Logo

O‘zbekiston va Ozarboyjon pensiya tayinlashda ish stajini o‘zaro hisobga oladi

Bugun 15:552 daqiqa

Ikki davlat o‘rtasida yangi imzolangan bitimga ko‘ra, bir davlatdagi ish staji pensiya uchun yetarli bo‘lmasa, ikkinchi mamlakatda orttirilgan staj ham hisobga olinadi.

O‘zbekiston va Ozarboyjon pensiya tayinlashda ish stajini o‘zaro hisobga oladi © Vaqt.uz | Javhar Chorshanbiyeva

O‘zbekiston va Ozarboyjon fuqarolariga pensiya tayinlashda ikki davlat hududida orttirilgan ish stajini o‘zaro hisobga olish tartibi joriy etiladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev va Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev o‘rtasidagi muzokaralar yakunida imzolangan pensiya ta’minoti sohasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi bitim doirasida ma’lum qilindi.

Pensiya jamg‘armasining ta’kidlashicha, hujjat ikki davlatda mehnat faoliyatini amalga oshirgan fuqarolarning pensiya huquqlarini ta’minlashga qaratilgan. Bitimga muvofiq, O‘zbekiston va Ozarboyjonda orttirilgan ish staji pensiya olish huquqini aniqlashda inobatga olinadi.

Agar fuqaroning bir davlatdagi ish staji pensiya tayinlash uchun yetarli bo‘lmasa, ikkinchi davlatda orttirilgan tegishli ish staji ham qo‘shib hisoblanishi mumkin.

Har bir davlat o‘zinikini to‘laydi

Bitimga ko‘ra, har bir davlat fuqaroning o‘z hududida orttirgan ish staji uchun alohida javobgar bo‘ladi.

Ya’ni, umumiy ish staji pensiya huquqini yuzaga keltirish uchun qo‘shib hisoblanishi mumkin, ammo pensiya miqdori har bir davlatda alohida hisoblanadi. Davlatlar faqat o‘z hududida orttirilgan mehnat stajiga mutanosib ravishda pensiya tayinlaydi.

Yangi tartib fuqarolarning ikki mamlakatda ishlagan davrlarini pensiya masalasida yo‘qotmaslik imkonini beradi.

Shuningdek, fuqaro boshqa davlatga yoki uchinchi mamlakatga ko‘chib o‘tgan taqdirda ham tayinlangan pensiya kamaytirilmaydi, to‘xtatilmaydi yoki bekor qilinmaydi.

Fuqaroning arizasiga ko‘ra, pensiya uni tayinlagan davlatda to‘lanishi yoki ikkinchi davlat hududiga o‘tkazilishi mumkin.

Murojaatlar soddalashtiriladi

Pensiya tayinlash, qayta hisoblash yoki to‘lash bilan bog‘liq murojaatni fuqaro o‘zi yashayotgan davlatdagi tegishli muassasaga topshirishi mumkin.

Bitimda nazarda tutilgan holatlarda bunday murojaat ikkinchi davlatga ham berilgan deb hisoblanadi. Zarur ma’lumotlar va hujjatlar esa ikki davlatning vakolatli muassasalari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri yuboriladi.

O‘zbekiston va Ozarboyjonning mas’ul organlari pensiya tayinlash va to‘lash bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha axborot almashadi hamda o‘zaro amaliy yordam ko‘rsatadi.

Bitim tegishli ichki tartib-taomillar yakunlanganidan keyin kuchga kiradi. Uni amalda qo‘llashning tashkiliy va texnik mexanizmlari alohida Ma’muriy kelishuv orqali belgilanadi.

Teglar

Mavzuga oid