«O‘zbekfilm»ning 22,9 mln yevro kredit majburiyati borligi sabab kinostudiyaning mol-mulki va yer maydonlari garovga qo‘yildi
Madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosariga ko‘ra, «O‘zbekfilm»ning soliqlardan qariyb 1 milliard so‘mdan ortiq qarzdorligi bor. Shu sababli kinostudiya balansidagi 12 ta avtomashinaning 12 kun ichida autsionga qo‘yilish xavfi mavjud. Xodimlarning ish haqlari bo‘yicha ham yirik qarzdorliklar shakllangan.
© Wikimedia«O‘zbekfilm» kinostudiyasining 22,9 million yevro miqdorida kredit majburiyati borligi sabab studiyaning mol-mulki, jumladan, yer maydonlari ham ushbu kredit uchun garovga qo‘yilgan. Bu haqda madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari — Kinematografiya agentligi direktori Jahongir Ahmedov o‘zining Telegram sahifasida ma’lum qildi.
U «O‘zbekfilm» asrab qolish eng muhim vazifa ekanini yozgan. Qolaversa, muammolar juda ko‘pligini urg‘ulagan.
«Lekin bugun ularning hammasini birma-bir sanab o‘tirishni lozim topmadim. Chunki hozir hal qilinishi kerak bo‘lgan eng muhim masala — “O‘zbekfilm”ni asrash va uni garovdan xalos qilish», — deydi vazir o‘rinbosari.
Vazirlik mulozimining yozishicha, «O‘zbekfilm»ning soliqlardan qariyb 1 milliard so‘mdan ortiq qarzdorligi bor. Shu sababli kinostudiya balansidagi 12 ta avtomashinaning 12 kun ichida auksionga qo‘yilish xavfi mavjud. Xodimlarning ish haqlari bo‘yicha ham yirik qarzdorliklar shakllangan.
Ahmedovning ta’kidlashicha, kinostudiya bir yilda kamida 60 milliard so‘mlik buyurtma bajarmasa, o‘zini saqlab turolmaydi. Ya’ni u amalda davlat buyurtmasiga qaram bo‘lib qolgan.
«Biznes modeli yo‘q. Bozor mexanizmiga to‘liq o‘tilmagan. Bu — oddiy raqamlar emas. Bu raqamlar ortida asrlik o‘zbek kinosi tarixi, uning obro‘si va taqdiri turibdi. “O‘zbekfilm”da ne-ne buyuk rejissyorlar, aktyorlar, operatorlar, rassomlar va kino mutaxassislari o‘z yo‘lini boshlagan. Xalqimiz bugun ham sevib tomosha qiladigan ko‘plab filmlar shu yerda yaratilgan.
Shuning uchun bugungi vazifa — studiyani shunchaki saqlab qolish emas. Uni tubdan isloh qilish kerak», — deydi mulozim.
Bundan tashqari, Kinematografiya agentligi direktori moliyaviy jihatdan barqaror, zamonaviy boshqaruvga ega, kuchli ijodiy jamoalarni birlashtiradigan, xususiy investitsiya va xalqaro hamkorlikni jalb qiladigan, o‘z mahsuloti bilan bozorga chiqadigan haqiqiy milliy kino kompaniyasi barpo etish kerakligini bildirgan.
Vaqt.uz vazir o‘rinbosarining posti yuzasidan ma’lumot olish uchun «O‘zbekfilm» matbuot kotibi Muborak Mamutova bilan bog‘landi. Uning aytishicha, tashkilotda oyliklarni kechiktirib berish holatlari bo‘lib turibdi. Tashkilot so‘zlovchisi qolgan vajlar bo‘yicha ma’lumotni rahbar roziligisiz bera olmasligini bildirdi. Tahririyat tashkilot rahbariyatiga so‘rov yubordi, ammo «O‘zbekfilm» javoblar yo‘llamadi.





