Logo

Markaziy bank murojaatlar bo‘yicha eng salbiy ko‘rsatkichga ega 10 ta bankni e’lon qildi

Bugun 11:322 daqiqa

Yilning ikkinchi choragida shikoyatlar ulushi eng yuqori bo‘lgan banklar orasida Avo Bank yetakchilik qilmoqda.

Markaziy bank murojaatlar bo‘yicha eng salbiy ko‘rsatkichga ega 10 ta bankni e’lon qildi © Vaqt.uz

Markaziy bank 2026 yilning ikkinchi choragi yakunlari bo‘yicha bank xizmatlari sifatini oshirish va mijozlar manfaatlarini ta’minlash maqsadida tijorat banklari faoliyati yuzasidan kelib tushgan murojaatlar tahlilini e’lon qildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, hisobot davrida Markaziy bankka to‘g‘ridan to‘g‘ri hamda boshqa davlat organlari orqali banklar faoliyati yuzasidan 11 331 ta murojaat kelib tushgan.

Murojaatlar indeksi banklarga kelib tushgan murojaatlar sonining ularning faol mijozlari soniga nisbati asosida hisoblangan. Indeks qanchalik yuqori bo‘lsa, bankning mijozlar bazasiga nisbatan murojaatlar ulushi ham shunchalik katta hisoblanadi.

Ikkinchi chorak yakunlariga ko‘ra, eng yuqori indeks Avo Bankda qayd etildi — 4,42.

Murojaatlar bo‘yicha eng salbiy indeksga ega 10 ta bank quyidagicha:

●     Avo Bank — 4,42;

●     Biznesni rivojlantirish banki — 2,78;

●     Mikrokreditbank — 2,69;

●     TBC Bank — 2,63;

●     Anor Bank — 1,84;

●     Invest Finans Bank — 1,46;

●     Turonbank — 1,46;

●     Asakabank — 1,28;

●     Ipoteka Bank — 1,09;

●     Kapitalbank — 1,07.

Markaziy bank ta’kidlashicha, mijozlar soniga nisbatan murojaatlar ulushining yuqori bo‘lishi banklar quyidagi yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratishi zarurligini ko‘rsatadi:

●     mijozlarga bank mahsulotlari va xizmatlari bo‘yicha yetarli tushuntirish berish;

●     murojaatlarga o‘z vaqtida va sifatli javob taqdim etish;

●     takroriy murojaatlarga sabab bo‘layotgan tizimli kamchiliklarni bartaraf etish;

●     mijozlarga xizmat ko‘rsatish sifati va ichki nazorat mexanizmlarini kuchaytirish.

Shu munosabat bilan regulyator banklarga murojaatlar sabablarini chuqur tahlil qilish, ularni ko‘rib chiqish jarayonlarini takomillashtirish hamda mijozlar manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan choralarni kuchaytirishni tavsiya qildi.

Markaziy bank izohiga ko‘ra, mazkur indeks banklarning moliyaviy barqarorligi yoki ishonchliligini baholamaydi. U faqat faol mijozlar soniga nisbatan bank faoliyati yuzasidan kelib tushgan murojaatlar ulushini aks ettiradi. Shuningdek, hisobot choragida 100 tadan kam murojaat kelib tushgan banklar bo‘yicha indeks hisoblanmaydi.

Murojaatlar indeksi qanday hisoblanadi?

Indeks bankning murojaatlar soni bo‘yicha bozor ulushini mijozlar soni bo‘yicha bozor ulushiga bo‘lish orqali aniqlanadi. Ya’ni bankning murojaatlar ulushi uning mijozlar bazasiga nisbatan qanchalik yuqori ekanini ko‘rsatadi. Bu yondashuv turli hajmdagi banklarni o‘zaro solishtirish imkonini beradi.

Teglar

Mavzuga oid