O‘zbekiston Xitoyning J-10CE qiruvchi samolyotlarini ilk bor namoyish qildi
O‘zbekiston Mudofaa vazirligi mustaqillikning 35 yilligiga bag‘ishlangan davlat tadbirida Xitoydan sotib olingan yangi qiruvchi samolyotlarni namoyish qildi.

O‘zbekiston Mudofaa vazirligi 30-avgust kuni mamlakat havo sarhadlarini qo‘riqlayotgan zamonaviy qiruvchi samolyotlarni ilk bor namoyish qildi.
Rasmiy xabarda samolyotlarning modeli ko‘rsatilmagan. Biroq ular Xitoyda ishlab chiqarilgan J-10 qiruvchisining eksport versiyasi — J-10CE ekani qayd etilmoqda. Shu paytga qadar O‘zbekiston ushbu samolyotlarni xarid qilganini rasman tasdiqlamagan edi. Xorijiy mudofaa nashrlari esa 2025-yildan buyon Toshkent Xitoy bilan ushbu samolyotlarni xarid qilish bo‘yicha muzokara olib borayotgani haqida xabar berib kelgan. Bu O‘zbekistonning mazkur samolyotlarni qabul qilgani haqidagi avvalgi xabarlarning birinchi ochiq tasdig‘i bo‘ldi.
Shu bilan birga, Mudofaa vazirligi samolyotlarning umumiy soni, shartnoma qiymati, yetkazib berish grafigi va texnik xususiyatlari haqida hozircha ma’lumot bermagan.
Ayrim manbalar O‘zbekiston 24 tagacha samolyot buyurtma qilgan bo‘lishi mumkinligini yozgan, ammo shartnoma parametrlari rasmiy tasdiqlanmagan.
J-10CE qanday samolyot?
J-10CYe — Chengdu J-10C qiruvchisining eksport versiyasi. Samolyot 4,5 avlodga mansub ko‘p maqsadli qiruvchi sifatida tasniflanadi. U AESA radari, zamonaviy avionika va elektron kurash tizimlari bilan jihozlangan. Samolyot havo va yerdagi nishonlarga qarshi qurollardan foydalanishi mumkin.

J-10CYening O‘zbekistonda paydo bo‘lishi mamlakat harbiy aviatsiyasi uchun muhim yangilik hisoblanadi. O‘zbekiston harbiy-havo kuchlarida uzoq vaqt sovet davrida ishlab chiqarilgan MiG-29 va Su-27 kabi qiruvchilar asosiy o‘rinni egallab kelgan.
J-10C oilasida AESA radari va zamonaviy avionikadan tashqari PL-10 qisqa masofali hamda PL-15 uzoq masofali havo-havo raketalaridan foydalanish imkoniyati mavjud. Bu uni havo jangi va boshqa vazifalar uchun ko‘p maqsadli samolyotga aylantiradi.
J-10CE hozircha Pokistonning asosiy xorijiy operatori bo‘lib kelgan. O‘zbekistonning samolyotlarni qabul qilgani tasdiqlanishi uni mazkur qiruvchining ikkinchi xorijiy operatoriga aylantiradi. Bangladesh ham J-10CE xaridi bo‘yicha Xitoy bilan muzokaralarni boshlash arafasida.





