Katta iqtisodiyot — boy aholi degani emas: Aholi jon boshiga daromad bo‘yicha reytingni kichik davlatlar boshqarmoqda
2026-yilda jahon yalpi ichki mahsulotining 42 foizi atigi ikki davlat hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Ammo gap mamlakat boyligini aholi soniga taqsimlashga kelganda, global reyting butunlay boshqacha tus oladi.
© Ijtimoiy tarmoqlarDunyoning eng yirik iqtisodiyotiga ega bo‘lish har doim ham aholi jon boshiga eng yuqori ko‘rsatkichni anglatmaydi. Xalqaro valuta jamg‘armasining (XVJ) 2026 yilgi baholariga ko‘ra, AQSH umumiy YAIM bo‘yicha birinchi, Lixtenshteyn esa aholi jon boshiga YAIM hisobida yetakchi o‘rinni egallab turibdi.
«Visual Capitalist» nashri e’lon qilgan infografikada dunyoning eng yirik 25 iqtisodiyoti aholi jon boshiga YAIM eng yuqori bo‘lgan 25 mamlakat bilan taqqoslangan. Tahlil natijalariga ko‘ra, har ikki ro‘yxatga bor-yo‘g‘i to‘qqizta davlat kirgan. Bu esa mamlakat iqtisodiyotining umumiy ko‘lami bilan aholi turmush darajasini baholovchi ko‘rsatkichlar o‘rtasidagi sezilarli farqni yaqqol namoyon etadi.
AQSH va Xitoy jahon iqtisodiyotidagi yetakchiligini saqlab qolmoqda
XVJning 2026 yil oktabr oyidagi «World Economic Outlook» hisobotiga ko‘ra, AQSHning nominal yalpi ichki mahsuloti 32,64 trln dollarga baholangan. Bu ko‘rsatkich bilan mamlakat dunyoning eng yirik iqtisodiyoti maqomini saqlab turibdi.
Ikkinchi o‘rinni 21,55 trln dollarlik YAIM bilan Xitoy egallagan. Ikki davlat o‘rtasidagi tafovut 11,09 trln dollarni tashkil etadi.
Germaniya 5,47 trln dollar bilan uchinchi o‘rinda bormoqda. Keyingi pog‘onalardan Yaponiya (4,34 trln dollar), Buyuk Britaniya (4,27 trln dollar) va Hindiston (4,06 trln dollar) joy olgan. Kuchli o‘nlikni Fransiya, Rossiya, Italiya va Braziliya yakunlab beradi.
2026 yilda nominal YAIM hajmi bo‘yicha yetakchi 10 ta iqtisodiyot:
O‘rin | Mamlakat | YAIM hajmi |
1 | AQSH | 32,64 trln dollar |
2 | Xitoy | 21,55 trln dollar |
3 | Germaniya | 5,47 trln dollar |
4 | Yaponiya | 4,34 trln dollar |
5 | Buyuk Britaniya | 4,27 trln dollar |
6 | Hindiston | 4,06 trln dollar |
7 | Fransiya | 3,55 trln dollar |
8 | Rossiya | 2,86 trln dollar |
9 | Italiya | 2,70 trln dollar |
10 | Braziliya | 2,65 trln dollar |
AQSH va Xitoyning birgalikdagi YAIM hajmi qariyb 54,2 trln dollarga yetadi. Bu XVJ tomonidan 2026 yil uchun hisoblangan 128 trln dollarlik jahon YAIMining taxminan 42 foizini tashkil etadi.
Aholi jon boshiga hisobda Lixtenshteyn peshqadam
YAIM aholi soniga taqsimlanganda, reyting manzarasi butunlay o‘zgaradi. Bu borada AQSH yoki Xitoy emas, balki aholisi nisbatan kam bo‘lgan Yevropa davlatlari yuqori natija qayd etmoqda.
2026 yilda Lixtenshteyn aholi jon boshiga 230 417 dollarlik YAIM bilan birinchi o‘rinda turibdi. Luksemburgda bu ko‘rsatkich 155 733 dollarni, Irlandiyada esa 127 837 dollarni tashkil etadi. Shveysariya va Norvegiya ham aholi jon boshiga 115 ming dollardan yuqori natija bilan kuchli beshlikdan joy olgan.
