O‘zbekiston aholisi asosan qaysi sohalarda faoliyat yurityotgani ma’lum qilindi
O‘zbekistonda band aholi asosan qishloq xo‘jaligi, xizmatlar va sanoat sohalarida faoliyat yuritmoqda.
© Vaqt.uz | Javhar ChorshanbiyevaMilliy statistika qo‘mitasi O‘zbekiston aholisining iqtisodiy faoliyat turlarini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, mehnat bozori tarkibi bo‘yicha band aholining eng katta qismi qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligi sohasiga to‘g‘ri kelmoqda. Ushbu tarmoqda 3 million 132,6 ming nafar kishi mehnat qilayotgani qayd etilgan. Bu mamlakat iqtisodiyotida agrar sektorning hali ham muhim o‘rin tutayotganini ko‘rsatadi.
Xizmatlar sohasi ham aholini ish bilan ta’minlashda yetakchi yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. Xususan, «boshqa turdagi xizmatlar» yo‘nalishida 2 million 661,8 ming kishi faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, ulgurji va chakana savdo hamda transport vositalarini ta’mirlash sohasida 1 million 507,9 ming nafar band.
Sanoat tarmoqlari orasida ishlab chiqarish sanoati 1 million 699,6 ming ishchi bilan alohida o‘rin tutadi. Qurilish sohasida esa 1 million 450,5 ming kishi mehnat qilmoqda. Bu ko‘rsatkichlar mamlakatda infratuzilma va industrial rivojlanish sur’atlari yuqori ekanini anglatadi.
Ijtimoiy sohalarda faoliyat yurityotgan fuqarolar
Ijtimoiy sohalarda ham sezilarli bandlik kuzatiladi. Ta’lim tizimida 1 million 367,6 ming, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlarda esa 719,4 ming kishi ishlaydi. Davlat boshqaruvi va mudofaa sohalarida 637 ming nafar aholi band.
Qolgan sohalarda bandlik nisbatan kamroq ulushni tashkil etadi. Masalan, axborot va aloqa sohasida 108,8 ming, moliyaviy va sug‘urta faoliyatida 82,9 ming kishi ishlaydi. Energetika, ko‘chmas mulk, madaniyat va tog‘-kon sanoati kabi yo‘nalishlarda esa bandlik 50–70 ming atrofida shakllangan.
Umuman olganda, ma’lumotlar O‘zbekiston iqtisodiyotida xizmatlar va qishloq xo‘jaligi ustunlik qilayotganini, sanoat va ijtimoiy sohalar esa barqaror o‘sishda davom etayotganini ko‘rsatadi.




