Kim Chen Inning singlisi hokimiyat tepasiga qaytdi

24.02.2026 | 21:582 daqiqa

U uzoq yillardan beri mamlakatning tashqi aloqalari va targ‘ibot ishlarida asosiy me’mor bo‘lib kelgan.

Kim Chen Inning singlisi hokimiyat tepasiga qaytdi

Koreya Xalq Demokratik Respublikasi yetakchisi Kim Chen Inning singlisi Kim Yo Jong hukmron Mehnat partiyasi Markaziy qo‘mitasining bo‘lim mudiri lavozimiga tayinlandi. Bu haqda 24-fevral kuni Koreya markaziy telegraf agentligi xabar tarqatdi. Mazkur qaror Pxenyanda o‘tkazilgan partiya plenumida qabul qilingan bo‘lib, u Kim Yo Jongning mavqeini vazir darajasiga ko‘tardi va uning hokimiyat doirasidagi ta’sirini rasmiylashtirdi.

Xabarda Kim Yo Jong aynan qaysi bo‘limni boshqarishi ochiqlanmagan. Biroq xalqaro tahlilchilar u mamlakatdagi mafkura, g‘oyaviy xabarlar va yetakchi shaxsiga sig‘inish masalalarini nazorat qiluvchi targ‘ibot va tashviqot bo‘limini qo‘lga olishini taxmin qilmoqda. Kim Yo Jong bundan avval mazkur bo‘limda mudir o‘rinbosari bo‘lib ishlagan..

Shuningdek, u partiyaning oliy qaror qabul qiluvchi organi — Siyosiy byuro a’zoligiga (nomzod sifatida) qaytdi. Kim Yo Jong 2020 yilgacha ushbu organda a’zo bo‘lgan, biroq 2021 yilgi partiya qurultoyida uning ismi ro‘yxatdan tushib qolgan edi. O‘shanda ekspertlar buni vaqtinchalik lavozimini pasaytirish deb baholagan edilar.

Seuldagi Milliy birlashish instituti katta tadqiqotchisi Xong Minning aytishicha, bu tayinlov uning nafaqat yetakchining singlisi, balki mustaqil siyosiy kuch ekanini institutsional darajada tasdiqladi. Kim Yo Jong so‘nggi yillarda Seul va Vashingtonga nisbatan qat’iy bayonotlar berish orqali Pxenyanning tashqi siyosatdagi asosiy ovoziga aylangan edi. Odatda u birinchi bo‘lib keskin munosabat bildiradi, so‘ngra Kim Chen In rasmiy tadbirlarda yakuniy pozitsiyani rasmiylashtiradi.

Kim Yo Jong Kim Chen Inning boshqaruvini muvofiqlashtiruvchi ishonchli yordamchidir. U kelajakda yetakchining qizi Kim Ju Ae uchun vasiy va hokimiyat merosxo‘rligi jarayonining himoyachisi vazifasini bajarishi mumkin.

Teglar

Mavzuga oid