Logo

Komputerlarning o‘zi xakerga aylanmoqda: Tarixda birinchi marta to‘liq avtomatlashtirilgan kiberhujum fosh etildi

Bugun 18:204 daqiqa

Rus tilidan foydalangan noma’lum xakerlik guruhi ishlab chiqqan «exploit_agent» sun’iy intellekt tizimi mustaqil ravishda zaifliklarni topgan, ularni buzish uchun kod yozgan va avtomatik tarzda Fransiyaning ta’lim hamda media saytlariga hujum uyushtirgan.

Komputerlarning o‘zi xakerga aylanmoqda: Tarixda birinchi marta to‘liq avtomatlashtirilgan kiberhujum fosh etildi © SI asosida yaratilgan

«Google» kompaniyasining kibertahdidlarni o‘rganuvchi «Google Threat Intelligence Group» (GTIG) bo‘linmasi tarixda birinchi marta sun’iy intellekt tizimlaridagi zaifliklarni topish va ularga hujum qilish jarayoni inson aralashuvisiz, mustaqil amalga oshirilgan operatsiyani fosh qildi.

Kompaniyaning 2026 yil 16-noyabrda e’lon qilgan hisobotida aytilishicha, rus tilidagi texnik izohlardan foydalangan noma’lum xaker bir nechta sun’iy intellekt agentlarini birlashtiruvchi maxsus «exploit_agent» tizimini yaratgan.

Mazkur tizim dasturiy ta’minotning xavfsizlik yangilanishlarigacha va undan keyingi holatini o‘zaro solishtirib, ehtimoliy bo‘shliqlarni izlab topgan, ulardan foydalanish uchun maxsus kodlar yozgan va hujumni avtomatik tarzda amalga oshirgan.

«Google» ma’lumotiga ko‘ra, xakerlar asosan Fransiyaning media, ko‘ngilochar va ta’lim tizimiga oid veb-saytlarini nishonga olgan.

Hujum qanday amalga oshirilgan?

«Google» mutaxassislari noma’lum xaker tomonidan ochiq qoldirilgan serverni topishga muvaffaq bo‘lgan. Ushbu serverga bir nechta ilg‘or va mahalliy til modellari bilan ishlovchi sun’iy intellekt agentlari tizimi o‘rnatilgan edi.

«exploit_agent» deb nomlangan ushbu tizim bir qator vazifalarni mustaqil bajarishga dasturlashtirilgan:

·         Ommabop veb-ilovalarning dasturiy kodini tahlil qilish;

·         Xavfsizlik yangilanishlaridan oldingi va keyingi o‘zgarishlarni o‘zaro taqqoslash;

·         Yangilanish jarayonida bartaraf etilgan zaifliklarni aniqlash;

·         Topilgan zaifliklardan foydalanish uchun kod yozish va uni avtomatik ishga tushirish.

Bu jarayonda tizim har bir bosqichni insonning buyrug‘isiz, mustaqil ravishda bajargan. «Google» ushbu hodisani avvalgi kuzatuvlaridan tubdan farq qiluvchi, ya’ni zaiflikni topishdan tortib, unga hujum qilishgacha bo‘lgan jarayonning to‘liq avtomatlashtirilgani bilan o‘ta muhim o‘zgarish sifatida baholamoqda.

Xakerlar qanday zarar yetkazishi mumkin edi?

«Google» aniqlagan serverda hujumdan so‘ng ishga tushirilishi mo‘ljallangan yana bir nechta qo‘shimcha dastur kodlari ham topilgan.

Ular tizimga buzib kirilgach, ichki tarmoqni o‘rganish, parollarni taxmin qilish yo‘li bilan buzish, yashirin veb-kodlarni o‘rnatish hamda boshqa xakerlar qoldirgan shunga o‘xshash kodlarni o‘chirib tashlash kabi vazifalarni bajarishga xizmat qilgan.

Shuningdek, kompaniya nishonga olingan tashkilotlardan o‘g‘irlangan ma’lumotlar ham serverda saqlanganini ma’lum qildi. Bu esa kiberhujum natijasida ma’lumotlar sizib chiqqanini tasdiqlaydi.

