O‘zbekiston qurilish materiallari eksportini 5 mlrd dollarga yetkazmoqchi
Kelasi yildan budjet hisobidan amalga oshiriladigan qurilishlarda birinchi navbatda mahalliy mahsulotlardan foydalanish talabi joriy etiladi. Davlat xaridlari portalida mahalliy qurilish materiallari ishlab chiqaruvchilari uchun alohida savdo maydonchasi tashkil qilinib, ularga yiliga 15-20 trln so‘mlik bozor ochiladi. Bundan buyon yangi pardozbop tosh konlari «nol chiqindi» tamoyili asosida ishlash sharti bilan auksionga qo‘yiladi.
© Ijtimoiy tarmoqlarPrezident Shavkat Mirziyoyev 20-noyabr kuniToshkent viloyatining Parkent tumaniga tashrifi chog‘ida qurilish sanoati va turizm sohalarida faoliyat yuritayotgan investor va tadbirkorlar bilan uchrashuvda yangi eksport imkoniyatlariga to‘xtaldi.
Aytilishicha, so‘nggi o‘n yilda sohaga 12 milliard dollar investitsiya kiritilib, 5 mingdan ziyod zamonaviy korxona ishga tushirilgan. Joriy yilda ishlab chiqarish hajmi 2016-yildagi 7 trillion so‘mdan 65 trillion so‘mga, eksport esa 75 million dollardan 1,5 milliard dollarga yetishi kutilmoqda.
Mamlakatda har yili 50-55 milliard dollar investitsiya jalb etilayotgani qurilish mahsulotlari uchun katta ichki bozorni shakllantirayotgani haqida so‘z bordi. Qo‘shni va yaqin mintaqalarda ham bu mahsulotlarga yillik talab 50 milliard dollarga baholanayotgani aytildi.
Yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlarni ko‘paytirish, mahalliy developerlarni xorijiy tenderlarga olib chiqish va arzon hamda uzluksiz logistika zanjirlarini yaratish hisobiga eksportni yaqin yillarda 5 milliard dollarga yetkazish mumkinligi qayd etildi.
«Lekin hozirgi tez o‘zgaruvchan bozor sharoitida tadbirkorlar bilan yilda bir emas, kerak bo‘lsa, har oyda muloqot qilish zarur», — dedi prezident.
Bu borada vazirlar, tarmoq rahbarlari va hokimlar oldiga aniq talab qo‘yildi. Prezident matbuot kotibining yozishicha, qurilish materiallari ishlab chiqarishda asosiy vazifalardan biri — mahsulot sifati, dizayni va raqobatbardoshligini oshirish. O‘zbekistonda keramik plita, bazalt qoplama, qurilish oynasi va gazoblok kabi 161 turdagi mahsulot bo‘yicha ichki talabni qoplashga yetarli quvvatlar mavjud. Shunga qaramay, sifat va brend bilan bog‘liq kamchiliklar sabab yillik import 780 million dollarni tashkil etmoqda.
Masalan, keramik plita ishlab chiqarish quvvati ichki talabdan uch karra yuqori, biroq yirik o‘lchamli plitalar importiga har yili 25 million dollar sarflanmoqda. Lok-bo‘yoq, gulqog‘oz va energiya tejamkor oyna kabi sakkiz turdagi tayyor mahsulot importi esa 280 million dollarga yetgan.
Ushbu yo‘nalishda Turkiyaning «Betek» kompaniyasi bilan Zangiota tumanida 30 million dollarlik lok-bo‘yoq zavodi qurilishi boshlanayotgani ma’lum qilindi. Davlat rahbari hokimlardan iste’molchilar talabi va xalqaro brendlar imkoniyatini chuqur o‘rganib, yangi loyihalarni ilgari surishni talab qildi.
Yirik strategik loyihalarni mahalliy qurilish materiallari bilan ta’minlash
Jizzax viloyatidagi atom elektr stansiyasi qurilishida 2 milliard 200 million dollarlik qurilish materiallari ishlatilishi ko‘zda tutilgan. Shu bois, Egizbuloq mahallasidagi 200 gektar maydonda alohida soliq va bojxona rejimiga ega maxsus sanoat zonasi tashkil etiladi. Bu yerda stansiya qurilishi uchun zarur 70 turdagi yangi mahsulotlarni ishlab chiqarish vazifasi qo‘yildi.
Shuningdek, import o‘rnini bosuvchi va megaloyihalarda qo‘llaniladigan mahsulotlar bo‘yicha talabni tahlil qilib, 20 milliard dollarlik loyihalarning tarmoq jadvalini tasdiqlash topshirildi. Kelasi yildan yuqori qo‘shilgan qiymatli yangi mahsulotlar ishlab chiqarish loyihalari uchun ikki yillik imtiyozli davr bilan yillik 6 foiz stavkada 200 million dollar resurs ajratiladi. Korxonalarda energiya tejovchi uskunalar xarid qilish xarajatlarining 10 foizini, biroq 1 milliard so‘mdan oshmagan qismini qoplab berish mexanizmi ham joriy qilinadi.
Xomashyodan to‘liq foydalanish va chiqindilarni qayta ishlash
Mamlakatdagi 155 ta korxona yiliga 1 million tonna xomashyo qazib olayotgan bo‘lsa-da, uning 35-40 foizgacha qismi ishlab chiqarish chiqindisi sifatida qolmoqda. Ayniqsa, Nurota, G‘ozg‘on va Qo‘shrabotdagi konlar atrofida granit va marmar qoldiqlari to‘plangan.
Prezident rivojlangan davlatlar tajribasi asosida «nol chiqindi» tamoyilini keng joriy etish zarurligini qayd etdi. Bunday xomashyodan kompozit pol qoplamalari, sun’iy tosh plitalar va marmar kukuni kabi mahsulotlar tayyorlash mumkin. Mutasaddilarga bir oyda tadbirkorlarni jalb etib, pardozbop tosh konlari atrofida kamida 100 million dollarlik loyihalarni boshlash topshirildi. Bundan buyon yangi pardozbop tosh konlari «nol chiqindi» tamoyili asosida ishlash sharti bilan auksionga qo‘yiladi.
Qurilish tannarxini pasaytirish va davlat mablag‘laridan samarali foydalanish
Prezident matbuot xizmati tahlillariga ko‘ra, Jizzax, Navoiy va Xorazmda qurilayotgan ko‘p qavatli uylarning bir kvadrat metri tannarxi 3,5 million so‘mdan kam, Buxoro va Surxondaryoda esa 5 million so‘mdan yuqori. Ayrim hududlarda ma’muriy binolar qurilishi qiymati ham bir-biridan 1,5-2 barobar farq qilmoqda.
Bunday tafovutlarga ortiqcha vositachilar, loyiha va smetalarning qurilish davomida qayta-qayta o‘zgartirilishi sabab bo‘layotgani ta’kidlandi. Kelasi yildan budjet hisobidan amalga oshiriladigan qurilishlarda birinchi navbatda mahalliy mahsulotlardan foydalanish talabi joriy etiladi. Davlat xaridlari portalida mahalliy qurilish materiallari ishlab chiqaruvchilari uchun alohida savdo maydonchasi tashkil qilinib, ularga yiliga 15-20 trillion so‘mlik bozor ochiladi.
Ushbu tartibni strategik korxonalar va davlat kafolati ostidagi loyihalarga ham tatbiq etish vazifasi qo‘yildi. Qurilish tannarxi, mahalliy mahsulotlar ulushi va energiya samaradorligi yuzasidan qat’iy nazorat o‘rnatiladi.