Aholi jon boshiga YAIM bo‘yicha dunyoning yetakchi 10 ta iqtisodiyoti:
O‘rin | Mamlakat | Aholi jon boshiga YAIM |
1 | Lixtenshteyn | 230 417 dollar |
2 | Luksemburg | 155 733 dollar |
3 | Irlandiya | 127 837 dollar |
4 | Shveysariya | 124 ming dollar |
5 | Norvegiya | 115 ming dollar |
6 | Singapur | 109 ming dollar |
7 | Islandiya | 107 ming dollar |
8 | AQSH | 95 212 dollar |
9 | Daniya | 83 ming dollar |
10 | Niderlandiya | 79 ming dollar |
Bu reytingda AQSHning o‘rni alohida e’tiborga molik: umumiy iqtisodiy hajm bo‘yicha mutlaq yetakchi bo‘lgan mamlakat aholi jon boshiga hisobda sakkizinchi pog‘onada turibdi. Dunyoning ikkinchi yirik iqtisodiyoti sanalgan Xitoy esa aholi jon boshiga 15 371 dollarlik ko‘rsatkich bilan kuchli 25 talikka ham kira olmagan.
Hindistonda bu tafovut yanada yaqqolroq seziladi. Mamlakat umumiy YAIM hajmi bo‘yicha oltinchi o‘rinda borsa-da, aholi jon boshiga 2 750 dollarlik natija bilan 157-pog‘onani egallagan.
Nega kichik mamlakatlar yirik iqtisodiyotlardan oldinda?
Aholi jon boshiga YAIM reytingida kichik davlatlarning peshqadamlik qilishi bir qator iqtisodiy omillarga bog‘liq. Bunda aholi soni, ishlab chiqarish tarkibi, moliyaviy xizmatlar, xalqaro kompaniyalar faoliyati va mehnat bozorining o‘ziga xosliklari hal qiluvchi rol o‘ynaydi.
Masalan, Lixtenshteyndagi 230 ming dollardan ortiq ko‘rsatkichni faqat mahalliy aholining shaxsiy daromadlari bilan izohlab bo‘lmaydi. Xalqaro valuta jamg‘armasining 2025 yilgi maxsus tadqiqotida Lixtenshteynda YAIM va yalpi milliy daromad o‘rtasida katta tafovut borligi qayd etilgan. Buning asosiy sabablaridan biri — qo‘shni davlatlardan qatnab ishlovchi xodimlar ulushining yuqoriligidir.
Lixtenshteynning 2025 yil yakunlariga oid rasmiy statistikasiga ko‘ra, mamlakatda band bo‘lgan 43 275 nafar xodimning 57 foizi qo‘shni davlatlardan — asosan Shveysariya va Avstriyadan — kelib ishlaydi. Ular mamlakat hududida mahsulot va xizmatlar yaratishga hissa qo‘shadi, shu bois ularning mehnati natijasi Lixtenshteyn YAIMida aks etadi. Biroq bu xodimlar doimiy aholi sanalmagani uchun aholi jon boshiga YAIMni hisoblashda inobatga olinmaydi. Aynan shu omil mamlakat ko‘rsatkichining bu qadar yuqori chiqishiga sabab bo‘ladi.
Luksemburgda ham shunga o‘xshash manzara kuzatiladi. Yevrostatning 2025 yilgi ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatning aholi jon boshiga YAIMi xarid qobiliyati pariteti bo‘yicha Yevropa Ittifoqi o‘rtacha ko‘rsatkichining 239 foizini tashkil etgan. Yevrostat bu natijani Belgiya, Fransiya va Germaniyadan kelib ishlovchilar soni ko‘pligi bilan izohlaydi.
Ikki reytingda faqat to‘qqizta iqtisodiyot bor
«Visual Capitalist» taqqoslagan 25 talik ro‘yxatlar orasida bor-yo‘g‘i to‘qqizta mamlakat har ikki reytingga kirgan: AQSH, Germaniya, Buyuk Britaniya, Kanada, Avstraliya, Niderlandiya, Shveysariya, Belgiya va Isroil.
Bu natija yirik iqtisodiyotga ega bo‘lish bilan aholi jon boshiga yuqori ko‘rsatkichga erishish boshqa-boshqa jarayon ekanini yana bir bor tasdiqlaydi. Masalan, Germaniya umumiy YAIM bo‘yicha uchinchi, aholi jon boshiga YAIM bo‘yicha esa 17-o‘rinda bormoqda. Kanada bu ro‘yxatlarda mos ravishda 11 va 23-pog‘onalarni egallagan. Shveysariya esa umumiy iqtisodiy hajm bo‘yicha 20-o‘rinda bo‘lsa-da, aholi jon boshiga ko‘rsatkichda to‘rtinchi pog‘onaga ko‘tarilgan.





