Logo

O‘zbekiston va Qozog‘iston transchegaraviy suvlarni birgalikda boshqaradi

Bugun 21:072 daqiqa

Qozog‘iston O‘zbekiston va Qozog‘iston hukumatlari o‘rtasida transchegaraviy suv obyektlarini birgalikda boshqarish va ulardan oqilona foydalanish to‘g‘risidagi bitimni ratifikatsiya qildi.

O‘zbekiston va Qozog‘iston transchegaraviy suvlarni birgalikda boshqaradi

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev O‘zbekiston va Qozog‘iston hukumatlari o‘rtasida transchegaraviy suv obyektlarini birgalikda boshqarish va ulardan oqilona foydalanish to‘g‘risidagi bitimni ratifikatsiya qilish haqidagi qonunni imzoladi.

Mazkur bitim 2025-yil 15-noyabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Hamroyev hamda Qozog‘iston suv resurslari va irrigatsiya vaziri Nurjan Nurjigitov tomonidan imzolangan edi. 2026-yil mart oyida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham uni tasdiqlagan.

Hujjat transchegaraviy suv resurslarini birgalikda boshqarish, ulardan oqilona foydalanish hamda ikki davlat foydalanadigan suv xo‘jaligi obyektlarining xavfsiz ekspluatatsiyasini ta’minlash bo‘yicha huquqiy asoslarni belgilaydi.

Hukumatlararo komissiya tuziladi


Bitimga muvofiq, O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida doimiy faoliyat yurituvchi hukumatlararo komissiya tashkil etiladi.

Ushbu komissiya umumiy daryolar, kanallar va suv omborlaridan foydalanish, davlatlararo gidrotexnika inshootlarini ekspluatatsiya qilish hamda ularning xavfsizligini ta’minlash masalalarini muvofiqlashtiradi.

Shuningdek, tomonlar suv xo‘jaligi sohasida axborot almashinuvini kuchaytirish, suv resurslarini boshqarish bo‘yicha harakatlarni muvofiqlashtirish va suv tanqisligi bilan bog‘liq xavflarni kamaytirishni rejalashtirmoqda. Bitim ehtimoliy kelishmovchiliklarning oldini olish uchun ham huquqiy mexanizm yaratadi.

Sirdaryo strategik ahamiyatga ega

O‘zbekiston va Qozog‘iston Markaziy Osiyoning eng muhim suv arteriyalaridan biri bo‘lgan Sirdaryo daryosi resurslaridan birgalikda foydalanadi. Ayniqsa, Qozog‘istonning Turkiston va Qizilo‘rda viloyatlari mazkur daryo suviga yuqori darajada bog‘liq.

Sirdaryo suvi ikki mamlakatda qishloq xo‘jaligi yerlarini sug‘orish, aholini ichimlik va texnik suv bilan ta’minlash, elektr energiyasi ishlab chiqarish hamda ekotizimlarni saqlashda muhim o‘rin tutadi.

So‘nggi oylarda Markaziy Osiyo davlatlari suv-energetika sohasida hamkorlikni faollashtirmoqda. Xususan, iyun oyida O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston yozgi mavsum uchun suv-energetika resurslaridan foydalanish bo‘yicha hujjatni imzolagan, may oyida esa Tojikiston, O‘zbekiston va Qozog‘iston «Bahri Tojik» suv omborining yozgi ish rejimini kelishib olgan edi.

Teglar

Mavzuga oid