May oyida o‘zbekistonliklar eng ko‘p qaysi korxona cheklarini ro‘yxatdan o‘tkazdi?
Soliq qo‘mitasi «Soliq Mobile» ilovasi orqali cheklari eng ko‘p ro‘yxatdan o‘tkazilgan kompaniyalar reytingini e’lon qildi.
© Kollaj2026-yil may oyida xarid cheklari «Soliq Mobile» ilovasi orqali eng ko‘p ro‘yxatdan o‘tkazilgan korxonalar reytingi e’lon qilindi. Unga ko‘ra, «Olma» supermarketlar tarmog‘i ilk bor «Havas» diskaunteridan o‘zib ketib, ikkinchi o‘ringa ko‘tarildi.
Reytingda yetakchilikni an’anaviy tarzda «Korzinka» tarmog‘ini boshqaruvchi «Anglesey Food» MCHJ XK saqlab qoldi. May oyida tarmoqning 6 mln 869,9 mingta cheki «Soliq Mobile» ilovasida ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Ushbu cheklar uchun xaridorlarga 9,4 mlrd so‘mdan ortiq keshbek hisoblangan.
Ikkinchi o‘ringa chiqqan «Olma» tarmog‘ini boshqaruvchi «Xalq Retail» MCHJning 2 mln 634,9 mingta cheki qayd etilgan. Ushbu xaridlar bo‘yicha iste’molchilarga 1,2 mlrd so‘m keshbek berilgan.
Reytingdagi o‘zgarishlar
Soliq qo‘mitasi «Soliq Mobile» ilovasida eng ko‘p ro‘yxatdan o‘tkazilgan cheklar reytingini 2022-yil noyabrdan buyon e’lon qilib keladi. Shu vaqtdan beri «Korzinka» birinchi o‘rinni saqlab kelmoqda.

Avval ikkinchi o‘rinda bo‘lib kelgan Havas may oyida uchinchi pog‘onaga tushdi. «Havas Food» MCHJ QKda 2 mln 438 mingta chek ro‘yxatdan o‘tkazilgan va ular uchun 1,24 mlrd so‘m keshbek hisoblangan.
Shu bilan birga, Havas keshbek summasi bo‘yicha hali ham «Olma»dan oldinda. 2024-yil oktabrida esa «Olma» cheklar soni bo‘yicha «Makro» tarmog‘ini ortda qoldirgan edi.
Bozordagi raqobat kuchaymoqda
«Olma» supermarketlar tarmog‘i so‘nggi yillarda jadal o‘sish ko‘rsatmoqda. 2022-yil noyabr oyida e’lon qilingan ilk reytinglarda korxona 17-o‘rinni egallagandi.
May oyi reytingida «Havas»dan keyingi o‘rinlarni «Safia» brendini boshqaruvchi Madina Qandolat» MCHJ (748,3 mingta chek), «Makro» tarmog‘iga tegishli «Darvoza Savdo» MCHJ (506,2 mingta chek) va «KFC» operatori «International Foodchain» MCHJ (406,7 mingta chek) egalladi.
Avvalroq Soliq qo‘mitasi UzQR orqali to‘lovlarni qabul qilish tartibi yuzasidan tushuntirish bergandi.
Eslatib o‘tamiz, 1-iyuldan boshlab O‘zbekistonda savdo va xizmat ko‘rsatish sohasida yagona QR-kodli to‘lov tizimi — UzQR orqali to‘lovlarni qabul qilish tartibi kuchga kirdi.





