Logo

Orenburgdan Toshkentgacha: Rossiya energetikasiga berilgan zarbalar Markaziy Osiyoda qanday aks etmoqda?

Rossiya neft-gaz zavodlarining Ukraina dronlari nishoniga aylanishi Markaziy Osiyo yoqilg‘i bozoriga yaqqol ta’sir ko‘rsatmoqda.

Orenburgdan Toshkentgacha: Rossiya energetikasiga berilgan zarbalar Markaziy Osiyoda qanday aks etmoqda?

Ukrainaning Rossiya energetika tizimiga berayotgan zarbalari oqibati allaqachon uning sarhadlaridan tashqarida ham sezilmoqda.

Orenburgdagi gazni qayta ishlash zavodiga qilingan hujumdan so‘ng Qozog‘iston mamlakatning eng yirik neft-gaz konlaridan birida qazib olish hajmini kamaytirdi.

Qirg‘izistonda esa ayrim turdagi benzin taqchilligi yuzaga keldi.

O‘zbekiston milliy aviakompaniyasi aviakerosin tanqisligi va narx oshib ketishi sababli ba’zi reyslarni qisqartirishga majbur bo‘ldi.

«BBC» nashrining yozishicha, Markaziy Osiyo davlatlarining energetika tizimi hamon Rossiya infratuzilmasi bilan chambarchas bog‘liq. Shu bois u yerdagi har qanday muammo qo‘shnilar uchun iqtisodiy yo‘qotishlarni keltirib chiqarmoqda.

Eng qaram davlatlar

Bishkeklik haydovchilar AI-95 va AI-98 markali benzin yo‘qligidan shikoyat qilmoqda. Bu markalar eng xaridorgir hisoblanmasa-da, Qirg‘iziston hukumati vaziyatni yetarlicha jiddiy deb baholadi. Oqibatda yoqilg‘i ta’minotini barqarorlashtirishda yordam so‘rab oltita davlatga, jumladan, Qozog‘iston, Ozarbayjon va O‘zbekistonga murojaat qildi.

Qirg‘iziston va Tojikiston Rossiya yoqilg‘isiga eng ko‘p qaram davlatlar sirasiga kiradi. Qirg‘iziston o‘zi iste’mol qiladigan benzin va dizelning 90 foizdan ortig‘ini Rossiyadan xarid qiladi. Tojikiston esa neft mahsulotlarining 84 foizini ushbu davlatdan import qiladi. Aprel oyining boshida Rossiya benzin eksportini taqiqladi. Agar muddat uzaytirilmasa, ushbu cheklov iyul oyining oxirigacha amal qiladi. Ammo, Qirg‘iziston va Tojikiston bu cheklovdan mustasno qilindi, sababi ularning Moskva bilan yoqilg‘i yetkazib berish bo‘yicha hukumatlararo bitimlari mavjud.

Biroq Rossiyadagi hozirgi taqchillik bu bitimlar ham yuz foizlik kafolat bermasligini ko‘rsatmoqda. Kelishuvlarda faqatgina yetkazib beriladigan mahsulotning taxminiy hajmi va imtiyozli rejim belgilangan. Ammo ular Rossiya ishlab chiqaruvchilarida yoqilg‘i bor-yo‘qligiga bog‘liq bo‘lgan real ta’minotni kafolatlamaydi.

«Agar Moskva ichki energetika xavfsizligi va eksport manfaatlari o‘rtasida tanlov qilishga majbur bo‘lsa, unda hech qanday ikkilanish bo‘lmaydi, deb o‘ylayman», — deydi energetika xavfsizligi masalalari bo‘yicha ekspert Franchesko Sassi.

2025 yilning kuzida Rossiyada yuzaga kelgan yoqilg‘i inqirozi, hukumatlararo bitimlarga qaramay, Tojikiston va Qirg‘izistonga mahsulot yetkazib berishning uzilishiga hamda benzin taqchilligiga sabab bo‘lgan edi. Agar hozirgi uzilishlar davom etib, Qirg‘izistonda eng xaridorgir bo‘lgan AI-92 markali benzin taqchilligi yuzaga kelsa, bu holat yuk tashish sohasiga, yig‘im-terim davrida qishloq xo‘jaligiga va, tabiiyki, narx-navoga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi.

