Logo

O‘zbekiston va Xitoy to‘lov tizimlarini integratsiya qilish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda

Ikkita milliy to‘lov kompaniyasi Xitoyning WeChat va Alipay kabi to‘lov tizimlari bilan integratsiya qilinishi mumkin.

O‘zbekiston va Xitoy to‘lov tizimlarini integratsiya qilish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda © Foto: t.me/centralbankuzbekistan

O‘zbekiston va Xitoy to‘lov tizimlarini o‘zaro bog‘lash bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. Bu haqda Markaziy bank raisi Temur Ishmetov «Silk Road Finance & Technology Forum»i doirasida ma’lum qildi, deya xabar bermoqda «Vaqt.uz» muxbiri.

Forumda jurnalistlardan biri Markaziy bank raisiga O‘zbekiston va Xitoyning «Bir makon, bir yo‘l» tashabbusi va uning tarkibiy qismi sifatida ko‘rilayotgan «Raqamli Ipak yo‘li» (Digital Silk Road) bilan integratsiyasi qanchalik muhimligi haqida savol berdi.

Ishmetov savolga javob berar ekan, Xitoy bilan iqtisodiy aloqalar ko‘lami kengayib borayotgani ikki mamlakat o‘rtasidagi to‘lov infratuzilmasini ham rivojlantirishni talab qilishini ta’kidladi.

«Xitoy O‘zbekistonning eng yirik iqtisodiy hamkorlaridan biri bo‘lgani uchun ikki mamlakat o‘rtasidagi to‘lov tizimlarini integratsiya qilish masalasi tabiiy ravishda kun tartibiga chiqmoqda», – deydi u.

WeChat va Alipay bilan muzokaralar olib borilmoqda

Ishmetovning ma’lum qilishicha, O‘zbekistondagi ikkita milliy to‘lov kompaniyasi Xitoyning to‘lov kompaniyalari bilan integratsiya bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda.

Ular orasida WeChat va Alipay kabi to‘lov xizmatlari ham bor.

«Bizning ikkita milliy to‘lov kompaniyamiz bor, ularning ikkalasi ham xususiy. Ular allaqachon Xitoyning to‘lov kompaniyalari bilan integratsiya bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. Hech bo‘lmaganda WeChat, Alipay va boshqalar bilan», — dedi Ishmetov.

Uning ta’kidlashicha, Xitoydan O‘zbekistonga va O‘zbekistondan Xitoyga ko‘plab odamlar borib-keladi. Shu sababli to‘lovlarni amalga oshirishning qulay usullarini yaratish nafaqat fuqarolar, balki biznes uchun ham muhim.

 Markaziy bank jarayonni qo‘llab-quvvatlashga tayyor

Hozircha muzokaralarni Markaziy bankning o‘zi emas, balki bozor ishtirokchilari olib bormoqda.

«Bozorning o‘zi muzokaralar olib bormoqda va biz Markaziy bank sifatida qo‘llab-quvvatlaymiz va yordamimizni ko‘rsatishga tayyormiz», — dedi Ishmetov.

Eslatib o‘tamiz avvalroq Markaziy bankning O‘zbekiston bank tizimini Basel III va IFRS xalqaro standartlariga to‘liq moslashtirish rejalari haqida xabar bergan edik.

Teglar

Mavzuga oid