add

Maktabdagi o‘quvchi qizlar janjali ortidan 12 ota-ona jazolandi

21.10.2025 | 11:309841

Urgut tumanida maktab o‘quvchilarining janjallashuvi katta mojaroga aylandi. Holat yuzasidan Samarqand viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi rasmiy izoh berdi.

Maktabdagi o‘quvchi qizlar janjali ortidan 12 ota-ona jazolandi

Samarqand viloyatining Urgut tumanida 41-umumta’lim maktabi o‘quvchi qizlari o‘rtasida janjal yuz berdi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda qizlar bir-birining sochidan yulib, janjallashayotgani aks etgan. Holat yuzasidan Samarqand viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi rasmiy izoh berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Samarqand viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi hamda tuman ichki ishlar bo‘limi tomonidan ishchi guruh tuzilib, voqea atroflicha o‘rganilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, janjal joriy yilning 13 oktyabrida ikki 9-sinf o‘quvchisi — «A» sinfdagi F.F. va «B» sinfdagi R.G. o‘rtasida telefon orqali kelib chiqqan bahs ortidan yuz bergan. Ular 14 oktyabr kuni Qoratepa mahallasidagi Sarbozor ko‘chasida uchrashib, janjallashishgan.

Voqea paytida boshqa sinfdoshlari ham bo‘lgani aniqlangan. Boshqarma ma’lumotiga ko‘ra, holatdan so‘ng maktabda o‘quvchilar va ularning ota-onalari ishtirokida profilaktik suhbatlar o‘tkazilgan. Bolalarga internetdagi axloqiy me’yorlar va jamoat tartibini saqlash zarurligi tushuntirilgan.

Tuman ichki ishlar bo‘limi tomonidan holatda ishtirok etgan 12 nafar o‘quvchining ota-onalariga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasiga asosan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi. Mazkur modda voyaga yetmaganlarning xulq-atvori uchun javobgarlikni ta’minlashni nazarda tutadi.

Teglar

Mavzuga oid

Maktabdagi o‘quvchi qizlar janjali ortidan 12 ota-ona jazolandi | Vaqt.uz