Tojikistonda esa benzin narxi allaqachon ko‘tarilib ketgan. Dushanbeda uch hafta ichida bir litr AI-92 taxminan 8,6 foizga — 10,4 somoniydan 11,3 somoniygacha (1,12-1,22 dollar), bir litr dizel esa qariyb 21 foizga (11 somoniydan 13,3 somoniygacha) qimmatladi. Shu bois Tojikiston hukumati ta’minotning muqobil variantlarini izlamoqda. Masalan, mahalliy neftni qayta ishlash zavodlarida tayyor mahsulot olish uchun Erondan xom neft import qilish imkoniyati muhokama qilinmoqda.

Qozog‘iston qazib olish hajmini kamaytirmoqda

Neft va gazni mustaqil qazib olsa-da, infratuzilma jihatidan hamon Rossiyaga qaram bo‘lib qolayotgan Qozog‘istonda esa vaziyat biroz boshqacha.

24-iyunga o‘tar kechasi Ukraina dronlari Rossiyaning eng yirik korxonalaridan biri — Orenburg gazni qayta ishlash zavodiga hujum qildi. «Gazprom»ga qarashli ushbu zavod, jumladan, Qozog‘istonning shimoli-g‘arbidagi Qarachag‘anak konidan olinadigan xom gazni ham qayta ishlaydi.

Mamlakat energetika tizimi uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan Qarachag‘anak loyihasini xalqaro konsorsium boshqaradi. Uning ishtirokchilari safida «Chevron», «Shell» va «Eni» kabi jahon neft-gaz gigantlari, shuningdek, Rossiyaning «Lukoyl» va Qozog‘istonning «KazMunayGaz» kompaniyalari bor.

Kondan qazib olinadigan gazning asosiy qismi quvurlar orqali Orenburg gazni qayta ishlash zavodiga jo‘natiladi. U yerda gaz oltingugurtli birikmalardan tozalanib, tovar gazi, suyultirilgan uglevodorod gazlari va boshqa tarkibiy qismlarga ajratiladi. Tovar gazining bir qismi Qozog‘iston ichki bozoriga yo‘naltirilsa, qolgani eksport shartnomalari asosida sotiladi.

Hujum oqibatida Orenburg zavodi xom gaz qabul qilishni kamaytirdi. Bu esa, o‘z navbatida, Qarachag‘anak quduqlaridan chiqayotgan umumiy oqimni, ya’ni ham gaz, ham neft, ham gaz kondensatini (qayta ishlangach benzin, dizel va aviayoqilg‘i olinadigan uglevodorodlar aralashmasi) qazib olishni cheklashga majbur qildi.

Natijada Qozog‘iston konida neft va gaz kondensati qazib olish hajmi chorak qismga — kuniga 34 ming tonnadan 25 ming tonnagacha qisqardi.

Bunday holat 2025 yilning kuzida ham aynan Orenburg zavodiga qilingan hujum ortidan kuzatilgan edi. O‘shanda ham Qarachag‘anakda ishlab chiqarish 25 foizga qisqargan va neft-gaz sohasi eksperti Oljas Baydildinov operatorning kunlik yo‘qotilgan yalpi daromadini taxminan 4,4 million dollarga baholagandi. Ammo o‘shanda Orenburg uch kun ichida gazni qabul qilishni tiklagan bo‘lsa, bu galgi cheklov mana bir haftadirki davom etmoqda.

Hozircha rasmiy idoralar Qozog‘istonning ichki gaz ta’minotiga zarar yetmaganini ta’kidlamoqda. Biroq qazib olishning kamayishi eksport uchun xom ashyo qisqarganini anglatadi. Agar Orenburgda gazni qabul qilish cheklovlari uzoqqa cho‘zilsa, mamlakat eksport tushumidan, budjet esa soliq va boshqa neft-gaz daromadlarining bir qismidan quruq qolishi mumkin.

