Maldiv orollarining katta qismi 50 yildan so‘ng yashash uchun yaroqsiz holga kelishi mumkin
Olimlarning prognozlariga ko‘ra, 2070-yilga borib Maldiv orollarining 80 foizi suv ostida qoladi va mahalliy aholi orolni saqlab qolish uchun marjon riflarini tiklashda kayaklardan foydalanmoqda.

Okean sathining ko‘tarilishi sababli kelajakdagi 50 yil ichida Maldiv orollarining aksariyat qismi yashash uchun yaroqsiz holga kelishi mumkin. Bu haqda «Euronews» nashri xabar bermoqda.
Olimlarning prognozlariga ko‘ra, iqlim o‘zgarishi va Jahon okeani sathining ko‘tarilishi oqibatida 2070 yilga borib orol-davlat hududining qariyb 80 foizi suv ostida qolishi mumkin.
Mutaxassislarning pessimistik baholariga qaramay, mahalliy ekofaollar va aholi o‘z uylarini tark etishni xohlamayapti hamda davlatni saqlab qolish yo‘llarini qidirmoqda, deyiladi xabarda.
Tabiiy himoya to‘sig‘ini yaratish
Mintaqani qutqarish bo‘yicha asosiy loyihalardan biri atolllar orasida kayaklarda harakatlanuvchi ko‘ngillilar tomonidan amalga oshirilmoqda. Ular orollar atrofida tabiiy himoya to‘sig‘ini shakllantiruvchi, chidamli marjon turlarini ko‘chirib o‘tkazish va yetishtirish bilan shug‘ullanmoqda.
«Sog‘lom marjon riflari to‘lqinlar zarbini kamaytiradi va qirg‘oq eroziyasini sekinlashtirib, quruqlikni bo‘ronlar vaqtidagi vayronagarchiliklardan himoya qiladi», deya qayd etadi nashr.
Tashabbus ishtiroklarining ta’kidlashicha, motorli qayiqlar o‘rniga kayaklardan foydalanish nafaqat uglerod chiqindilarini kamaytirishga, balki nozik dengiz ekotizimlariga shikast yetkazmagan holda sayoz lagunalarda ehtiyotkorlik bilan ishlashga imkon beradi. Mahalliy aholi tabiatni faol ravishda tiklash Maldiv orollariga kelajak uchun imkon yaratishiga ishonmoqda.
