt gol urishga qodir. Shu bois butun o‘yin davomida maksimal darajada diqqatli bo‘lishimiz kerak», — dedi bosh murabbiy.
Kannavaroning so‘zlariga ko‘ra, murabbiylar shtabi raqibning o‘yin uslubini chuqur tahlil qilgan. Portugaliya to‘p nazorati orqali o‘yinni boshqarishni yoqtiradi va uchrashuvlarni juda faol boshlaydi.
Shuningdek, bosh murabbiy jamoaga kelganidan buyon asosiy e’tiborini futbolchilarning jismoniy holatini yaxshilashga qaratganini ma’lum qildi.
«Ayrim futbolchilar turli chempionatlarda o‘ynagan, ba’zilarida esa ma’lum muammolar mavjud edi. Shunga qaramay, so‘nggi o‘yin davomida futbolchilarning holati yaxshi ekanini ko‘rdim. Jamoa uchrashuvni yuqori tempda yakunladi va barcha o‘zini yaxshi his qildi», — deydi u.
Shomurodov Kolumbiyaga qarshi birinchi turdagi 1:3 hisobidagi mag‘lubiyatga ham to‘xtalib:
«Birinchi bo‘limda murabbiy ko‘rsatmalarini to‘liq bajarolmaganimiz evaziga xatolar kelib chiqdi, deb o‘ylayman. Ertaga bunday xatolarni takrorlamasdan, o‘z o‘yinimizni ko‘rsatishga, to‘pni ko‘proq nazorat qilib, vaziyatlar yaratishga harakat qilamiz», — dedi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston va Portugaliya o‘rtasidagi bahs 23-iyun kuni Xyuston shahridagi «Houston Stadium» arenasida bo‘lib o‘tadi. O‘yin Toshkent vaqti bilan soat 22:00 da boshlanadi.