Qarachag‘anakdan neft va kondensat eksport qilinadigan asosiy yo‘nalish Kaspiy quvur o‘tkazgichlari konsorsiumi (KQK) tizimi hamda Novorossiysk yaqinidagi Qora dengiz terminali orqali o‘tadi. Ammo Novorossiysk ham Ukraina dronlarining nishoniga aylangani sababli bu yo‘nalish xavf ostida qolmoqda.

May oyiga qadar Qarachag‘anak neftining bir qismi Atirau — Samara quvuri, so‘ngra «Drujba» tizimi orqali Berlin yaqinidagi Shvedt neftni qayta ishlash zavodiga (Germaniyaga) ham yetkazib berilayotgan edi. Biroq 1-maydan boshlab Rossiya Qozog‘iston neftining «Drujba» orqali Germaniyaga tranzitini to‘xtatdi. Bosh vazir o‘rinbosari Aleksandr Novak bu qarorni «texnik sabablar» bilan izohladi.

Qozog‘iston energetika vaziri Yerlan Akkenjenov bu holat Ukraina dronlarining yaqinda Rossiya infratuzilmasiga bergan zarbalari bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligini taxmin qildi. Ammo «Financial Times» nashri yuqori lavozimli qozoq mulozimiga tayanib yozishicha, bu Ukrainani qo‘llab-quvvatlayotgani uchun Yevropa Ittifoqi va Germaniyaga bosim o‘tkazish urinishi bo‘lishi ham mumkin.

Остоna anchadan buyon Rossiyaning qayta ishlash sanoatiga tobelikni kamaytirishga urinib keladi. Iyun oyining boshida Qozog‘istonning asosiy gaz kompaniyasi — «QazaqGaz» Qarachag‘anak konida yangi gazni qayta ishlash zavodi loyihasini ishlab chiqish uchun Janubiy Koreyaning «Hyundai Engineering» kompaniyasini tanladi. Rejaga ko‘ra, mazkur zavod yiliga 5 milliard kub metrgacha gazni qayta ishlash quvvatiga ega bo‘ladi.

Biroq bu yaqin yillar uchun muammoning yechimi bo‘la olmaydi. Yangi zavod ishga tushirilgandan keyin ham bugungi kunda Orenburg zavodida qayta ishlanayotgan gaz hajmidan taxminan ikki barobar kamroq xom ashyo qabul qila oladi. Bu loyiha Qozog‘istonning Rossiya infratuzilmasiga qaramligini ma’lum ma’noda kamaytirsa-da, baribir Orenburgning o‘rnini to‘liq bosa olmaydi.

Shuningdek, rasmiylar Boku — Tbilisi — Jayhon yo‘nalishini Rossiya tranzitiga asosiy muqobillardan biri sifatida tez-tez tilga olib keladi. Ammo, mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, Kaspiy dengizi orqali neft tashish uchun tankerlar yetishmovchiligi sababli hozircha bu yo‘nalish imkoniyatlari juda cheklangan.

Shu bilan birga, Rossiyadagi yoqilg‘i inqirozi Qozog‘istonga daromad olish imkonini ham yaratmoqda. «Reuters» agentligining ma’lumotlariga ko‘ra, Moskva ichki bozoridagi taqchillikning o‘rnini to‘ldirish maqsadida Остоna bilan taxminan 50 ming tonna AI-92 benzini sotib olish masalasini muhokama qilmoqda. Qozog‘iston rasmiylari esa Rossiyadan hozircha rasmiy so‘rov olmaganini ta’kidlagan.

O‘zbekiston nisbatan himoyalangan

O‘zbekiston Rossiyadagi yoqilg‘i inqirozi oqibatlaridan Qirg‘iziston va Tojikistonga nisbatan yaxshiroq, ammo Qozog‘istondan ko‘ra yomonroq himoyalangan.

