Logo

O‘zbekiston BMTning ilmiy muassasalari bilan suv sohasida hamkorlikni kengaytiradi

Bugun 13:401 daqiqa

Sohada qo‘shma ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish, akademik almashinuv va malaka oshirish dasturlarini yo‘lga qo‘yish, shuningdek, O‘zbekistonning suv sohasidagi tajribasini xalqaro miqyosda keng targ‘ib qilish muhokama qilindi.

O‘zbekiston BMTning ilmiy muassasalari bilan suv sohasida hamkorlikni kengaytiradi

Butunjahon suv haftaligi — «World Water Week 2026» doirasida Prezident administratsiyasi rahbari o‘rinbosari Timur Butunboyev BMT Universitetining Suv resurslari, atrof-muhit va salomatlik instituti (UNU-INWEH) direktori, professor Kave Madani bilan uchrashdi.

Muloqot avvalgi Nyu-York uchrashuvida erishilgan kelishuvlarning mantiqiy davomi bo‘ldi. Tomonlar qo‘shma ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish, akademik almashinuv va malaka oshirish dasturlarini yo‘lga qo‘yish, shuningdek, O‘zbekistonning suv sohasidagi tajribasini xalqaro miqyosda keng targ‘ib qilish masalalarini muhokama qildi.

Uchrashuvda prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida suv masalasi O‘zbekiston davlat siyosatining strategik ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangani ta’kidlandi. Sohada barqaror moliyalashtirish, kadrlar tayyorlash, raqamlashtirish va innovatsiyalarni joriy etish yagona davlat siyosati doirasida olib borilmoqda.

Buning natijasida suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish, suv xo‘jaligini raqamlashtirish va infratuzilmani modernizatsiya qilish bo‘yicha salmoqli amaliy natijalarga erishilmoqda.

Tomonlar UNU-INWEH bilan hamkorlikni aniq va o‘lchab bo‘ladigan natijalarga yo‘naltirish, jumladan, qo‘shma ilmiy va amaliy loyihalarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratdi.

Shuningdek, O‘zbekiston tajribasini BMTning Suv konferensiyasi doirasidagi global tashabbuslarda ilgari surish, suv tanqisligi sharoitida ilm-fan, zamonaviy texnologiyalar va samarali boshqaruvga asoslangan yechimlarni xalqaro miqyosda tatbiq etish istiqbollari ko‘rib chiqildi.

Teglar

Mavzuga oid