Logo

Migratsiya agentligiga yangi rahbar tayinlandi

Kecha 22:161 daqiqa

O‘zbekistonning Yaponiyadagi elchisi sifatida ishlab kelgan Muhsinxo‘ja Abdurahmonov agentlikning yangi rahbari bo‘ldi.

Migratsiya agentligiga yangi rahbar tayinlandi

Bugun, 3-sentabr kuni O‘zbekiston Prezidentining tegishli qarori bilan Muxsinxo‘ja Tursunxo‘jayevich Abdurahmonov O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi direktori lavozimiga tayinlandi.

52 yoshli Muxsinxo‘ja Tursunxo‘jayevich Abdurahmonov 1996 yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan, shuningdek, AQSHning Kaliforniya davlat universiteti hamda O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasida tahsil olgan. Keyinchalik u ta’limini Yaponiyada davom ettirib, Otaru tijorat universiteti magistraturasi va Xokkaydo universiteti doktoranturasini o‘tagan.

Mehnat faoliyatining dastlabki yillarida Xokkaydo universitetida ilmiy tadqiqotchi, «Coca-Cola Uzbekistan LLC» kompaniyasida menejer va 2008–2017 yillarda Yaponiyaning «MTRUST» kompaniyasida bosh direktor vazifalarida ishlagan.

Uning davlat boshqaruvi tizimidagi faoliyati 2018 yildan boshlangan bo‘lib, 2021 yilga qadar Farg‘ona viloyati hokimining investitsiyalar va tashqi savdo masalalari bo‘yicha o‘rinbosari sifatida ishlagan.

Ushbu lavozimdan so‘ng qisqa muddat O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligining investitsiyalar bo‘yicha boshqarmasi boshlig‘i bo‘lgan. Migratsiya agentligi rahbarligiga tayinlanguniga qadar esa, ya’ni 2021 yilning iyul oyidan buyon Muxsinxo‘ja Abdurahmonov O‘zbekistonning Yaponiyadagi elchisi lavozimida faoliyat yuritib kelayotgan edi.

Eslatib o‘tamiz, bugun Behzod Musayev boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi direktori lavozimidan ozod etilgan edi.

Teglar

Mavzuga oid