Mingta jonivor va bir oila — «Четыре Лапы» boshpanasida hayot qanday kechadi?
«Click» har kuni egasiz hayvonlarga g‘amxo‘rlik qilayotgan insonlar, boshpanalarning ehtiyojlari va ularga har birimiz qanday yordam bera olishimiz haqida hikoya qiladi.

«Click» «G‘amxo‘r Click» loyihasi doirasida O‘zbekistondagi hayvonlar boshpanalarini qo‘llab-quvvatlash uchun «Yaxshilik g‘amxo‘rlikdan boshlanadi» axborot kampaniyasini boshlamoqda. Har hafta «Click» foydalanuvchilarni bir boshpana, uning jamoasi va u yerda yashayotgan jonivorlar bilan tanishtiradi. Boshpananing kundalik ishlarida nimalar kerakligi va unga qanday yordam berish mumkinligi haqida so‘z yuritadi. Buning bir yo‘li — «Click SuperApp»dagi «Xayriya» bo‘limi orqali ehson qilish.
Ilk hikoyamiz Dudnikovlar oilasi va ular ochgan «Четыре Лапы» boshpanasi haqida. Bu yerdagi jonivorlarga hoziroq ushbu havola orqali ehson qilishingiz mumkin. Bugun boshpanada mingga yaqin jonivor — itlar, mushuklar va eshaklar yashaydi. Andrey va Viktoriya Dudnikovlar qaravchilar bilan birga egasiz qolgan, shafqatsiz munosabatdan aziyat chekkan yoki ko‘chada qolib ketgan hayvonlarga g‘amxo‘rlik qilishadi. Boshpanada hayot qanday kechishi va bu yerda qanday yordamga ehtiyoj borligi haqida ularning qizi Kristina Dudnikova so‘zlab berdi.

Hammasi bir kuchukchadan boshlangan
Boshpana tarixi 2019-yilda Nika laqabli kuchukchadan boshlangan. Ayozli kunlarning birida kichkina Nika ko‘chada, temir tog‘ora ichida sovuqdan panoh topishga urinayotgan edi. Atrof qor bilan qoplangan, kuchukcha esa qotib qolay degan edi. Dudnikovlar Nikani uyga olib kelishgan. O‘shanda ular bu voqeadan keyin yana qanchadan qancha jonivorga yordam berishlarini xayollariga ham keltirishmagan.
«Bu yo‘l qanchalik og‘ir bo‘lishi, zimmamizga qanchalik katta mas’uliyat tushishini tasavvur ham qilmagandik», — deya eslaydi Kristina.
Vaqt o‘tib, oila boshqa jonivorlarni ham o‘z qaramog‘iga ola boshladi. Ular orasida egalari voz kechgan uy hayvonlari, shafqatsiz munosabatdan jabrlangan it va mushuklar, qarovsiz hayvonlarni tutish xizmatidan olib kelingan jonivorlar, shuningdek, ko‘chada tug‘ilgan kuchuk va mushukchalar bor. Har bir jonivorning o‘z tarixi, o‘z fe’l-atvori bor. Jamoaning eng katta umidi — har biriga mehribon ega topish. Ungacha esa ularning hayoti va farovonligi uchun boshpana xodimlari va Dudnikovlar oilasi mas’ul.
Mingta jonivor — har kuni mingta yumush
«Четыре Лапы» boshpanasida kun jonivorlarga ovqat berish va ularning joyini tozalashdan boshlanadi. Qaramog‘ida mingga yaqin hayvon bo‘lsa, shu ikki yumushning o‘zi kunning katta qismini oladi. Xodimlar davolash muolajalarini ham bajarishadi — tomizg‘ich qo‘yishadi, ukol qilishadi, jarohatlarni tozalab, dori surtishadi. Doimiy parvarishga muhtoj jonivorlarga ba’zan tunda ham qarashga to‘g‘ri keladi.
Ko‘zga uncha tashlanmaydigan ishlar ham ko‘p. Keltirilgan ozuqani qabul qilib, mashinadan tushirish, dori-darmonlarni arzonroq narxda topish, yetkazib beruvchilar bilan kelishish, hayvonlar saqlanadigan volerlarni ta’mirlash yoki sovuqdan himoyalash kerak. Andrey Dudnikov qaravchilar bilan birga qurilish ishlarini o‘zi bajaradi, inshootlarni mustahkamlaydi va boshpana hududining holatidan xabar olib turadi.
Har bir faslga tayyorgarlik ko‘rish ham mablag‘ talab qiladi. Qishda jamoa boshpanani isitish va ovqat pishirish uchun o‘tin g‘amlaydi, volerlarga pichan to‘shab, ularni issiq tutadi. Yozda esa jonivorlarni jazirama issiqdan asrash kerak. Odamlardan ozor ko‘rgan hayvonlar alohida e’tiborga muhtoj. Ularga davolanish, tiklanish va insonga qayta ishonishni o‘rganish uchun vaqt kerak.


