O‘t o‘chirgichlar nosoz bo‘lib chiqmoqda

Kecha 18:323 daqiqa

So‘nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda odamlar xorijdan olib kelib sotilayotgan o‘t o‘chirish moslamalari, ya’ni ruschasiga aytganda ognetushitellar nosoz ekanliklarini aytib chiqishmoqda.

Videolardan ko‘rish mumkinki, sotib olgan haydovchilarning aksari sotuvchidan o‘t o‘chirgichni sotib olish jarayonida orginal moslama so‘raganda, ularga «orginalligiga emas, yaroqlilik muddatiga qarab olavering», degan mazmunda sotishgan. Yana bir shaxs esa boshqa bir shaxsning videosini ko‘rib o‘zidagi o‘t o‘chirgichni sinab ko‘radi va qarasa undagi datchik qismi nosozligi oshkor bo‘ladi.

Bunisi ham mayli, «Xudo ko‘rsatmasinu, yo‘lda ketayotganda birorta mashinada yong‘in kelib chiqsa yoki o‘zimizning ulovimiz shu ko‘yga tushsa biz nima qilamiz», deya o‘rinli arz qilishmoqda.

Ammo tanganing ikkinchi tomoniga nazar tashlaydigan bo‘lsak, bizdagi bazi bir haydovchilar ognetushitel va shu kabi vositalarni majburlikdan, aniqrog‘i «yo‘l patrul xizmati xodimi javobgarlikka tortmasin, qulog‘im tinch bo‘sin», deya mashinasiga solib qo‘yishadi.

Ko‘pgina xorijiy davlatlara o‘t o‘chiruvchilar yetib kelgunga qadar boshqa xaydovchilar o‘zlarining o‘t o‘chirish moslamasi bilan yong‘inni bartaraf qilish bilan mashg‘ul bo‘lishadi.

Bizda-chi?

Bordiyu katta yo‘lda biror kimsaning mashinasi yonayotgan bo‘lsa, qolgan mashina egalari ularga yordam beradimi? Balki yordam beradiganlari ham bordir, biroq negadir yo‘llarda qariyb ko‘zimiz tushmaydi undaylarga.

Bu ham o‘t o‘chirish moslamasi yong‘in chiqqan pallada uni o‘chirish, birovlarga bo‘lsa ham shoshilinch yordam berish vositasi ekanidan ko‘ra ko‘proq YPX xodimi mobodo so‘rab qolsa ko‘rsatiladigan matohga aylanib qolganini bildiradi. Pul sarflab xarid qilingan narsani birov uchun ishlatishni esa ko‘pchilik o‘ziga ep ko‘rmaydi.

Yuqoridagi xolat bo‘yicha Favqulodda vaziyatlar vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda sifatsiz o‘t o‘chirgichlar savdosi bilan bog‘liq holatlar ko‘paygani sababli fuqarolarni ogohlantirdi. Xususan, haydovchilar xarid qilayotgan ayrim o‘t o‘chirgichlarning amalda ishlamasligi hamda ularga soxta manometrlar o‘rnatilgani aniqlanayotgani qayd etildi.

Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, bunday muammolar asosan OP-1 turidagi kukunli o‘t o‘chirgichlarda uchramoqda. Ayrim mahsulotlarda haqiqiy bosim ko‘rsatkichlari o‘rniga plastmassadan tayyorlangan, faqat tashqi ko‘rinish uchun qo‘yilgan soxta indikatorlar ishlatilgani aniqlangan. Bu esa favqulodda vaziyat yuzaga kelganda o‘t o‘chirgichning ishlamasligiga olib kelishi mumkin.

FVV fuqarolarga sifatsiz mahsulotlardan ehtiyot bo‘lish uchun bir qator tavsiyalar ham berdi. Jumladan, o‘t o‘chirgich xarid qilayotganda uning manometri va ishga tushirish mexanizmi metall materialdan tayyorlanganiga e’tibor qaratish lozim. Shuningdek, OP-1 turidagi o‘t o‘chirgichning og‘irligi kamida 1 kilogramm bo‘lishi, manometr ko‘rsatkichi esa yashil hududda turishi kerak.

Vazirlik ta’kidlashicha, o‘t o‘chirgichlar yong‘in xavfsizligini ta’minlashda muhim vosita hisoblanadi. Ularning talabga javob bermasligi esa inson hayoti va mol-mulkiga jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin. Shu bois fuqarolarga o‘t o‘chirgichlarni faqat ishonchli sotuvchilardan xarid qilish, sotuvchidan muvofiqlik sertifikati hamda texnik hujjatlarni talab qilish tavsiya etildi.

Ozodbek Azizovich: O‘zbekistonda haydovchilar transport vositasida o‘t o‘chirgich hamda boshqa xavfsizlik vositalarini olib yurishi bo‘yicha amaldagi qoidalarni ko‘rib chiqsak.

O‘zbekiston amaldagi Yo‘l harakati qoidalari bo‘yicha: dori-darmon qutisi, maxsus nimcha, o‘t o‘chirgich va favqulodda to‘xtash belgisi kabi majburiy vositalar yo‘q bo‘lgan transport vositasi haydovchisiga nisbatan ma’muriy jazo qo‘llanishi mumkin. Bu Qoidaning 125-moddasi, 2-qismida aks ettirilgan.

2026-yilda kuchda bo‘lgan jarima ro‘yxatiga ko‘ra, o‘t o‘chirgich yo‘qligi ham bazaviy hisoblash miqdorining yarim barobari — ya’ni 206 ming so‘m jarimaga sabab bo‘ladi. Haydovchi o‘z avtomobilida ushbu vositani olib yurmasa bu ma’muriy huquqbuzarlik deb hisoblanadi.

Teglar

Ozodbek Abdumo‘minov

Ozodbek Abdumo‘minovMaqolalar soni: 4

Barchasi

Mavzuga oid