Logo

O‘rta yo‘lak katta urush girdobiga tortilmoqda

Kecha 18:024 daqiqa

15-noyabr kuni Qora dengizda, Ruminiya qirg‘oqlari yaqinida yana uchta tijorat kemasi dronlar hujumiga uchradi. Ukraina bu zarbalar Rossiya tomonidan berilganini ta’kidlamoqda, ammo Moskva odatda bu hujumlarga aloqadorligini tasdiqlamaydi.

O‘rta yo‘lak katta urush girdobiga tortilmoqda

So‘nggi oylarda Qora dengizdagi savdo kemalariga dron hujumlarining tez-tez sodir bo‘lishi Yevropa Ittifoqiga yetib borishdan oldin Qozog‘iston, Ozarboyjon, Gruziya va Turkiya orqali o‘tuvchi O‘rta yo‘lak xavfsizligiga tobora ko‘proq tahdid solmoqda. Bu yo‘lak so‘nggi yillarda Osiyodan Yevropaga yuklarni Rossiyani chetlab o‘tgan holda tashish uchun muhim muqobil yo‘nalishga aylangan edi. Dron hujumlari Yevropa Ittifoqi Bolgariyani Osiyodan O‘rta yo‘lak orqali tovarlar olib kiriladigan asosiy nuqtaga aylantirishga intilayotgan bir paytda sodir bo‘lmoqda. Joriy yilda YI ushbu savdo yo‘nalishiga katta umid bog‘lashini ma’lum qildi. Bu esa Bolgariyaning temiryo‘llari, avtomobil yo‘llari va portlariga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Ta’kidlash joizki, Qora dengizdagi savdo kemalariga uyushtirilayotgan ketma-ket hujumlar O‘rta yo‘lakning dengiz tarmog‘iga bevosita xavf tug‘dirmoqda. Osiyodan kelayotgan yuklar Kaspiy dengizi orqali kema va paromlarda, so‘ngra Ozarboyjon va Gruziya temiryo‘llari (shuningdek, avtomobil yo‘llari) orqali tashiladi. Gruziyaga yetkazilgan yukning bir qismi Boku–Tbilisi–Kars temiryo‘li orqali Turkiyaga, undan esa Bolgariyaga yo‘naltiriladi. Biroq yukning boshqa qismi qisqaroq yo‘nalish — Qora dengiz orqali Ruminiyaning Konstansa, shuningdek, Bolgariyaning Varna va Burgas portlariga tashilishi mumkin.

Bolgariya (Burgas/Varna) va Gruziya (Batumi/Poti) o‘rtasidagi parom qatnovi muntazam ravishda «Ro-Pax» kemalari orqali amalga oshirilib, hafta davomida yuk mashinalari, tirkamalar va vagonlarni tashishni ta’minlaydi. Biroq Burgas porti infratuzilmasi eskirgan va bu yuk tashish hajmini oshirishga to‘sqinlik qiladi.

Quruqlik orqali tashilayotgan yuklar Turkiya va Bolgariya o‘rtasidagi «Kapitan Andreyevo» chegara punktidan o‘tadi. Ushbu punkt shundoq ham Yevropadagi eng tirband nuqtalardan biri hisoblanadi va u yerda yuk mashinalari ko‘pincha uzun navbatlarda turib qoladi. Shu sababli yuklarning hech bo‘lmaganda bir qismini Gruziya portlaridan to‘g‘ridan-to‘g‘ri Konstansa, Varna va Burgas portlariga dengiz orqali tashish O‘rta yo‘lakning samaradorligini oshiradi.

Ushbu istiqbollarni hisobga olgan holda, Yevropa Ittifoqi Bolgariyaning port va temiryo‘l infratuzilmasini modernizatsiya qilishga sarmoya jalb etishni rejalashtirmoqda. Sentyabr oyida YIning kengayish masalalari bo‘yicha komissari Marta Kos strategik joylashuvi tufayli Bolgariyani «transport imkoniyatlari nuqtai nazaridan Yevropaga kirish darvozasi» deb atadi.

Ma’lumki, Rossiya-Ukraina urushi boshlanganidan so‘ng O‘rta yo‘lakka bo‘lgan qiziqish keskin ortdi va 2025 yilda bu yo‘nalish bo‘yicha yuk tashish hajmi 4,7 million tonnaga yetdi. Taqqoslash uchun, 2021 yilda bu ko‘rsatkich 1 million tonnadan kam edi.