Biroq «Google» qancha tashkilot zarar ko‘rgani, o‘g‘irlangan ma’lumotlar hajmi va yetkazilgan moliyaviy zarar ko‘lamini ochiqlamagan.

Xakerlar rus tilidan foydalangan

«Google» mutaxassislari tekshirgan serverdagi texnik hujjatlar va konfiguratsiya fayllarida rus tilida yozilgan izohlar topilgan.

Ular orasida sun’iy intellekt modellarining API kalitlarini chat orqali emas, balki maxsus konfiguratsiya fayliga kiritish zarurligi haqidagi ko‘rsatma ham bo‘lgan.

Shu bois, bir qator xalqaro nashrlar ushbu hujumni rus tilida so‘zlashuvchi xakerlar bilan bog‘lamoqda.

Biroq «Google» hujum ortida aynan qaysi xakerlik guruhi yoki davlat turganini ochiqlamagan.

Bu hodisa nima uchun muhim?

«Google»ning sentabr oyidagi avvalgi hisobotida ham xakerlar sun’iy intellektdan zaifliklarni izlash, kod yozish va hujumlarni tezlashtirish maqsadida foydalanayotgani qayd etilgan edi. Biroq o‘sha vaqtda kompaniya nishonga olingan tizimlarga qarshi to‘liq mustaqil hujum zanjirlari qo‘llanganini hali kuzatmaganini bildirgan edi.

16-noyabrda e’lon qilingan yangi hisobot esa vaziyat butunlay o‘zgarganini ko‘rsatdi.

«Google» ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda boshqa xakerlik guruhlari ham «CAIRN», «PentAGI», «CyberStrikeAI» va «ARTEX» kabi sun’iy intellektga asoslangan vositalardan faol foydalanmoqda.

Masalan, «CAIRN» tizimi AQSHdagi aerokosmik sanoat tashkilotiga qarshi hujumda qo‘llangan. «PentAGI» asosida yaratilgan boshqa bir tizim esa Osiyodagi bir qator tashkilotlarni o‘rganish va ularning zaifliklarini aniqlashda ishlatilgan.

«Google» bunday vositalar kiberhujumlarning tezligi va ko‘lamini oshirayotganini ta’kidlamoqda. Biroq kompaniyaning kuzatuvlariga qaraganda, bu tizimlar hozircha yashirin harakat qilishdan ko‘ra tezlikka ko‘proq urg‘u beradi. Avtomatlashtirilgan operatsiyalar tarmoqda bemalol aniqlash mumkin bo‘lgan izlarni qoldiradi.

Oddiy dasturiy xatolar ham jiddiy kibertahdidga aylanishi mumkin

Hujumning o‘zida butunlay yangi zaiflik kashf etilmagan. «Google» ta’kidlashicha, tizim dasturiy ta’minotdagi xavfsizlik yangilanishlarini tahlil qilish orqali avval mavjud bo‘lgan va bartaraf etilgan bo‘shliqlarni aniqlashga uringan.

Kiberxavfsizlik sohasida bunday zaifliklar «n-day» deb ataladi. Bu dastur ishlab chiqaruvchisi tomonidan oshkor qilingan yoki tuzatilgan, ammo barcha foydalanuvchilar ham hali yangilab ulgurmagan kamchiliklarni anglatadi.

Bu jarayon xakerlarga yangilanmagan tizimlarni tezroq topish imkonini beradi. Shu sababli «Google» tashkilotlarni dasturiy ta’minotni o‘z vaqtida yangilashga, internetga ochiq serverlarni nazorat qilishga va avtomatlashtirilgan hujumlarni aniqlash tizimlarini kuchaytirishga chaqirmoqda.

Kompaniyaning xulosasiga ko‘ra, sun’iy intellekt agentlaridan foydalanadigan xakerlik vositalari kelgusida yanada keng tarqalishi mumkin.

Teglar

Mavzuga oid