Mamlakatda neft va gaz kondensati qazib olinadi. Buxoro va Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodlari esa bu xom ashyodan benzin, dizel va boshqa turdagi neft mahsulotlarini ishlab chiqaradi.

Ammo «BBC» nashrining ta’kidlashicha, bu hajm tobora o‘sib borayotgan ichki talabni to‘liq qondira olmaydi. Shu bois O‘zbekiston benzin, dizel va aviakerosinni, jumladan, Rossiyadan ham import qilishda davom etmoqda. 2026 yilning yanvar-aprel oylarida benzin importi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan ikki barobardan ko‘proqqa, dizel importi esa qariyb 18 foizga oshgan.

Shu sababli, Rossiyadan yetkazib berish hajmining qisqarishi o‘zbekistonliklarni butunlay yoqilg‘isiz qoldirmasa-da, narx-navoning ko‘tarilishiga va yoqilg‘ining ayrim turlarida taqchillik yuzaga kelishiga olib kelishi ehtimoldan xoli emas.

12-iyun kuni «Uzbekistan Airways» kompaniyasi aviakerosin taqchilligi va narxi oshgani sababli O‘zbekiston va Rossiya shaharlari o‘rtasidagi ayrim yo‘nalishlar bo‘yicha qatnovlar sonini qisqartirishini ma’lum qildi. Bu cheklovlar Moskva va Sankt-Peterburgga uchadigan reyslarning bir qismiga ta’sir ko‘rsatdi.

Aviakompaniya mazkur holat «tashqi omillar» bilan bog‘liqligini bildirdi, ammo aniq sabablarni ochiqlamadi. Kerosinning jahon bozoridagi narxi oshishi Yaqin Sharqdagi mojarolar va Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali yuk tashishdagi uzilishlar bilan bog‘liq. Rossiyadagi taqchillik va aviakerosin eksportiga o‘rnatilgan cheklovlar ham bozordagi vaziyatni murakkablashtirgan bo‘lishi mumkin. Biroq bu omillar hamda «Uzbekistan Airways» qarori o‘rtasidagi bevosita bog‘liqlikni na aviakompaniya, na rasmiy Toshkent tasdiqladi.

Bundan tashqari, AI-92 markali benzinning birjadagi narxi keskin ko‘tarilib, OAV xabarlariga ko‘ra, tarixiy maksimumga yetgan.

Uzoq muddatli istiqbolda O‘zbekiston uchun gaz masalasi ham bundan kam ahamiyat kasb etmaydi. 2026 yilning birinchi choragida mamlakatda gaz qazib olish hajmi 15 foizga kamaygan bo‘lsa, xorijdan xarid qilish keskin oshdi. Qish mavsumi yaqinlashgani sayin bu masala yanada dolzarb tus oladi.

Ўтgan yili Oslo universiteti tadqiqotchisi Franchesko Sassining ta’kidlashicha, O‘zbekiston gaz taqchilligini milliy xavfsizlikka tahdid sifatida qabul qiladi. Shu sababli ham mamlakat bir vaqtning o‘zida ham «Gazprom»ga murojaat qilgan, ham Qozog‘iston va Turkmaniston bilan muzokaralar olib borgan. Uning fikricha, Rossiyadan yetkazib beriladigan gaz mintaqaga qisqa muddatli barqarorlik baxsh etsa-da, iqtisodiy o‘sishni Moskvaning siyosiy ta’siriga potensial ravishda qaram qilib qo‘yishi mumkin.

2022 yilning dekabr oyida Toshkent Moskva tomonidan taklif qilingan, Rossiya va Qozog‘iston ishtirokidagi «uch tomonlama gaz ittifoqi»ni rad etgan edi. O‘shanda Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov gaz yetkazib berish bo‘yicha kelishuv siyosiy emas, faqatgina tijoriy va texnik asosda bo‘lishini qat’iy ta’kidlagan.

Teglar

Mavzuga oid

Orenburgdan Toshkentgacha: Rossiya energetikasiga berilgan zarbalar Markaziy Osiyoda qanday aks etmoqda? | Vaqt.uz