Biroq yo‘lakni yanada rivojlantirish yo‘lida bir qator muammolar mavjud. Ulardan biri — infratuzilmani modernizatsiya qilish uchun sarmoya kiritish zarurati. «Global Gateway» dasturi doirasida Brussel Markaziy Osiyodagi infratuzilmani rekonstruksiya qilish, yuk tashish hajmini uch barobarga oshirish va 2030 yilga borib ushbu yo‘lak bo‘ylab tranzit vaqtini keskin qisqartirish (hozirgi vaqtda bu muddat o‘rtacha 15-21 kunni tashkil etadi) uchun davlat va xususiy sektordan 12 milliard yevro sarmoya jalb qilishni rejalashtirmoqda.

Bu mablag‘ avvalgi va’dalarga ham mos keladi. 2025 yil aprelida bo‘lib o‘tgan YI–Markaziy Osiyo sammitidan so‘ng Brussel Markaziy Osiyo uchun 12 milliard yevrolik alohida «Global Gateway» chora-tadbirlar paketini e’lon qilgan edi. Buning 3 milliard yevrosi 2024 yilda va’da qilingan 10 milliard yevroga qo‘shimcha ravishda O‘rta yo‘lak uchun ajratilgan. 23-iyun kuni Brussel Qora dengiz va Janubiy Kavkaz uchun transport infratuzilmasini rivojlantirish platforma ishga tushirdi.

Yana bir muammo — Kaspiy dengizi sathining keskin pasayib ketishi. Ushbu ekologik inqiroz O‘rta yo‘lak orqali yuk tashish hajmini oshirish rejalariga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Dengiz sathining pasayishi kemalarga odatdagidan kamroq yuk ortilishiga olib keladi. Ekologlarning prognozlariga ko‘ra, agar sayozlashish jarayoni to‘xtatilmasa, o‘rta muddatli istiqbolda Kaspiy portlari qirg‘oqdan bir necha kilometr ichkarida qolib ketishi mumkin.

Nihoyat, uchinchi muammo — Qora dengizda dron hujumlarining kuchayishi va bu bilan bog‘liq xavfsizlik xatarlaridir. 2022 yildan buyon O‘rta yo‘lak bo‘ylab yuk oqimining o‘sishi uni himoya qilish mexanizmlarining shakllanishidan ko‘ra tezroq yuz berdi. Bugungi kunda ekspertlar va Yevropa siyosatchilari yakdil fikricha, Yevropa Ittifoqi, NATO va yo‘nalishdagi ishtirokchi davlatlar o‘rtasida yagona havo hujumidan mudofaa tizimi, dengizni patrul qilish va xavfsizlikni muvofiqlashtirish yo‘lga qo‘yilmas ekan, yo‘lakni yanada kengaytirish qiyin bo‘ladi.

Bu masalalarning barchasi Bolgariyada bo‘lib o‘tadigan O‘rta yo‘lak bo‘yicha birinchi sammitda muhokama qilinishi rejalashtirilgan. Forum sanasi hali aniq emas, ammo u kelgusi yilning birinchi choragida bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. O‘tgan hafta Yevropa komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayenning Bolgariya va Ruminiyaga tashrifi chog‘ida ham asosiy mavzu Qora dengiz va O‘rta yo‘lakdagi xavfsizlik masalasi bo‘ldi. Tashrif arafasida Bolgariya Bosh vaziri Rumen Radev fon der Lyayen va NATO Bosh kotibi Mark Ryuttega Qora dengizdagi savdo kemalariga hujumlarning oldini olishda yordam so‘rab shaxsan murojaat qilgan edi.

Ushbu tashriflar yakunida Yevropa komissiyasi raisi Brussel savdo kemalariga hujumlarning oldini olish uchun 70 million yevro ajratayotganini e’lon qildi. Bu mablag‘ning 50 millioni Qora dengizda dengiz xavfsizligi markazi qurilishini tezlashtirishga yo‘naltiriladi.

Varnada u Varna va Konstansadagi (Ruminiya) obyektlardan foydalanadigan ushbu dengiz xavfsizligi markazi qurilishini yakunlashning aniq muddatlarini belgilashga chaqirdi. Shuningdek, Qora dengizdagi tijorat kemalari ishtirokida o‘lim bilan tugagan hodisalardan so‘ng, favqulodda vaziyatlarga chora ko‘rish salohiyatini kuchaytirish uchun Ruminiya va Bolgariyaning har biriga qo‘shimcha ravishda 10 million yevrodan beriladi.

Bolgariyaning «Novinite» nashri yozishicha, O‘rta yo‘lakning Qora dengiz tarmog‘ini rivojlantirish uchun xavfsizlik bilan bog‘liq xavf-xatarlarni kamaytirish o‘ta muhim ahamiyatga ega. Bu xatarlar sug‘urta badallarini keskin oshirib, yuk tashishning rentabelligini pasaytiradi.

Teglar

Mavzuga oid