Logo

Nobel laureatining «Google»dan ketishi «Alphabet» aksiyalari pasayishiga sabab bo‘ldi

Bugun 08:302 daqiqa

«Google» kompaniyasining sun’iy intellekt bo‘yicha ikki nafar yetakchi tadqiqotchisi «OpenAI» va «Anthropic» kabi raqobatchi kompaniyalarga o‘tib ketdi.

Nobel laureatining «Google»dan ketishi «Alphabet» aksiyalari pasayishiga sabab bo‘ldi

«Google» kompaniyasining yetakchi sun’iy intellekt tadqiqotchilaridan biri, kimyo bo‘yicha nobel mukofoti laureati Jon Jamperning ishdan ketishi ortidan «Alphabet» aksiyalari keskin tushib ketdi. 22-iyun kungi «Nasdaq» birjasi savdolari yakuniga ko‘ra, bosh kompaniya aksiyalari 5,1 foizga (eng past nuqtada 7,2 foizgacha) arzonlab, 348,78 dollarni tashkil qildi. Bu haqda «Bloomberg» ma’lumotlariga tayanib «Forbes» xabar berdi.

Mazkur holat «Alphabet» uchun fevral oyidan beri kuzatilgan eng keskin pasayish bo‘ldi. Aksiyalar narxining tushishiga bevosita «Google DeepMind» vitse-prezidenti Jon Jamperning raqobatchi «Anthropic» kompaniyasiga ishga o‘tishini e’lon qilgani sabab bo‘ldi. Bundan biroz oldin esa «Google»ning yana bir taniqli tadqiqotchisi Noam Shazir «OpenAI» kompaniyasiga o‘tib ketgan edi.

Ma’lumot uchun, Jon Jamper oqsillar tuzilishini bashorat qila oluvchi «AlphaFold» sun’iy intellekt modeli uchun Demis Xassabis va Devid Beyker bilan birgalikda 2024 yilda kimyo bo‘yicha Nobel mukofotini qo‘lga kiritgan.
Kadrlar yo‘qotishi va bozordagi raqobat
Sobiq xodimlarning ma’lumotlariga ko‘ra, Jamper korporativ mijozlar uchun dasturlash SI-vositalarini ishlab chiqish jamoasining asosiy a’zosi bo‘lgan.

Uning ketishi «Google» ushbu yechimlarni korporativ mijozlarga sotishda qiyinchiliklarga duch kelayotgan bir paytga to‘g‘ri kelmoqda. Ayni vaqtda esa, korporativ mijozlar uchun vositalar yaratish yo‘nalishi «Anthropic» va «OpenAI» kompaniyalarining so‘nggi oylardagi asosiy o‘sish drayverlaridan biriga aylangan.

«DA Davidson» texnologik tadqiqotlar rahbari Gil Luriyaning ta’kidlashicha, bir necha kun ichida ikki nafar yetakchi tadqiqotchining umidli loyihalarni tark etishi «Google» sun’iy intellekt sohasidagi kadrlar uchun kurashda yutqazayotganidan dalolat berishi mumkin. Uning qayd etishicha, o‘tgan yili «Google» o‘zining ilg‘or modeli bilan SI poygasida g‘oliblardan biri hisoblangan bo‘lsa, endilikda bu yetakchilikni yo‘qotmoqda.

«Vital Knowledge» axborot byulleteni muallifi Adam Krisafullining qo‘shimcha qilishicha, II-modellari va dasturlash vositalari bozorida «OpenAI» hamda «Anthropic» dominant mavqeni egallamoqda va bu borada «Google», xAI va «Meta» kompaniyalarini sezilarli darajada ortda qoldirishni boshlagan.

Teglar

Mavzuga oid

Nobel laureatining «Google»dan ketishi «Alphabet» aksiyalari pasayishiga sabab bo‘ldi | Vaqt.uz