add

O‘zbekiston oliygohlarida biznes-ta’limga AMBA akkreditatsiyasi joriy qilinadi

29.11.2025 | 20:182092 daqiqa

Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi delegatsiyasi Londonda o‘tkazgan muzokaralarda O‘zbekiston OTMlari biznes-ta’lim dasturlarini AMBA xalqaro standartlari asosida baholash va akkreditatsiyadan o‘tkazish bo‘yicha muhim kelishuvga erishildi.

O‘zbekiston oliygohlarida biznes-ta’limga AMBA akkreditatsiyasi joriy qilinadi

Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi delegatsiyasining Londonga amalga oshirgan tashrifi O‘zbekiston oliy ta’lim tizimida biznes-ta’lim dasturlarini xalqaro mezonlar asosida baholash yo‘nalishida yangi bosqichni boshlab berdi. Safar davomida mamlakat OTMlari uchun AMBA xalqaro akkreditatsiyasini joriy etish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Mazkur kelishuv biznes-ta’limni global talablarga moslashtirish va bitiruvchilar raqobatbardoshligini oshirishga qaratilgan muhim qadam sifatida qayd etilmoqda.

O‘zbekiston delegatsiyasi Londonda o‘tgan «Going Global» xalqaro konferensiyasida ishtirok etdi. «Education for Transformation» mavzusida o‘tgan anjumanda 80 dan ziyod davlatdan vazirliklar, agentliklar va universitetlar vakillari ta’limni boshqarish, xalqaro sherikliklar va transmilliy ta’lim sifatini ta’minlash masalalarini muhokama qildi. O‘zbekiston tomoni bu yo‘nalishlardagi tajriba va yangilanishlarga oid takliflari bilan ishtirok etdi.

Safar davomida Ta’lim sifati agentligi vakillari AMBA & BGA, QAA, Ofqual hamda Cambridge University Press & Assessment kabi yetakchi tashkilotlar bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazdi. Jumladan, AMBA & BGA bosh ijrochi direktori Endryu Meyn Uilson bilan muloqotda O‘zbekiston OTMlarida biznes-ta’lim dasturlarini AMBA standartlari asosida akkreditatsiyadan o‘tkazish imkoniyatlari atroflicha ko‘rib chiqildi. Unda o‘quv dasturlarini baholash mezonlari, kadrlar malakasini oshirish va xalqaro indikatorlarni milliy tizimga integratsiya qilish masalalari muhokama etildi.

Uchrashuvlar yakunida Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi hamda AMBA & BGA o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolandi. Hujjatga ko‘ra, AMBA O‘zbekistonda xalqaro akkreditatsiya agentligi sifatida rasman tan olinadi. Shuningdek, uning ko‘magida treninglar, vebinarlar va ekspert almashinuvi dasturlari yo‘lga qo‘yiladi.

Teglar

Mavzuga oid