Olmaota va Toshkent o‘rtasida faqat ayollarga mo‘ljallangan poyezd vagoni ishga tushiriladi
Ushbu maxsus vagonda chiptalar faqat xotin-qizlarga va ularning hamrohligidagi 7 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il bolalarga sotiladi hamda ularga faqat ayol kuzatuvchilar xizmat ko‘rsatadi.
© Dubai metro2026 yilning 1-oktabridan boshlab Olmaota – Toshkent yo‘nalishidagi 1/2-sonli xalqaro poyezd tarkibida ilk bor faqat ayollar uchun mo‘ljallangan vagon xizmati yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda Qozog‘istonning «Yo‘lovchi tashuvlari» aksiyadorlik jamiyati matbuot xizmati ma’lum qildi.
Qozog‘iston va O‘zbekistonning yirik shaharlarini bog‘lovchi mazkur poyezd ikki davlat o‘rtasida muntazam temir yo‘l qatnovini ta’minlaydi.
«Olmaota – Toshkent xalqaro yo‘nalishi Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasidagi yo‘lovchilar qatnovini rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega. Ushbu yo‘nalishga bo‘lgan talab va yo‘lovchilar oqimining o‘sishini inobatga olib, mazkur yo‘nalishda «Ayollar vagoni»ni ishga tushirishga qaror qildik», — deydi «Yo‘lovchi tashuvlari» AJ boshqaruvi raisi Anuar Axmetjanov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, mazkur xizmat ichki temir yo‘l yo‘nalishlarida ham yuqori talabga ega bo‘lib, loyiha ishga tushirilganidan buyon undan 946 mingdan ortiq yo‘lovchi foydalangan.
Qoidalar va chipta xarid qilish tartibi
«Ayollar vagoni»da faqat ayollar hamda ularning hamrohligida yetti yoshgacha bo‘lgan (yetti yosh ham kiradi) o‘g‘il bolalarning harakatlanishiga ruxsat beriladi. Shuningdek, ushbu vagonlarga faqat ayol kuzatuvchilar (provodniklar) xizmat ko‘rsatishi ta’kidlangan.
Chiptalarni temir yo‘l kassalaridan kassirga «Ayollar vagoni»ni tanlashni ma’lum qilgan holda yoki bilet.railways.kz rasmiy sayti orqali onlayn xarid qilish mumkin. Xabarda aytilishicha, chipta rasmiylashtirayotganda joyning ayollar vagoniga tegishli ekanini bildiruvchi «JN» (jenskiy) belgisiga e’tibor qaratish lozim. Poyezd jo‘nashidan 45 kun oldin chiptalar sotuvi ochiladi, bu esa yo‘lovchilarga safarni oldindan rejalashtirish imkonini beradi.
Qatnov jadvali va boshqa yo‘nalishlar
Hozirgi vaqtda mazkur poyezd har kuni quyidagi jadval asosida harakatlanmoqda:
Olmaota bekatidan jo‘nash — soat 19:05 da;
Toshkent bekatiga yetib kelish — soat 12:53 da (Toshkent vaqti bilan);
Toshkent bekatidan jo‘nash — soat 14:41 da (Toshkent vaqti bilan);
Olmaota bekatiga yetib kelish — soat 08:51 da.
Yangi vagonning ishga tushirilishi bilan Qozog‘iston temir yo‘llarida «Ayollar vagoni» xizmati mavjud bo‘lgan yo‘nalishlar soni 14 taga yetadi. Ular qatorida Olmaota – Mang‘istau, Pavlodar – Turkiston, Mang‘istau – Semey, Atirau – Ostona, Aktobe – Olmaota, Ostona – Olmaota, Ostona – Shimkent, Ostona – Semey, Uralsk – Mang‘istau kabi ichki qatnovlar hamda Olmaota-2 – Toshkent xalqaro yo‘nalishi bor.





