Logo

O‘zbekiston – Qozog‘iston chegarasida kilometrlab tirbandlik yuzaga keldi

Bugun 09:302 daqiqa

Ayni vaqtda ikki davlat o‘rtasidagi chegara o‘tkazish punktlari odatiy tartibda ishlamoqda.

O‘zbekiston – Qozog‘iston chegarasida kilometrlab tirbandlik yuzaga keldi © informburo.kz

Bugun, 20-noyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Qozog‘istonning O‘zbekiston bilan chegarasidagi bojxona postlarida yuk mashinalari to‘planib qolgani aks etgan video tarqaldi. Biroq mazkur tasvirlar bir necha kun avval olingan bo‘lib, ayni vaqtda ikki davlat o‘rtasidagi chegara o‘tkazish punktlari odatiy tartibda ishlamoqda. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi matbuot kotibi Husan Tangriyev o‘zining «Telegram»-kanalida ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, Qozog‘istonning Turkiston viloyati Davlat daromadlari departamenti O‘zbekiston bilan chegaradagi o‘tkazish punktlarida yuk mashinalari navbati haqida har 24 soatda ma’lumot berib bormoqda.

Departament ma’lumotiga ko‘ra, 20-noyabr kuni soat 09:00 holatida «B. Qonisboyev» avtomobil o‘tkazish punktida 100 ta yuk mashinasi navbatda turgan. Mazkur postga tutash O‘zbekistonning «Yallama» chegara bojxona punkti orqali esa bir sutkada 1,5 mingdan ziyod yuk avtomobili harakatlanmoqda.

Ma’lum qilinishicha, joriy yilda O‘zbekiston va Qozog‘iston chegara o‘tkazish punktlari orqali harakatlanayotgan yuk avtomobillari soni sezilarli darajada oshgan. Xususan, 2021 yilda ikki davlat chegara-bojxona postlari orqali bir sutkada 1 165 ta yuk mashinasi o‘tgan bo‘lsa, 2026 yil noyabr oyiga kelib bu ko‘rsatkich 3 130 taga yetgan. Bu qariyb 2,7 barobar o‘sishni anglatadi.

Qo‘mitaga ko‘ra, videolarda aks etgan yuk mashinalarining asosiy qismini ikki davlat hududi orqali tranzit tarzida harakatlanayotgan transport vositalari tashkil etadi. Bu, jumladan, Qozog‘istonning Xitoy bilan chegarasidagi «Xorgos» o‘tkazish punkti 24 soatlik ish rejimiga o‘tkazilgani bilan bog‘liq. Natijada Xitoydan tovar olib kirish jarayoni tezlashgan, O‘zbekiston orqali Turkmaniston, Tojikiston va boshqa davlatlarga tranzit yuk tashish hajmi ham oshgan.

Bundan tashqari, geosiyosiy va iqtisodiy vaziyat, shuningdek, boshqa an’anaviy savdo-logistika yo‘nalishlaridagi cheklovlar xalqaro yuk tashish yo‘nalishlarining qayta shakllanishiga sabab bo‘lmoqda.

Ayni paytda chegarada navbatlar yuzaga kelishining oldini olish maqsadida O‘zbekiston va Qozog‘iston bojxona xizmatlari o‘rtasida doimiy axborot almashinuvi va hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.

Teglar

Mavzuga oid