Logo

«O‘zbekfilm»ning 1 mlrd so‘mlik soliq qarzi to‘landi

Kecha 21:351 daqiqa

Kinematografiya agentligi direktori Jahongir Ahmedovning ma’lum qilishicha, endi asosiy e’tibor xodimlarning 3 milliard so‘mdan ziyod oylik maosh qarzini to‘lashga qaratiladi.

«O‘zbekfilm»ning 1 mlrd so‘mlik soliq qarzi to‘landi © Wikimedia

«O‘zbekfilm» kinostudiyasining 1 milliard so‘mdan ortiq soliq qarzi to‘liq qoplandi. Shu bilan birga, auksionga chiqarilishi arafasida turgan 12 ta avtomobil ham kinostudiya ixtiyoriga qaytarildi.

Bu haqda Madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari — Kinematografiya agentligi direktori Jahongir Ahmedov ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, endi asosiy e’tibor xodimlarning 3 milliard so‘mdan ortiq to‘planib qolgan ish haqi qarzini qoplashga qaratiladi.

Ahmedovning ta’kidlashicha, «O‘zbekfilm» zimmasida 22 million yevro kredit qarzi saqlanib qolmoqda.

«Kinostudiyani o‘zining 10 gektarlik yer maydoni bilan birga garovdan ozod qilish, kredit majburiyatini hal etish bo‘yicha Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda jiddiy ish olib boryapmiz», — deydi u.

Qarzlardan chiqish boshlandi

Jahongir Ahmedov 20-avgustda «O‘zbekfilm»da 22,9 million yevro kredit majburiyati mavjudligini aytgan edi. Kredit ta’minoti sifatida studiyaning mol-mulki, jumladan, yer maydonlari ham garovga qo‘yilgan.

O‘sha paytda qariyb 1 milliard so‘mlik soliq qarzi tufayli 12 ta avtomobilning 12 kun ichida auksionga qo‘yilishi xavfi borligi bildirilgan. Hozirda bu muammo bartaraf etilgan.

Ahmedovning qayd etishicha, keyingi vazifa xodimlar oldidagi ish haqi qarzini uzishdir. Keyin esa kinostudiyani 10 gektarlik yer maydoni bilan birga garovdan ozod qilish va kredit majburiyatini hal etish masalasi turibdi.

Teglar

Mavzuga oid