Logo

Mirziyoyev To‘qayevni yangi Qurultoy saylovi bilan tabrikladi

O‘zbekiston prezidenti Qozog‘istondagi parlament saylovlari yakunlari munosabati bilan To‘qayevga maktub yo‘lladi.

Mirziyoyev To‘qayevni yangi Qurultoy saylovi bilan tabrikladi © Ijtimoiy tarmoqlar

Prezident Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayevga maktub yo‘llab, mamlakatning yangilangan parlamenti — Qurultoyga saylovlar muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan samimiy tabrikladi.

Davlatimiz rahbari ushbu tarixiy voqea Qozog‘iston siyosiy tizimini takomillashtirish, davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish va parlament rolini sezilarli darajada kuchaytirishda yangi bosqichni boshlab berganini ta’kidladi.

Maktubda Saylovlarda fuqarolarning faol ishtiroki Qosim-Jo‘mart To‘qayev rahbarligida amalga oshirilayotgan, Qozog‘istonning barqaror taraqqiyotini ta’minlash, uning xalqaro maydondagi nufuzi va ta’sirini yanada oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli konstitutsiyaviy va ijtimoiy-siyosiy islohotlar xalq tomonidan keng qo‘llab-quvvatlanayotganining yorqin tasdig‘i ekani qayd etildi.

Mirziyoyev asrlik do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik rishtalari bilan bog‘langan qardosh qozoq xalqi zaminida amalga oshirilayotgan yangilanishlarning yuksak natijalaridan samimiy mamnun ekanini bildirdi.

Shuningdek, O‘zbekiston va Qozog‘iston parlamentlari o‘rtasidagi yaqin hamkorlik ikki do‘st mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari ruhida yangi sifat bosqichiga ko‘tarilishiga ishonch bildirildi.

Maktub yakunida Shavkat Mirziyoyev Qosim-Jo‘mart To‘qayevga mustahkam sog‘lik, farovonlik va davlatchilik faoliyatida katta muvaffaqiyatlar, qardosh Qozog‘iston xalqiga esa tinchlik va ravnaq tiladi.

Teglar

Mavzuga oid