Boshpana nega yordamga muhtoj?
Boshpana mablag‘ining asosiy qismi ozuqa, dori-darmon, veterinariya xizmatlari va hududni saqlashga sarflanadi. Kristinaning aytishicha, boshpana asosan odamlarning ehsonlari va yordamiga tayanadi. Ozuqani muntazam xarid qilish kerak. Betob jonivorni davolashni esa mablag‘ bo‘lguncha kechiktirib bo‘lmaydi. Shu sababli oila ba’zan zarur narsalarni qarzga olishga majbur bo‘ladi.
«Boshpanada biror narsani oldindan rejalashtirish juda qiyin. Muntazam ko‘mak bo‘lsa, eng avvalo qarzga botib qolmaymiz», — deydi Kristina.
Ehsonlar hisobiga jamoa ozuqa va dori-darmon sotib oladi, jonivorlarni davolashni davom ettiradi, volerlarni ta’mirlaydi va qishga tayyorlaydi. Muntazam yordam ayniqsa muhim. Bir martalik xayriya yig‘imi tugaganidan keyin ham jonivorlarga har kuni ozuqa va parvarish kerak bo‘ladi.
«Четыре Лапы» boshpanaciga qanday yordam berish mumkin?
Boshpanadagi jonivorlarga bevosita «Click» ilovasi orqali ehson qilishingiz mumkin. Ilovaning bosh sahifasidagi qidiruv qatoriga «Четыре Лапы» deb yozing va boshpanani tanlang. Ehson miqdorini kiriting va to‘lovni tasdiqlang. Boshpana sahifasiga ushbu havola orqali ham o‘tishingiz mumkin.
Boshpanaga quruq va nam ozuqa, jumladan, davolovchi ozuqa, jonivorlar tagiga solish uchun to‘shamalar, «adyol»lar, yopinchiqlar va choyshablar, eshaklar uchun omuxta yem, sabzavot va mevalar, o‘tin, qurilish materiallarini olib borib ham yordam berishingiz mumkin. Biror narsa olib borishdan oldin ayni paytda nima eng zarurligini boshpana jamoasidan so‘rab olgan ma’qul.
Vaqtingizni ajratib ham yordam bera olasiz. Masalan, boshpanani tozalashda ko‘maklashishingiz, uning faoliyati haqida boshqalarga aytib berishingiz yoki yangi ega izlanayotgan jonivorlar haqidagi xabarlarni ulashishingiz mumkin. Hozir boshpanaga nimalar kerakligini bilish va tashrif vaqtini kelishish uchun jamoa bilan Telegram guruhi yoki Instagram sahifasi orqali bog‘lanishingiz mumkin.


Yaxshilik g‘amxo‘rlikdan boshlanadi — ba’zan buning uchun birgina oddiy qadam kifoya
Shu nomdagi kampaniya doirasida «Click» barchani hayvonlar boshpanalariga yordam berishga chorlaydi. Ehson qilish, zarur buyumlarni olib borish, ko‘ngilli sifatida yordamlashish yoki yordamga muhtoj jonivorlar haqida boshqalarga aytib berish mumkin. «Click» har hafta O‘zbekistondagi boshpanalar, ularning jamoalari hamda mehr va o‘z uyini kutayotgan jonivorlar haqida yangi hikoyalarni e’lon qilib boradi.
Reklama





