add

O‘zbekiston diplomi bilan to‘rtta davlatda ishlash mumkin bo‘ladi

Kecha 09:556561 Daqiqa

Markaziy Osiyo davlatlari oliy ta’lim diplomlarini o‘zaro tan oladi. Endi bitiruvchilar qo‘shimcha rasmiylashtirishsiz MO mamlakatlarida ishlashi yoki o‘qishni davom ettirishi mumkin.

O‘zbekiston diplomi bilan to‘rtta davlatda ishlash mumkin bo‘ladi

Markaziy Osiyo mamlakatlari oliy ta’lim sohasida hamkorlikni chuqurlashtirish maqsadida diplomlarni o‘zaro e’tirof etish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bu haqdagi loyiha Qozog‘iston hukumati tomonidan e’lon qilindi.

Qozog‘iston hukumatining 2025 yil 12-noyabrdagi qarori bilan hujjat rasman tasdiqlangan. Qolgan davlatlarda ham hujjat mavjud tartibda ma’qullangan.

Kelishuvning asosiy maqsadi — diplomlarni qayta tasdiqlash, qo‘shimcha ekspertiza yoki nostrifikatsiya talablarini qisqartirish orqali bitiruvchilarning mintaqada erkin harakatlanishini ta’minlashdan iborat.

Kelishuvga ko‘ra, O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston ishtirokchi mamlakatlarning barcha oliy o‘quv yurtlari diplomlarini - mutaxassislik, ta’lim yo‘nalishi va malakasini hisobga olgan holda tan oladi. Qozog‘iston esa faqat dunyoning eng yaxshi 1000 talikka kirgan universitetlar diplomiri tan olishini aytgan.

Shu bilan birga, barcha davlatlarda ayrim hollarda diplomni tan olish rad etilishi mumkin. Bunday holatlarga hujjatlar to‘liq topshirilmagani, ilova mavjud emasligi, ma’lumotlarda ziddiyatlar yoki diplomning haqqoniyligi tasdiqlanmagani kabi omillar kiradi.

Mintaqaviy kelishuv xalqaro ta’lim siyosatidagi yangilanishlar bilan hamohang ishlamoqda. Jumladan, O‘zbekiston yaqinda Oliy ta’lim malakalarni tan olish bo‘yicha Global konvensiyaga qo‘shilgan, Qozog‘iston esa Osiyo-Tinch okeani mintaqasiga oid malakalarni tan olish konvensiyasini ratifikatsiya qilgan.

Teglar

Mavzuga oid