Neft arzonlashmoqda: AQSH va ittifoqchilari Ho‘rmuz bo‘g‘ozini blokdan chiqarish uchun kuchlarni birlashtirmoqda

Bugun 12:412 daqiqa

Vashington Eron neftiga qo‘yilgan sanksiyalarni bekor qilish va AQSHning strategik neft zaxiralaridan qo‘shimcha neft chiqarishni rejalashtirmoqda.

Neft arzonlashmoqda: AQSH va ittifoqchilari Ho‘rmuz bo‘g‘ozini blokdan chiqarish uchun kuchlarni birlashtirmoqda

Jahon neft narxlari bugun, 20-mart kuni pasaydi. Bu Yevropa yetakchi davlatlari va Yaponiyaning Ho‘rmuz bo‘g‘ozida kemalar xavfsizligini ta’minlashga qo‘shilishga tayyorligi fonida yuz berdi. Shu bilan birga, AQSH bozorda taklifni oshirishga qaratilgan bir qator choralarni e’lon qildi. Bu haqda «Reuters» xabar berdi.

Bozor dinamikasi

Juma ertalabgi holatga ko‘ra, neftning asosiy etalon navlari quyidagicha pasaydi:

«Brent» fyucherslari 1,36 dollar (1,3 foiz) ga tushib, barreli 107,29 dollarni tashkil qildi.

Amerikaning «WTI» nefti 1,92 dollar (2 foiz)ga arzonlashib, 94,22 dollarga yetdi.

Shunga qaramay, hafta yakuniga ko‘ra «Brent» 4 foiz o‘sish bilan yopilishi kutilmoqda. Bu Fors ko‘rfazi mamlakatlaridagi neft-gaz obyektlariga yaqinda qilingan zarbalar bilan bog‘liq. «WTI» esa aksincha, so‘nggi bir oy ichida ilk bor haftalik pasayishni (4 foizdan ortiq) qayd etadi.

AQSH va ittifoqchilarining strategik qadamlari

AQSH moliya vaziri Skott Bessent narxlarni pasaytirish uchun ikki asosiy instrumentdan foydalanish rejalashtirilayotganini bildirdi:

tankerlarda bloklangan Eron neftiga qo‘yilgan sanksiyalarni bekor qilish;

AQSHning strategik neft zaxiralaridan qo‘shimcha neft chiqarish imkoniyati.

Bozor uchun muhim signal sifatida Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya, Italiya, Niderlandiya va Yaponiyaning qo‘shma bayonoti e’lon qilindi. Ular Xo‘rmuz bo‘g‘ozi orqali tankerlar xavfsiz o‘tishiga yordam berishga tayyor ekanini bildirishdi. Ushbu yo‘lak orqali jahon nefti va suyultirilgan tabiiy gazi eksportining taxminan 20 foizi o‘tadi.

Shuningdek, Donald Tramp Binyamin Netanyaxuni Eron energetika infratuzilmasiga takroriy zarbalardan tiyilishga chaqirganini ma’lum qildi.

Ichki resurslar: AQSHda ishlab chiqarish o‘smoqda

Narxlarga bosim o‘tkazgan yana bir omil – AQSHning Shimoliy Dakota shtatida neft qazib olish hajmi oshishi haqidagi xabarlar bo‘ldi. Regulyatorlar bu oyning o‘zidayoq ishlab chiqarish o‘sishini kutmoqda. Bu, asosan, faol bo‘lmagan quduqlarni qayta ishga tushirish va qishki cheklovlarning yumshatilishi bilan izohlanmoqda. Biroq o‘sish sur’ati neft narxlari yirik kompaniyalar uchun yetarlicha yuqori bo‘lishiga bog‘liq bo‘ladi.

Analitiklar fikri

«Phillip Nova» kompaniyasining katta tahlilchisi Priyanka Sachdevaga ko‘ra, jahon yetakchilari vaziyatni yumshatish haqida gapira boshlaganidan so‘ng bozor «harbiy premiya»ni qisqartirishni boshladi.

«Zarar allaqachon yetkazilgan. Hatto Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali xavfsiz harakat bo‘yicha kelishuvga erishilsa ham, logistikani to‘liq tiklash juda ko‘p vaqt oladi. Infratuzilmaga har qanday yangi to‘g‘ridan to‘g‘ri zarba narxlarni yana keskin oshirishi mumkin», – dedi u.

Teglar

Mavzuga oid